Rezina buyumlar

Rezina buyumlar — rezina ishlatib tayyorlanadigan mahsulotlar. Mashina detallari va agregatlari tayyorlashda, xalq xo’jalik iste’molida ishlatiladi. Rezina buyumlar texnik buyumlar va poyabzallarga bo’linadi. Rezina texnik buyumlar (RTB)ga qolipga quyib olinadigan buyumlar, qolipga quymasdan olinadigan buyumlar, transportyor lentalari, tasmalar, rezina quvurlar va boshqalar kiradi. Qolipga quyib olinadigan RTB ga qistirmalar, zichlagichlar (salniklar, halqalar, chang, suv, moy o’tkazmaydigan qopqoqchalar, rezinametall amortizatorlar va boshqalar) kiradi. Bular pressqolipta rezina aralashmasini quyib, so’ngra vulkanizasiya qilib yoki bosim ostida quyib olinadi. Qolipga quymasdan olinadigan RTBga, asosan, avtomobil, samolyot, temir yo’l vagonlarining oynalarini zichlashda, bino panellari orasini zichlashda ishlatiladigan buyumlar kiradi. Ular turli uzunlik va ko’ndalang kesimli qilib tayyorlanadi. Transportyor lentalari turli ishlarga mo’ljallangan konveyerlarning elementi hisoblanadi. Lentalar, asosan, matolar qo’shib tayyorlanadi. Juda mustahkam lentalar latunli po’lat tros bilan armaturalanadi. Tasmalar avtomobil dvigatellarida, qishloq xo’jalik mashinalari, turli sanoat qurilmalaridagi tasmali uzatmanpng egiluvchan elementi bo’lib, yassi va ponasimon xillarga bo’linadi. Yassi tasma transportyor lentalarga o’xshash rezinagazlama plastinkadan ko’p qatlamli kilib tayyorlanadi. Ponasimon tasmalar trapesiodal kesimga ega bo’lib, rezina qatlam tasmaning yetakchi qatlami va trapesiyaning kichik asoslari orasida bo’ladi, tasmaning tashqi qismi mato bilan qoplanadi. Gaz, suyuqlik, sochiluvchan materiallar va boshqalarni ortiqcha bosim yoki vacuum bilan uzatishda egiluvchan rezina quvurlar ishlatiladi. Bunday quvurlar rezinadan orasiga mato armatura qo’yib tayyorlanadi. Rezina buyumlar jumlasiga rezina poyabzallar ham kiradi. Ular yelimlab, shtamplab, qolipga quyib tayyorlanishi mumkin. Rezina poyabzallar oyoqlarni namdan, zararli muhitlardan, past temperaturadan, shikastlanishdan asraydi. Ular, asosan, ish poyabzali hisoblanadi.