Rostov, Rostov-Yaroslavskiy
Rostov, Rostov-Yaroslavskiy (12— 17-asrlarda— Buyuk Rostov) — Rossiya Federatsiyasi Yaroslavl viloyatidagi tarixiy shahar. Nero ko’lining shimoliy g’arbiy sohilida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi. Avtomobil yo’llari tuguni. Aholisi 36,4 ming kishi (1998). Agregat zavodi, zig’ir tola fabrikasi, oziq-ovqat korxonalari, «Rostovskaya finift» emal miniatyura rassomligi fabrikasi bor. Rostov birinchi marta 862 yilgi yilnomada tilga olingan, 10-asrda RostovSuzdal, 1207— 1474 yillarda Rostov knyazliklari markazi. 1474 yilda uzil-kesil Moskva davlati tarkibiga kirdi. 17-asrda Rostovda (19-asrning 1-yarmida Nijniy Novgorod va Irbit yarmarkalaridan keyin 3-o’rinda turgan) Rostov yarmarkasi vujudga keldi. Rostovda Rostov-Yaroslavl tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo’riqxonasi mavjud. Uspenie sobori (16-asr; freskalari — 17-asr); 17-asr devori va minoralari, Voskresenie (1670), Ioann Bogoslov (1683), Spas (1675) va boshqa cherkovlar, Kreml ansambli (16-17-asrlar); savdo rastalari (19-asr); Avraam (16-19-asrlar) va Yakov (17-19-asrlar) monastirlari majmuilari saqlangan. Rostov 1970 yildan qo’riqxona-shahar deb e’lon qilingan. Turizm rivojlangan.