Reyting

Reyting (inglizcha rating) — 1) o’quvchi va talabalarning bilimini nazorat qilish va baholash usuli. O’zbekistonda uzluksiz ta’lim tizimining me’yoriy hujjati sifatida qabul qilingan. Umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun 1998-2003 yillarda joriy bo’lib kelgan. 2003 yildan maktablarning boshlang’ich sinflarida qayta qo’llanila boshladi. Reyting tizimi oliy ta’limda talabalar bilimini nazorat qilish va baholash uchun O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta mahsus ta’lim vazirligining 1999 yil 8 iyundagi, magistrlar bilimini nazorat qilish va baholash uchun 1999 yil 31 dekabrdagi buyrug’i bilan tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshiriladi. Unda semester bo’yicha muayyan fandan 55% dan kam ball to’plagan talaba akademik qarzdor, 56-70% ball to’plagan talaba «o’rta», 71-85% ball to’plagan talaba «yaxshi», 86% dan yuqori ball to’plagan talaba «a’lo» ko’rsatkichga ega hisoblanadi. Talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning Reyting tizimi nazoratning 3 turi (joriy, oraliq, yakuniy) da amalga oshirilib, ularning o’zlashtirishlarini muntazam nazorat etib borish, bilim sifatini baholashda xolislik, aniqlik va oshkoralikni ta’minlaydi; 2) faoliyat turining samaradorligi va nufuzini belgilovchi usul. Masalan, sport sohasida sportchi (komanda)ning Reyting ko’rsatkichi uning umumiy tasnifdagi o’rnini belgilab beradi (jahon professional tennischilar Reytingi, professional bokschilarning chempionlik uchun finalgacha bo’lgan Reyting janglari, futbol bo’yicha terma jamoalar hamda komandalar Reytingi, shaxmatchi yoki shashkachi yutuqlarining son bilan ifodalanadigan va musobaqalardagi natijalariga qarab o’zgarib turadigan shaxsiy ko’rsatkichi va hokazolar); 3) siyosat, madaniyat va boshqa sohalardagi taniqli arboblarning jamoatchilik fikrini o’rganish yo’li bilan aniqlanadigan mashhurlik darajasi.