Said Ahmadxo’ja madrasasi
Said Ahmadxo’ja madrasasi — Marg’ilondagi me’moriy yodgorlik (19-asr oxiri). Madrasa tarhi 42,3X44,0 metr. Hovli (31,6×28,4 metr) shimoliy Sharqiy va Janubiy tomondan hujralar bilan, g’arbdan qo’sh sinchli, oldi ayvonli masjid bilan o’ralgan. Hovli o’rtasidan eni 1,5 metr ariq o’tgan. Ariq yaqinida keksa chinor qad ko’targan. Madrasa tashqi tomondan tekis bo’lsada, lekin hovli tomondan qurilgan kungurador devorlar bilan ajratib ishlangan qator mehrobiy ravoqlar hujralarni yanada salobatliroq ko’rsatadi. Xonaqoh (14×7 metr) tutash xarilar bilan yopilgan, shifti qizil va yashil chiziqlar bilan ajratilib, orasiga gular va chirmashgan novdalar tasviri ishlangan. Toqi va to’sinlardagi gul naqshlar maydaroq, xona devori ganchdan zanjira hamda «qirma» uslubidagi araqi sarrov bilan bezatilgan. 1985 yilda ta’mirlangan.