Rim huquqi

Rim huquqi — qadimgi Rim huquq tizimi. Xususiy huquq va umumiy huquqni o’z ichiga olgan. Unda mulkiy munosabatlar, ashyoviy huquqlar, turli bitimlar, shartnomaga asoslangan va asoslanmagan majburiyatlar, meros huquqi va boshqa masalalarga oid qoidalar mukammal ishlab chiqilgan. Rim imperiyasining yuksalishi, uning boshqa davlatlarni bosib olishi bilan faqat Rimliklarga tegishli bo’lgan bu qonun-qoidalar talabga javob bermay qo’ydi. Buning ustiga nafaqat Rimda, shuningdek, Yevropa mamlakatlarida ham tovar-pul munosabatlarining jadal rivojlanishi, birinchi galda, turli davlatlar fuqarolari o’rtasidagi mulkiy, savdosotiq munosabatlariga tegishli qoidalarni qayta ko’rib chiqishni talab qilardi. Bu yangi Rim huquqi tarkibida xalqlar huquqi tizimining paydo bo’lishiga olib keldi. Ushbu huquq rimliklar va rimlik bo’lmagan shaxslar urtasidagi munosabatlarga tatbiq qilindi, Rim xususiy huquqi xususiy mulkchilikka asoslangan jamiyatning mumtoz huquqi hisoblangan. Ko’pgina mamlakatlar Rim huquqidan namuna olganlar.