SAAR

SAAR — Germaniya yeri. Mamlakatning g’arbiy qismida, Saar va Mozel daryolari havzasida. Frantsiya va Lyuksemburg bilan chegaradosh. Maydoni 2570 kilometr kvadrat. Aholisi 1,06 million kishi (2001). Ma’muriy markazi — Saarbryukken shahri. Saar — mamlakatning sanoati rivojlangan yerlaridan. Iqtisodiy faol aholining yarmidan ortig’i sanoatda band. Yetakchi sanoat tarmog’i — og’ir sanoat va metallurgiya. Shuningdek, umumiy mashinasozlik, Elektrotexnika, po’lat va nikel konstruktsiyalar ishlab chiqarish, to’qimachilik va tikuvchilik sanoati korxonalari ham mavjud. Qora metallurgiya sanoatining asosiy markazlari: Felklingen, Nyoynkirxen, Saarbryukken shaharlari. Kimyo va neftni qayta ishlash sanoatlari ham rivojlangan. Avtomobil, vagonsozlik, oynasozlik, shisha, keramika korxonalari bor. Iste’mol mollari ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligida donli, sabzavot va yem-xashak ekinlari ekiladi. Tokzorlar barpo qilingan. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa boqiladi. O’tgan asrlarda Saar hududida faflik bo’lgan. 1815 y.dan Saar Prussiya (1871 yildan Germaniya imperiyasi) tarkibida. 1919 yilda Millatlar Ligasi komissiyasi boshqaruvi ostiga o’tgan. 1935 yildan yana Germaniyaga qo’shilgan. 2-jahon urushidan keyin Saar Frantsiyaning Germaniyadagi okkupatsiya zonasi edi. 1956 yildagi Frantsiya va Germaniya o’rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, 1957 yil 1 yanvardan yana Germaniya tarkibida.