Revgariy Xoja Orif
Revgariy Xoja Orif, Mohitobon (12-asr o’rtalari, Shofirkon tumani Revgar qishlog’i -1259) — xojagon naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi va nazariyotchilaridan biri. Bahouddin Naqshbandning ma’naviy ustozlaridan hisoblanadi. «Qutbul avliyo» (valiylar yo’lboshchisi) unvoni bilan mashhur. Abduxoliq G’ijduvoniydan tasavvuf ta’limotini o’rgangan. Tasavvufning o’zak jihatlari va nazariy masalalari haqida bahs yuritgan «Orifnoma» risolasini yozgan. Unda tasavvufning tavba maqomiga (soliqning avvalgi barcha gunohlaridan tavba qilib, kelajakda biror gunoh ishni qilmaslikka azmu qaror berishi) alohida e’tibor qaratilgan. Revgariy tavbani «Islom dinining tug’i» deb ta’riflagan. Ko’plab shogirdlar tayyorlagan. Ular orasida eng mashhuri Xoja Mahmud Anjir Fataviydir. Revgariy Shofirkon shahrida dafn etilgan. Qabri ustiga maqbara o’rnatilgan. Maqbara va uning atrofidagi masjid mustaqillik yillarida ta’mirlangan. Revgariy qabri ziyoratgoh hisoblanadi. As: Orifnoma, T., 1994. Ad.: Haqqul I., Xoja Orif Mohitobon, T., 1996; Hofiz tanish buxoriy, Abdullanoma [1kitob], T., 1999; Trimingem Dj. S, Sufiyskiy ordeni v islame, M., 1989.