Rezba

Rezba (ruscha rezat — kesmoq so’zidan) — har xil shaklli detallarning ichki yoki tashqi sirtiga o’yilgan ariqcha va bo’rtmalar. Mashina detallari, mexanizmlar, asboblar, apparatlar, inshootlarning qismlari va detallarni biriktirish uchun ishlatiladi. Ariqcha va bo’rtmalarning shakliga qarab, uchburchak, to’g’ri to’rtburchak, trapeseidal, tirak, truba; o’lchov tizimiga ko’ra, metrik va dyuym; kirim soniga qarab, 1,2 va ko’p kirimli; detalning o’iilgan sirtiga va yo’nalishiga qarab, tashqi (vint, Bolt va boshqalar) va ichki (gayka) xillarga, o’ramning yo’nalishiga (chapdan o’ngga yoki o’ngdan chapga) qarab, o’naqay va chapaqay xillarga bo’linadi. Rezbaning ikki qo’shni bo’rtmasi yoki ariqchasi orasidagi masofa (S) Rezba qadami deyiladi. U o’zgarmas (ravon) va kattalashib boradigan bo’lishi mumkin. Rezbani qo’lda (plashka, metchik bilan), metall kesish stanoklarida (maxsus moslama — kesish kallagi o’rnatib), o’yish va kesish stanoklarida ochish mumkin. Rezba o’yish stanogi bosym ta’sirida tashqi Rezba o’yish uchun ishlatiladi. Yassi va dumaloq qurolli xillari bor. Bunda zagotovka sirtidan qirindi olinmaydi. Rezba metal kesish stanogida tashqi hamda ichki Rezba kesish mumkin. Bunda plashka yoki keskichlar yordamida zagotovka sirtidan kirindi olinadi. Rezba qirqish keskichlari o’rnatilgan kallaklar bilan Rezba ochishning uyurma usuli keng tarqalgan. Bu usulda kallaklar detalga nisbatan ekstsentrik tarzda joylashtiriladi. Detal kallakning bir aylanishiga mos ravishda Rezba qadamiga teng o’q bo’yicha suriladi. Rezba elementlari (tashqi, ichki va o’rta diametri, qadami va boshqalar) Rezba o’lchash asboblari va qurollari yordamida tekshiriladi. Bular: kalibrlar, mikrometr, rezbomer, Rezba andazalari, sinus lineykalar, mikroskop, optimetr, proektor va boshqalar.