Rid Tomas Mayn
Rid Tomas Mayn (1818.4.4, Ballironi, Irlandiya — 1883.22.10, London) — ingliz yozuvchisi. 1838-40 yillarda AQShda yashab, jurnalistika bilan shug’ullangan. AQShning Meksika bilan urushi (1846-48)da qatnashgan. 1848 yil inqiloblari ta’sirida Yevropaga kelib (1849), Venger xalqining milliy ozodlik uchun kurashida ishtirok etgan. Ridning «Erkin o’qchilar» romanida (1850) meksikaliklarning bosqinchilarga qarshi olib borgan kurashi o’z ifodasini topdi. Shundan keyin uning AQSh Janubdagi qul savdosi dahshatlari haqida hikoya qiluvchi «Kvarteronka» (1856), hindularning mustamlakachilarga qarshi olib borgan kurashlarini aks ettiruvchi «Oq tanli yo’lboshchi» (1855) va «otseola, seminollar yo’lboshchisi» (1858) romanlari maydonga keldi. Rid romanlarida Osiyo, Afrika va Amerika mamlakatlaridagi o’simlik va hayvonlar olamining badiiy tasviri keng o’rin egallaydi («Janubiy Afrika chakalakzorlarida yoki bir dehqon va uning oilasi sarguzashtlari» trilogiyasi, 1856; «O’simlik ishqibozlari», «yosh ovchilar», 1859; «qoyaga chiquvchilar», 1864; «Jirafa ovlovchilar», 1867). Ridning 70-80-yillarda yaratgan «ajal o’qi» (1873), «ofat belgisi» (1876), «g’oyib bo’lgan tog'» (1883) singari romanlarida avantyura adabiyotining ta’siri katta. «Boshsiz chavandoz» (1866) romani nafaqat Ridning, balki jahon sarguzasht-avantyura adabiyotining mumtoz namunasi sifatida e’tirof etilgan va ko’plab tillarga tarjima qilingan. Mazkur asarda Texas aholisi maishiy va ma’naviy hayotining realistik manzaralari o’zining yorqin in’ikosini topgan. Rid romanlarida tasvirlangan ijtimoiy va ma’naviy masalalar, irodali va matonatli qahramonlar, qiziqarli va shiddatli syujet hanuzga qadar kitobxonlar ommasini maftun etib keladi. As: Sochineniya, t. 16, M., 1956-58; Boshsiz chavandoz, T., 1957.