Rostok

Rostok — Germaniyadagi shahar, Meklenburg Old Pomeraniya yerida. Aholisi 207,4 ming kishi (1999). Varnov daryosining Boltiq dengiziga quyilish joyidagi yirik dengiz porti. Transport yo’llarining muhim tuguni. Daniyaga parom qatnovi yo’lga qo’yilgan. Mamlakatning yirik kemasozlik markazlaridan. Elektrotexnika, dizel, kimyo, tikuvchilik, baliqni qayta ishlash korxonalari mavjud. Baliq ovlash bazasi. Dengiz kurorti. universitet (1419), dengizchilik, baliqchilik, kemasozlik institutlari bor. Shaharga 13-asr boshlarida asos solingan. Me’moriy yodgorliklardan 13-15-asrlarda qurilgan ratusha, cherkovlar saqlangan.