Ruminiya zilzilasi
Ruminiya zilzilasi, Vrancha zilzilasi — 1977 yil 4 martda Sharqiy Karpat tog’larining Vrancha massivi (Ruminiyaning Vrancha uezdi)da ro’y bergan. Episentrda zilzila kuchi 8 ball bo’lgan. Zilzila o’chog’i 100-110 kilometr chuqurlikda joylashganligi uchun silkinishlar juda katta maydonga tarqalgan. Seysmik tebranishlar Yevropaning bir qancha mamlakatlariga, jumladan, Finlyandiyaga qadar yetib bordi. Ruminiya poytaxti Buxarest shahridagi turar joy binolari va boshqa inshootlar jiddiy zarar ko’rdi. Birgina Buxarest shahrining o’zida 1600 ga yaqin kishi xarobalar ostida qolib halok bo’ldi. Zilziladan Moldaviya, Ukraina, Rossiya Federatsiyasi shaharlari ham shikastlandi. Seysmik tebranish Yassi shahrida 7-8 ball, Kishinevda 7 ball, Odessada 6 ball, Vinnisada 5 ball, Kiyev va Lvovda 4 ball, Moskvada 2-3 ball bo’ldi. Seysmik to’lqinlarning yer ustida tarqalishini o’rganish natijasida Ruminiya zilzilasiga Vrancha tog’ massividagi yoriqlar bo’ylab tog’ jinslarining keskin siljishi sabab bo’lgan deyiladi.