Reynland pfals
Reynland pfals — Germaniya yeri. Reyn va uning irmoqlari havzasida, Slanesli Reyn tog’lari oralig’ida joylashgan. Frantsiya, Lyuksemburg va Belgiya bilan chegaradosh. Reynland pfals 30 avgust 1946 yilda tashkil etilgan. Maydoni 19,8 ming km2. Aholisi 4,04 million kishi (2001). Ma’muriy markazi — Mayns shahri. Geografik o’rnining qulayligi, hududidan yirik avtomobil, temir yo’l va suv yo’llari o’tganligi hamda 3 iqtisodiy rayon (Reynmayn, Reyn-Nekkar, Reynrur)ning yaqinligi sababli Reynland pfals iqtisodiyoti tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Iqtisodiyoti ko’p tarmoqli. Reynland pfalsda ishlab chiqariladigan mahsulotning 40% eksport qilinadi, ushbu ko’rsatkich bo’yicha GFRda 1-o’rinda. Kimyo sanoati rivojlangan, Lyudvigsxafenda Yevropada eng yirik kimyo korxonasi ishlab turibdi. Avtomobil sanoati uchun jihozlar, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Keramika, oziq-ovqat, oyna-shisha, ko’nteri sanoati korxonalari bor. Vinochilik va o’rmon sanoati markazi. Daryo vodiylarida tokzorlar barpo qilingan. Chorvachilik sut-go’sht va cho’chqachilikka ixtisoslashgan. Donli ekinlar, kartoshka, texnika ekinlari ekiladi. Katta maydonlarda o’rmonlar saqlangan. Yirik shaharlari: Lyudvigsxafen, Mayns, Koblents, Kayzerslautern, Trir va boshqalar. Tarixiy shaharlarida sobor, sinagoga, cherkov, qal’a, qasr va saroylar saqlangan. Muzeylar bor.