Ruanda (Rwanda), Ruanda Respublikasi
Ruanda (Rwanda), Ruanda Respublikasi (Republique Rwandaise) — Sharqiy Afrikadagi davlat. Maydoni 26,3 ming km2. Aholisi 7,4 million kishi (2002). Poytaxti — Kigali shahri. Ma’muriy jihatdan 12 prefektura (prefecture)ra bo’linadi. Davlat tuzumi. Ruanda — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1995 yil 5 mayda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — Prezident (2000 yildan Pol Kagame). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni o’tish davri milliy majlisi, ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Ruanda yer yuzasi vodiylar bilan parchalangan yassitog’lik (1500-2000 metr), asosan, tokembriy kristalli va metamorfik jinslardan iborat. Yassitog’likning 2500-3000 metrgacha ko’tarilgan g’arbiy chekkasi Kivu ko’liga tik tushgan. Shimoliy g’arbda Virunga vulkanli tog’i (eng baland nuqtasi Karisimbi tog’i, 4507 metr) joylashgan. Iqlimi subekvatorial, mavsumiy nam iqlim. Yillik o’rtacha temperatura 20-21°, yog’in 1000-1500 mm (Virunga tog’larida 2000 mm gacha). Daryo tarmog’i zich, yirik daryosi — Kagera Nil havzasiga mansub. Tog’kizil tuproqlarda savanna tipidagi o’simlik ko’p, tog’yon bag’irlari doim yashil o’rmonlar bilan qoplangan. Yirik hayvonlarning ko’pchiligi Kagera (kiyikning har xil turlari, buyvol, karkidon, zebra, sher, fil, begemot, timsoh) va Virunga (tog’ gorillasi) milliy bog’lari hamda qo’riqxonalarda saqlanib qolgan. Aholisining aksariyatini bantu tillarida so’zlashuvchi Ruanda, rundi xalqlari va TVA pigmeylari tashkil etadi. Bundan tashqari, asosan, shaharlarda suaxili, luba va Sudan arablari, Vallonlar va boshqalar yashaydi. Rasmiy tillar — kinyaruanda, frantsuz va ingliz tillari. Aholining 3/5 qismi mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. 2/5 qismi — xristian (asosan, katoliklar), ozroq sunniy musulmonlar ham bor. Shahar aholisi 5,8%. Yirik shaharlari: kigali, Butare, Nyanza, Giseni. Tarixi. Ruandaning qadimgi va o’rta asrlar tarixi kam o’rganilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, milodiy 2-ming yillikning 1-yarmida bu joyga xutular, taxminan 16-asrda tutsi ko’chmanchi chorvadorlari ko’chib kelgan. 16-asrda tashkil topgan ilk davlat tuzilmasiga oliy hukmdor (mvami) boshchilik qilgan, tutsilar ustunlik mavqeida bo’lgan. Shimoldagi xutularning alohida manzilgohlari mvami hokimiyatini tan olishdan bosh tortgan. 19-asr 2-yarmida Ruanda hududida markazlashgan davlat paydo bo’ldi. U Kigeri Rvabugiri qirolligi davri (1853— 95)da birmuncha yuksalib, chegarasi kengaydi. Uning vorisi Yuxa Musinga davri (1895— 1931)da mamlakatni mustamlakachilar bosib oldi. 1890-yillarda Ruandaga nemislar kirib kela boshladi. Qirol Musinga nemis rezidentligini tan oldi. Ruanda Germaniya Sharqiy Afrikasiga qo’shib yuborildi. 1-jahon urushi yillarida Ruandani Belgiya qo’shinlari ishg’ol qildi (1916). Urushdan so’ng Ruanda qo’shnisi Burundi bilan Belgiyaning Ruanda-Urundi mandatli hududiga aylantirildi. 1925 yilda esa u ma’muriy jihatdan Belgiya Kongosi bilan birlashtirilib, alohida vitse-general gubernatorlikka ajratildi. 1946 yil dekabrda BMT Ruandaurundini Belgiya vasiyligidagi hudud deb e’lon qildi. 50-yillarning oxiridan ozodlik harakati avj oldi. Xutu ozodlik harakati (Parmexutu), Ruanda milliy Ittifoqi va boshqa partiyalar tashkil topdi. 1960 yil oxirida Ruanda muvaqqat hukumati, 1961 yil 28 yanvarda monarxiya tugatilib, Ruanda Respublikasi tuzildi. 1961 yil parlament saylovida Parmexutu partiyasi g’alaba qozondi. 1962 yil 1 iyulda Ruanda mustaqil davlat deb e’lon qilindi. 1990 yil oktabrda asosan Tutsi elatidan tashkil topgan Ruanda vatanparvarlik fronti Uganda hududidan harakat boshlab, xutu elatiga mansub J. Xabiarimana rejimini ag’darib tashlashga urindi. Bu harakat xutu va tutsilar o’rtasidagi etnik mojaro tusini oldi. 1993 yil Prezident J. Xabiarimana aviatsiya falokatida halok bo’ldi. 1994 yil 17 iyulda Ruanda vatanparvarlik fronti o’tish davri uchun milliy birlik hukumati tarkibini e’lon qildi. Mamlakat aholisining ko’pchiligini tashkil etuvchi xutu elatiga mansub Paster Bizimungu 5 yil muddatga Ruanda Prezidenti etib tayinlandi. 2000 yil 17 aprelda xukumat bilan parlamentning qo’shma majlisida Tutsi elatining vakili Pol Kagame prezident lavozimiga saylandi. Ruanda — 1962 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 1 iyul — Mustaqillik kuni (1962). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Demokratiya va taraqqiyot uchun respublikachilar milliy harakati, 1975 yil tashkil etilgan; Respublikachilar demokratik harakati, 1957 yil tuzilgan; Ruanda vatanparvarlik harakati 1987 yil asos solingan; Xristian-demokratik partiya, 1990 yil tashkil topgan. Ruanda mehnatkashlari milliy kasaba uyushma birlashmasi, 1985 yil asos solingan. Xo’jaligi. Ruanda — agrar mamlakat. Iqtisodiyotning asosini qishloq xo’jalik tashkil etadi, bu tarmoq eksport qilinadigan ekinlar mahsuloti etishtirishga va qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Sanoatning konchilik, qayta ishlash va gidroenergetika tarmoqlari vujudga kela boshladi. 1997 yil yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik ulushi 36%, sanoatning ulushi 24%, xizmat ko’rsatish sohasining ulushi 40%ni tashkil kildi. Qishloq xo’jaligi mahsuloti mamlakat eksportining 80%ni tashkil qiladi. Ayni vaqtda qishloq xo’jalik oldiga mamlakatni oziq-ovqat bilan to’la ta’minlash vazifasi qo’yilgan. Mayda xususiy yer egaligi ustun. Mamlakat hududining 42% (1,25 million gektar) yerida dehqonchilik qilinadi. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: oq jo’xori, batat, maniok, loviya, makkajo’xori, kartoshka, banan, sholi. Eksport uchun kofe (baland tog’li joylarda «arabika», pastroq va issiq joylarda «robusta»), choy, piretrum, shuningdek, paxta yetishtiriladi, Xin daraxti ekiladi. Yaylov chorvachiligida qoramol, echki, qo’y, cho’chqa, xonaki parranda boqiladi. 13 ming gektar tabiiy o’rmon, 90 ming gektar daraxtzor bor. Baliqchilik sust rivojlangan. Sanoatida konchilik muhim o’rin olgan. Mamlakat Markaziy va g’arbiy qismlarida qalay, shimolda volfram, Ruxengeri atrofida tantalit, berilliy, oltin qazib olinadi. Kofe, choy, tamakini qayta ishlaydigan, spirtsiz ichimliklar, qandshakar, charm, gugurt, poyabzal, plastmassa buyumlar, kir yuvish va kosmetika vositalari, bo’yoqlar ishlab chiqaradigan, tikuvchilik, korxonalari bor. Tsement va g’isht zavodlari qurilgan. Yiliga o’rtacha 166 million kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Temir yo’llar yo’q. Yuk tashishda avtomobil transporti asosiy rol o’ynaydi. Avtomobil yo’llari uzunligi 8,1 ming kilometr. Kigali yaqinida Kamembe xalqaro aeroporti bor. Chetga kofe, choy, mineral xom ashyo, xinin, piretrum, xom teri chiqaradi, chetdan iste’mol mollari, transport vositalari va mashina-uskunalar, issiqlik va elektr energiyasi, binokorlik ashyolari oladi. Tashqi savdodagi hamkorlari: Belgiya, Germaniya, Frantsiya, AQSh va boshqalar. Pul birligi — Ruanda franki. Tibbiy xizmati, maorifi va ilmiy muassasalari. Davlat kasalxonalari bilan birga xususiy shifoxonalar ham bor. Vrachlar Butare universitetining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. Xalq tabobati masalalari (asosan, mamlakatdagi shifobaxsh o’simliklarni o’rganish) bilan shug’ullanuvchi tadqiqot markazi tuzilgan. Davlatga qarashli dastlabki dunyoviy o’quv yurtlari 1950-yillarda ochildi. Zamonaviy maorif tizimi 7 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy va bepul ta’limni joriy etish to’g’risidagi 1985 yil qonuniga asoslanadi. 8 yillik o’rta maktabda kinyaruanda tilida o’qitiladi, frantsuz tili ham o’rgatiladi. Oliy maktabda ta’lim frantsuz tilida olib boriladi. Kasb-hunar va texnika ta’limi boshlang’ich maktab negizida 6 yil davomida amalga oshiriladi. Oliy o’quv yurtlari: Ruanda universiteti (1963 yilda asos solingan), Milliy pedagogika instituti (1966), tibbiyot instituti (1969), texnika kolleji (1959), Iqtisodiyot-statistika instituti (1975). Universitet kutubxonasi, R. Geologiya Mahkamasining kutubxonasi, Butareda Milliy muzey mavjud. Bir qancha ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari, Ruanda Madaniyat akademiyasi ishlaydi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. «Kinyamateka», («Gazeta», kinyaruanda va frantsuz tillarida 2 haftada bir marta chiqadigan gazeta, 1933 yildan), «revyu dialog» («muloqot jurnali», frantsuz tilida chikadigan oylik jurnal, 1967 yildan), «Relev» («o’rinbosar», hukumat axborot Mahkamasi tomonidan frantsuz tilida chiqariladigan oylik jurnal, 1976 yildan). Ruanda axborot agentligi hukumat Mahkamasi bo’lib, 1977 yil tashkil etilgan. Ruanda radiosi (1961 yil tashkil etilgan) va Ruanda televideniesi hukumat nazoratida ishlaydi. Adabiyoti og’zaki xalq ijodiyoti, ayniqsa, she’riyatdan boshlangan. Turli davrlarga mansub tanikli shoirlari: Maguta (17-asr), Bagozori, Musare, Semidorogo (18-asr), Bamenya, Bikvakvanya, Sekarama, Munyanganzo (19-asr). Ruandaning yozma adabiyoti 20-asrda vujudga keldi. Uning asoschisi — faylasuf sosiolog A. Kagame xalq og’zaki ijodiyoti namunalarini to’plagan, frantsuz, kinyaruanda tillarida ilmiy asarlar nashr etgan va ona tilida dostonlar yozgan. Frantsuz tilida ijod qiluvchi adib J. S. Naygizikining «Ruanda eskapadasi», «o’ttiz yoshimdagi kulfatlarim» romanlari mashhur. 20-asrning oxirlarida adabiyot maydoniga kirib kelgan adib Viktoriya Kantengva, Agnes Niyonkinda frantsuz tilida, shoir B. Nkiylinngon kinyaruanda tilida ijod qila boshladi. Dramaturgiyasi ilk rivojlanish bosqichida turibdi (J. S. Naygizikining «optimist» pyesasi va boshqalar). Me’morligi va amaliy san’ati. Ruanda xalqlarining asosiy turar joylari aylana tarxli, yog’och sinchli, qamish tomli Guvalak kulbalardan iborat. Ayrim joylarda g’ishtdan ikki nishabli, cherepitsa tomli, peshayvonli va derazali uylar ham qurilgan. Faqat Kigali va butare shaharlarida yevropacha uylar paydo bo’la boshladi. Badiiy hunarmandchilikda savat, bo’yra, gilam to’qish va ro’zg’or anjomlari yasash, ularga oq, qora, qizil gullar solish, yog’ochsozlik, kulolchilik rivojlangan. Musiqasi. Musiqa madaniyati xutu va tutsilar hamda TVA pigmeylari musiqasini o’z ichiga oladi, cholg’udan ko’ra tovush ustunlik qilishi uning o’ziga xos xususiyatidir. Qo’shiq turlari xilma-xil — yakkaxonlik bilan yoki ko’pchilik bo’lib aytiladigan qo’shiqlar, erkaklar va ayollar qushiqlari. Cholg’ular orasida torli, shu jumladan, 7-8 torli inanga deb atalgan tsitra, umuduli yoki umunaxi, 1 torli iningiti skripkasi, qamish, bambuk yoki yog’ochdan yasalgan 2 — 4 teshikli umvirongi, kiyik shoxidan yasaladigan ixembe fleytasi, 1 membranali ingaraba, 2 membranali ingana barabanlari, shuningdek, turli qo’ng’iroq, shaqildoqlar bor. Ruanda musiqa madaniyati ko’p jihatdan o’z an’analarini saqlab qolgan va unda, umuman, yevropa musiqasining ta’siri juda kam.