Rivoyat

Rivoyat (Arabcha hikoya qilmoq) — voqea va hodisalarni, inson faoliyatini ba’zan uydirmalar vositasida, ba’zan Real tasvirlovchi og’zaki hikoya; folklore janri. Hajmi qisqa, 2 yoki 3 epizoddan tashkil topadi, an’anaviy uslubiy shaklga ega bo’lmaydi. Odatda, oddiy bir hikoyachi bayonidan boshlanib, og’izdan-og’izga o’tish jarayonida erkin talkin qilinadi. Rivoyat asosida voqelik va tarixiy shaxs bilan bog’liq hodisalar yotadi. G’oyaviy mazmuniga ko’ra, tarixiy Rivoyat hamda toponim Rivoyatlarga bo’linadi. Tarixiy Rivoyatda biror shaxs faoliyati va xalq qahramonlari bilan bog’liq hodisalar hikoya qilinadi, axloq va odobning ideal me’yorlari tashviq etilib, muayyan faktlar haqida axborot beriladi. Bunday Rivoyatlar Navoiy, Ulug’bek, Ibn Sino, Beruniy, Mashrab, Amir Temur, Sulton Mahmud va boshqalar hayoti bilan bog’liq voqea va hodisalar asosida ham yaratilgan. Toponim Rivoyatlarda shahar, qishloq, qo’rg’on, saroy, maqbaralar nomi hamda ularning yuzaga kelish sabablari bilan bog’liq voqealar hikoya qilinadi. Xotimasida, odatda, hikoyadan maqsad ta’kidlanadi va muayyan fakt izohlanadi (masalan, «To’rabek xonim maqbarasi», «Anda jon qildi», «Odinajonim», «Qo’ng’irot» va boshqalar). Rivoyatlar bizgacha ko’proq og’zaki, qisman yozma shaklda yetib kelgan. Vosifiyning «Badoe’ ul vaqoe'», Xondamirning «Makorim ul axloq» va boshqa asarlarda Rivoyatlarning qadimgi namunalari keltirilgan. O’zbekistonda juda ko’p Rivoyatlar yozib olingan va ular xalqtarixi hamda madaniyestetik qarashlarini o’rganishda muhim manbadir.