Rub’ul-xoli, ar-Rub’ul-xoli
Rub’ul-xoli, ar-Rub’ul-xoli [(Arabcha — choraksayxon yer (yarim orolga nisbatan)] — Arabiston yarim orolining Janubiy Sharqiy qismidagi qumli cho’l. Yarim orolning g’arbiy, Janubiy va Sharqiy sohillari bo’ylab cho’zilgan tog’lar oralig’idagi tektonik botiqda. Maydoni 650 ming km2 (Yer yuzidagi eng yirik cho’llardan biri). Yer yuzasi tekis, balandligi Sharqiy qismida 100— 200 metr, g’arbida 500-1000 metr. Hududining 80% ko’chma qum barxanlari, jo’yak va uyumlardan iborat. Sharqida keng sho’rxoklar, qum maydonlari oralig’ida toshloqlar bor. Yillik yog’in 50 mm dan kam, bir necha yillar umuman yog’masligi mumkin. Doimiy oqar suvi yo’q, grunt suvi juda chuqur. O’simliklar (yantoq, sho’ra va boshqalar) pastqam joylarda o’sadi. Aholisi, asosan, ko’chmanchi arablar. Tuya boqiladi. Cho’lning chekkalarida ahyon-ahyonda vohalar uchraydi.