Ritm
Ritm (Yunoncha rheo — oqaman), marom, davriylik — 1) tabiiy hodisa va jarayonlarning muayyan vaqt davomida takrorlanib turishi. Ritm tsiklli va vaqtli bo’ladi. Hodisa va jarayonlarning tabiatda muayyan tartibda takrorlanib turishi tsikllik deyiladi. Masalan, Quyosh faolligi bilan bog’liq hodisalar — Quyosh dog’larining ko’payib-ozayib turishi, Quyosh chaqnashlari, undagi portlashlar, u bilan bog’liq holda yerda ro’y beradigan hodisalar (magnit bo’ronlari, qutb shafaqlari) va hokazolar. Vaqtli davriylik hodisa va jarayonlarning muayyan vaqt davomida takrorlanib turishi. Masalan, kun bilan tunning almashinishi bilan bog’liq jarayonlar, fasllarning almashinishi, iqlimiy tebranishlar; 2) she’riyat, musiqa, raqs, tasviriy san’at, amaliy bezak san’ati va me’morlik turlari shakllarining asosiy printsipi. She’riyat dagi Ritm tovush asosida paydo bo’ladi. Dastlabki she’rlarda satrlar o’lchov jihatdan teng bo’lmagan, ammo ular parallel qo’yilgan, bu esa sintaktik parallelizm deyilib, u she’r tuzilishining folklor tipiga xosdir. Xususan, turkiy xalqlarning qadimgi she’rlaridagi misralarni Alliterasiya va so’z takrorlari uyushtirgan; bunda ichki qofiya ham qatnashgan; so’ng qofiya misralar oxiriga ko’chib, evfoniya (ohangdorlik) vazifasinigina emas, Ritm vazifasini ham ado eta boshlagan. She’r to’zilishining tizimlarga va guruhlarga ajralishi shundan so’ng ro’y bergan. She’r tuzilishining folklor tipidan so’ng kvantitativ she’r tuzilishi paydo bo’lgan, u asosan sinkretik davr (san’atning aralash rivojlangan davri)ning she’r texnikasi bo’lgan. Yunon, Arab, hind, fors she’r tuzilishi va, jumladan, o’zbek aruzi kvantitativ she’r tuzilishiga mansub. Bu she’r tizimlarida tovushning miqdori — cho’ziklik darajasi va uning vaqt bilan o’lchanishi Ritmni uyushtirishning asosiy negizi hisoblangan. Kvantitativ she’r tuzilishidan so’ng kvalitativ she’r tuzilishi va unga kiruvchi ko’pchilik she’r tuzilishlari paydo bo’lgan. Bu she’r tuzilishi bo’g’inlarning sonigagina emas, sifatiga (urg’uli va urg’usiz bo’g’inlarning muayyan bir tartibda navbatlashib kelishiga) ham tayanadi; bunga sillabik, sillabiktonik va tonik bo’g’in tizimlari kiradi. Kvalitativ she’r tuzilishi davrida she’riyat og’zaki shakldan yozma shaklga o’tdi va musiqadan ajralib chiqdi. O’zbek barmoq tizimi ham shu bosqichga mansub. Barmoq tizimidagi Ritm bo’g’inlar soniga, oz bo’g’inlarning misralarda mutanosib bo’lishiga suyanadi. Nasrda ham Ritm mavjud. Ammo u o’lchov (vazn) asosida kelib chikmaydi. Shu tufayli izchil emas. Tasviriy san’atda Ritm badiiy san’at asarining ifoda vositalaridan bo’lib, asar tuzilishining o’ziga xos tomonini belgilaydi, uning g’oyaviy-badiiy estetik mazmunini chuqurroq ochishga xizmat qiladi. Ritm qurilishi simmetriyaning turli unsurlariga, shuningdek, bir xil yoki bir-biriga o’xshash (yaqin) shakl va narsalar (chiziq, muxrlangan harakat, nursoya, bo’yoq dog’lari va hokazolar)ning teng hajm va oraliqda tekis me’yorda qaytarilishi yoki oralab kelishiga asoslanadi. U yoki bu Ritm qurilishi yordamida asarga turlicha emotsionallik baxsh etish mumkin. Amaliy bezak san’ati hamda me’morlik da asar kompozitsiyasini yaratishda va obrazni shakllantirishda Ritm muhim o’rin tutadi. Me’morlikda hajm, shakllar (ustun, darcha, balkon va hokazolar) bir maromda qaytarilishi yoki oralab kelishi binoga o’zgacha mazmun kiritadi; naqsh mujassamoti ham Ritmga asoslangan holda yaratiladi: bir yoki bir necha naqsh bo’laklarining takrorlanishi yoki oralab kelishi natijasida asarga tugallik yoki cheksizlik bag’ishlanadi. Musiqada Ritm asar rivojlanish jarayonining zamon nuqtai nazaridan tartibi; kuy, garmoniya kabi asosiy musiqiy ifoda vositalaridan biri. Tor ma’noda Ritm tovush cho’zilmalarining izchilligidir (bunda tovushlar faqat o’zining davomiyligi jihatdan, ya’ni balandpastlik, lad xususiyatlaridan ajralgan holda baholanadi). Xalq musiqasining qadimgi ko’rinishlari (mehnat va marosim qo’shiqlari, alla, marsiya, doston kabi janrlar, ba’zi cholg’u mashqlar)da musiqiy Ritmning ilk shakli — «ohangdor» (yoki «erkin») Ritm saqlanib qolgan. U ritmik tuzilmalarning o’zaro teng emasligi, har bir ritmik davrning «keskin» va «yengil» bosqichlar almashinuviga asoslanganligi bilan farqdanadi. Vokal asarlarda musiqaviy Ritm ma’lum darajada she’riy Ritmga monand bo’ladi. Og’zaki an’anadagi musiqada (masalan, mumtoz ashula, maqom janrlarida), ayniqsa, kvantitativ Ritm xususiyatlari keng o’rin olgan. Bunda ma’lum tartibda joylashgan turli (qisqa va uzun) cho’zilmalar muayyan ritmik andozalarni tashkil etadi, ular negizida musiqiy Ritm jarayoni yuzaga keladi. Xalq musiqasi (ayniqsa, Afrika va Osiyo xalqlari), kompozitorlik ijodi (asosan, gomofoniya uslubidagi asarlar)da kvalitativ (urg’uli) Ritm turi ham keng o’rin olgan. U qisqa va uzun emas, balki kuchli (urg’uli) va kucheiz (urg’usiz) cho’zilmalar nisbatlari orqali yuzaga keladi (masalan, usul). Urg’uli Ritm ko’pincha muayyan musiqiy metrga bo’ysunadi. Metr va Ritmning o’zaro bog’liqligiga nisbatan metroritm iborasi ishlatiladi. Musiqaviy Ritmning hamma turlari katta badiiy kuchga ega bo’ladi. Ayniqsa, milliy koloritni berishda, turli harakatlarni tasvirlashda, umuman barcha davomiy jarayonlarni ifodalashda uning imkoniyatlari cheksiz. Ko’pgina musiqa uslublarida har xil Ritm turlari o’zaro tutashgan holda namoyon bo’ladi: masalan, mumtoz ashula yo’llarida tekis takrorlanuvchi usul negizida (urg’uli-davriy Ritm) aruz nisbatlariga asoslangan kuy rivoji (kvantitativ Ritm) barobar namoyon bo’ladi. Musiqadagi Ritmning nazariy va amaliy muammolarini musulmon Sharq olimlari ilmi iyqo fanida o’rganishgan. Ibn Sino, Safiudin alUrmaviy, Jomiy, Zaynulobidin al-Husayniy, Kavkabiy va boshqalar mavjud. Ritm tuzilmalarini advor (doiralar) shaklida tahlil qilishgan.