Rixtagarlik
Rixtagarlik (forscha tojikcha — quymoq) — rangli metall (asosan, mis, bronza, qalay) dan turli buyumlar quyish kasbi. Hunarmandchilikning qadimgi turlaridan. Qadimda bronzadan qurollar, uy jihozlari, san’at va diniy marosimlarga oid buyumlar quyilganligi ma’lum (Bobil, Misr, Rim, Xitoy, Yunoniston). 13-14-asrlarda Vizantiya, Venetsiya, Genuya, Florentsiya o’zining Rixtagarlik buyumlari bilan shuhrat qozondi. 14-15-asrlarda rus davlatida (Uralda) bronza va cho’yandan zambaraklar, qo’ng’iroqlar Rixtagarlik usulida quyilgan. Arxeologik qazilmalarda hozirgi O’zbekiston hududida miloddan avvalgi 3-ming yillikka doir bronza bolta quyiladigan tosh qolip topilgan. Mo’g’ullar istilosi O’rta Osiyoda Rixtagarlikning rivojiga salbiy ta’sir etdi. 14-asrdan metall konlarining qayta ishga solinishi munosabati bilan Rixtagarlik yana taraqqiy eta boshladi. 1399 yil Amir Temur buyrug’i bilan Abdulaziz ibn Sharafiddin tomonidan Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun bronzadan quyilgan «nazirniyoz qozoni» hajmi, quyilish uslubi va bezagi jihatidan noyob hisoblanadi. 16— 18-asrlarda O’rta Osiyoda ko’proq urush qurollari quyilgan. O’zbekiston xalqlari tarixi muzeyida shu davrlarga oid mis va bronzadan quyilgan zambaraklardan namunalar saqlangan. 19-asr oxirlarigacha Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda, asosan. uyro’zg’or buyumlari quyish keng o’rin egalladi. Keyinchalik sanoat rivojlanishi munosabati bilan Rixtagarlikga uncha ehtiyoj qolmadi. Quyma metall buyumlar tayyorlovchi usta rixtagar (quymachi) deb ataladi.