RISKNI BAHOLASH

RISKNI BAHOLASH — risk parametrlarini xarakterlovchi barcha riskli holatlarni natura va qiymat ko’rinishida tahlil etish. Eng ahamiyatli belgisiga qarab tegishli risklar guruhi ajratilgan hamda u riskni baholash mezoni hisoblanadi. Masalan, shaxsiy sug’urta shartnomasini tuzishda insonning yoshiga e’tibor beriladi. Sug’urta shartnomasi tuzilgan paytdan sug’urtalanuvchining o’limiga yoki nogiron bo’lib qolishiga olib keluvchi xavfli kasalliklarni aniqlash maqsadida mijoz qo’shimcha ravishda dastlabki tibbiy tekshiruvdan o’tkazilishi mumkin. Sug’urta kompaniyalarida riskni baholash ishini syurveyerlar amalga oshiradi. U sug’urta obyekti bilan jiddiy tanishadi, har tomonlama tahlil etadi. Tahlil natijalariga muvofiq sug’urtalanuvchi bilan sug’urtaviy huquqiy munosabatlarga kirishishning maqsadga muvofiqligi to’g’risida sug’urta kompaniyasiga yozma xulosa beradi.