Ryukyu, Nansey

Ryukyu, Nansey — Yaponiyadagi orollar arxipelagi, Kyusyu va Tayvan orollari oralig’ida. Sharqiy Xitoy dengizini Tinch okeandan ajratib turadi. Shimoli sharqdan Janubig’arbga yoy shaklida 1200 kilometr masofaga cho’zilgan. Ryukyu 98 orolni o’z ichiga olgan 6 ta yirik orollar guruhidan iborat. Umumiy maydoni 4,8 ming km2. Yirik orollari — Okinava va Amami. Orollarning Janubiy Sharqiy qismi asosan, mezozoyning karstli ohaktoshlaridan, shimoli g’arbi vulkan jinslaridan tuzilgan. Seysmik faol zona, tez-tez zilzila bo’lib turadi, 3 ta harakatdagi va bir nechta so’ngan vulkan bor. Yer yuzasi plato va past tog’lardan (balandligi 300-500 metr), shuningdek, past sohilbo’yi terrasalaridan iborat. Eng baland joyi 1935 metr (Yaku orolida). 29° sh.k.dan janubda orollar marjon riflari bilan o’ralgan. Fosforit va toshko’mir konlari bor. Iqlimi shimolda subtropik, Janubda tropik, mussonli (yillik yog’in 2000-3500 mm), vaqt-vaqti bilan tayfunlar bo’ladi. O’rtacha temperatura yanvarda 14-18°, iyulda 27— 28°. Doim yashil tropik o’rmonlar bor. Sholi, batat, shakarqamish ekiladi. Baliq ovlanadi. Shoyi to’qiladi. Eng katta shahri — Naxa.