SAMARQAND

SAMARQAND — Samarqand viloyatidagi shahar. Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi (1938 yildan). 1925-30 yillarda Respublika poytaxti. O’zbekistonning Janubi g’arbida, Zarafshon vodiysining o’rta qismida (Darg’om va Siyob kanallari orasida) joylashgan. O’rtacha 695 metr balandlikda. Toshkentdan 300 kilometr. Samarqanddan Toshkent— Dushanba, Toshkent—Turkmanboshi, Toshkent—Uchquduq—Qung’irot temir yo’llari, Katta O’zbekiston trakti (Toshkent— Termiz yo’li) o’tadi. Shahar aholisi va xo’jaliklari Shovdor, Bog’ishamol ariqlaridan suv oladi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 25,9°, eng yuqori temperatura 40-42°, yanvarning o’rtacha temperaturasi 0,2°, eng past temperatura -26°. Maydoni 0,09 ming kilometr kvadrat. Aholisi 383,3 ming kishi (2004); 1975 yil 299 ming, 1970 yil 267 ming, 1959 yil 196 ming, 1939 yil 136 ming, 1897 yil 55 ming, 1865 yil 26 ming. S. shahar Kengashiga qarashli 4 shaharcha (ingichka, Kimyogarlar, Farhod, Xishrov) mavjud. Tarixiy yozma manbalarda Samarqandning yoshi qadimiyligi to’g’risida ma’lumotlar bor. Muhammad an Nasafiy «alqand fiy zikri ulamoi Samarqand», Xaydar asSamarqandiy (12-asr) «Qandiyai Xurd», Abu Tohirxoja Samarqandiy «Samariya», Xitoy tarixchisi Chjan Syan, yunon va rimlik tarixchilar Arrian, Kursiy Ruf va boshqa ko’plab mualliflarning asarlarida bu haqda yozib o’tilgan. Shu bois o’rta asrlardan Sharqda ommalashib ketgan maqollardan birida «G’arbda Rim, Sharqda Samarqand» deyilgan. Samarqand va Rim insoniyat taqdiridagi buyuk xizmatlarini nazarda tutib «boqiy shaharlar» nomini olganlar. Xalqiborasi «Samarqand saykali ro’yi zaminaet» [Samarqand yer yuzining sayqali (Jilosi)] bexuda aytilmagan. Amir Temur Samarqandni o’zgacha mehr bilan qadrladi, obod qildi, dunyoning sayqaliga aylantirdi. «Samarqand» so’zining kelib chiqishi to’g’risida bir qancha taxmin va gipotezalar mavjud. Sharq mualliflari «Samarqand» so’zining birinchi qismi, ya’ni «Samar» so’zi shu shaharga asos solgan yoki shaharni bosib olgan kishining nomi deb hisoblab, bir qancha sun’iy ta’riflarni taklif etdilar. Biroq tarixda bunday ismli kishi to’g’risida ma’lumotlar aniqlanmagan. So’zning ikkinchi qismi «kent» (kand) — qishloq, shahar degan ma’noni bildiradi. Ba’zi yevropalik olimlar, bu nom qadimdan qolgan, sanskritcha «Samarya»ra yaqin, ya’ni «yig’ilish, yig’in» so’zidan kelib chiqqan deb izohlaydilar. Antik mualliflarning asarlarida shahar Marokanda deb atalgan. Bu haqiqatga ancha yaqin bo’lib, Marokanda — Samarqand atamasining yunoncha aytilishidir. 11- asr olimlaridan Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Koshg’ariy shahar nomining kelib chiqishini «Semizkent», ya’ni «semiz qishloq» so’zining buzib talaffuz qilinishi deb tushuntiradilar. Samarqand jahonning eng qad. shaharlaridan biri — 2700 yildan ortiq tarixga ega. Samarqand miloddan avvalgi 4-asrdan milodiy 6-asrgacha Sug’d davlatining poytaxti bo’lgan. Arxeologik qazishmalardan ma’lum bo’lishicha, yuqori paleolit davrida ham Samarqand hududida odamlar yashagan. Rim tarixchisi Kvint Kursiy Rufning (miloddan avvalgi 1-asr oxiri — milodiy 1-asr) yozishicha, Samarqand qal’asi devorining aylanasi taxminan 10,5 kilometr bo’lgan. Miloddan avvalgi 329 yil makedoniyalik Aleksandr (Iskandar Maqduniy) qo’shinlari Samarqandni vayron qilgan. Samarqand 6-asrda Turk xokonligi tarkibiga kirgan va mahalliy hokimlar tomonidan boshqarilgan. 7-asr boshidan Zarafshon vodiysi Samarqand hokimlari qo’l ostiga o’tgan. Bu davrda Samarqand Hindiston, Eron, Misr va Vizantiya davlatlari bilan savdo-sotiq qilgan. Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi Arab qo’shinlari 712 yilda Samarqandni egallagan. Qo’zg’olon ko’targan Shahar aholisining bir qismini qirib tashlagan. At-Tabariy keltirgan ma’lumotga ko’ra, samarqandliklar Shahriston (ichki shahar)ni arablarga bo’shatib berishga majbur bo’lganlar. Arablar shahristonda masjid va minbar qurganlar. Mahalliy aholidan tortib olingan qimmatbaho buyumlar va oltin, kumush bilan bezatilgan sanamlar (Xilat ulasnom) ni eritib 10 ming misqol qimmatbaho metal olingan. 776-83 yillarda arablarga qarshi Muqanna boshchiligida qo’zg’olon ko’tarilgan. Arablarga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonlarni bostirishga faol qatnashgan mahalliy zamindor aholi vakillari 9-asr 20 yillaridan Movarounnahr va viloyatlarini boshqarishga tortildi, jumladan, Samarqandni boshqarish Somoniylar qo’liga o’tdi. O’sha vaqtdan Samarqand — Somoniylar davlatining poytaxti bo’ldi. 887 yildan birinchi marta Somoniylar kumush tangalari Samarqandda zarb qilina boshladi. Somoniylar poytaxti Buxoroga ko’chirilgandan (889) so’ng ham Samarqand Movarounnahrning eng yirik hunarmandchilik va savdo markazlaridan biri bo’lib qoldi. 11-asrdan Samarqand Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. 11-asrda Samarqandni Saljuqiylar bosib olgan. 12-asrdan Qoraxitoylarga tobe bo’lgan. 1210 yildan Muhammad Xorazmshoh davlati tarkibida. 1212 yil samarqandliklar Xorazmshohga qarshi qo’zg’olon ko’targan. 1220 yil Chingizxon qo’shinlari Samarqandga bostirib kirib, shaharga o’t qo’ygan va aholining ko’p qismini kirgan, qolganlari shaharni tark etib omon qolgan. Bir necha yildan so’ng Samarqand qayta tiklana boshlagan. 13-asrning 2-yarmida Samarqandga kelgan venetsiyalik sayyoh Marko Polo «Sonmarkon kapa va mashxur shahar» deb yozgan. Mo’g’ullar hukmronligi davrida Samarqand Chig’atoy ulusi tarkibida bo’lgan. 14-asr o’rtalarida Movarounnahrda mo’gullarga qarshi xalq harakatlari bo’lib o’tdi. Sarbadorlar qo’ztloni natijasida shaharda bir necha oy xalq hokimiyati o’rnatildi. 14-asr oxiri va 15-asrda Samarqandning iqtisodiy-siyosiy va madaniy hayoti ancha yuksaldi. Amir Temur saltanati poytaxti sifatida Samarqand jahonga mashhur bo’ldi. Bu davrda Samarqand ko’pgina Sharq va Yevropa davlatlari bilan savdo aloqalari o’rnatgan. Samarqandda ko’plab hashamatli me’moriy inshootlar qurilgan. Yirik sharqshunos olim V.V.Bartold ta’kidlaganidek, Amir Temurning fikriga ko’ra, Samarqand jahonning birinchi shaxri bo’lishi kerak edi. Amir Temur vafoti (1405)dan so’ng Samarqand taxtini Ulug’bek egalladi. Ulug’bek davrida Samarqandda qurilishlar avj oldi. Qo’shni davlatlar bilan aloqalar kuchaydi. 15-asr oxirida Samarqandni Zahiriddin Muhammad Bobur egalladi (1497). 1500 yil Shayboniyxon Samarqandni deyarli urushsiz bosib oldi. 16-asr o’rtalarigacha Samarqand Shayboniylar davlatining poytaxti bo’lib turdi. O’sha vaqtdan rus bosqiniga qadar (1868) Buxoro xonligi (amirligi) tarkibida bo’lib ketdi. 1723— 30 yillarda qozoklar bosqini davrida katta talofat ko’rdi. 1740-47 yillarda Nodirshohga tobe bo’ldi. 17-asrning 1-yarmida olchin urug’idan chiqqan o’zbek harbiy zamindorlarining yirik vakili Yalangto’sh Bahodir Samarqand hokimi bo’lgan. 1758-1868 yillarda esa Samarqand Buxoro amirligiga itoat qilgan. 1868 yil 1 mayda Samarqand yaqinidagi Cho’ponota tepaligida rus podshosi qo’shinlari biln samarqandliklar o’rtasida qattiqjang bo’ldi. Samarqand aholisi shaharni bosqinchilardan mardonavor himoya qildilar. Nihoyat ruslar katta talofatlar berib shaharni 2 mayda egalladilar. Keyinchalik Samarqand va Kattaqo’rg’on bekliklari birlashtirilib, Zarafshon okrugi tuzildi. So’ngra unga Panjakent va Zarafshon vodiysi yuqorisidagi tog’li rayonlar ham qo’shildi. 1886 yil Zarafshon okrugi Samarqand viloyatiga aylantirildi. Samarqand uning ma’muriy va savdo markaziga aylandi. O’sha vaqtdan boshlab, shaharda yangi tipdagi binolar kurila boshladi, yangi sanoat korxonalari qad ko’tardi. 20-asr boshiga kelib Samarqanddagi korxonalar, temir yo’l ustaxonalarida ishchilar soni ko’paydi. 1917 yil 5 dekabrda Samarqandda hokimiyat sho’rolar qo’liga o’tdi. 1918 yil 11 aprelda Samarqandda sho’rolarning viloyat s’ezdi bo’lib, s’yezdda Turkiston Muxtor Respublikasi tuzilishi e’lon qilindi. 1925-30 yillarda Samarqand O’zbekiston poytaxti bo’lib turdi. 1991 yil O’zbekiston mustamlakachilik asoratidan qutilib, mustaqillikka erishgach, Samarqand respublikaning yirik madaniy markaziga aylandi. Samarqandni arxeologik jihatdan o’rganish ishlari 19-asrning oxirlarida boshlangan edi. 1895 yilda sharqshunos olim V.V.Barsholdning tashabbusi bilan tuzilgan «Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagi» a’zolari Samarqanddagi Afrosiyobni ko’p asrlar xazinasi deb qarab, unda keng ko’lamdagi arxeologik qazishma ishlarini olib bordilar. V.L.Vyatkin, N.I.Veselovskiypar o’tkazgan arxeologik qazishmalar natijasida turli xildagi qadimgi buyumlar topilib muzeyga berildi. 1908 yilda V.L.Vyatkin Samarqand chekkasida joylashgan Ulug’bek rasadxonasining o’rnini aniqladi va qazish ishlarini o’tkazdi. Natijada rasadxona xarobasi hamda uning yer ostidagi butun qolgan qismi qazib ochildi. O’sha davrdan boshlab O’rta Osiyo xalqlarining qadimgi madaniy merosini o’rganishda dastlabki qadamlar qo’yildi. 1912-13, 1929-30 yillarda V.L.Vyatkin, 1912 yil M.E.Masson Afrosiyobda qazish ishlarini olib bordilar. A.I. Terenojkin 1945-48 yillarda Samarqand 2500 yillik tarixga ega deb belgiladi; shahar tarixi davrlashtirildi. 1950 yillardan boshlab Afrosiyobda muntazam arxeologik qazishmalar o’tkazish, ayniqsa, 1958 yildan V.A. Shishkin rahbarligida, 1966 yildan boshlab esa Ya.G’.G’ulomov boshchiligida faollashdi. Afrosiyobni o’rganish ishlari ko’lamini kengaytirish maqsadida, 1966 yilda doimiy harakatdagi Afrosiyob kompleks arxeologiya ekspeditsiyasi tashkil etildi. 1970 yilda Samarqandda O’zbekiston faning mustaqil Arxeologiya instituti tashkil etilishi Samarqanddagi arxeologik qazishmalarni yanada keng ko’lamda olib borishga imkoniyat yaratdi. Arxeologik qazishmalar natijasida Samarqandning yoshi aniqlandi va 1970 yilda shaharning 2500 yillik Yubileyi keng nishonlandi. 1971-77 yillarda Sh. Toshxo’jayev, 1978-85 yillarda G.V. Shishkina qazishma ishlarini olib bordilar. Mustaqillik yillarida ar xeologik qazish va ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida frantsiyalik akademik, sharqshunos arxeologlar Pol Bernar va Frans Grene, o’zbek arxeolog olimlari professor M. Isomiddinov, A.Anorboyev va tadqiqotchi A. Otaxo’jayevlar bilan hamkorlikda ishladilar. Natijada, Afrosiyobdagi eng quyi madaniy qatlamlarni o’rganish jarayonida yer sathidan 10-15 metr chuqurlikda miloddan avvalgi 9-7-asr o’rtalariga oid ashyolar topildi. Bular qo’lda yasab rangli naqsh berilgan sopol idishlarning parchalari va shuningdek, guvaladan tiklangan 7 metr qalinlikdagi mudofaa devori qoldiqlaridir. Afrosiyobning 19 gektarlik Ark qismi devor bilan butunlay o’rab olingan. Afrosiyobning boshqa joylari ham tekshirib ko’rilganda quyi qatlamlaridan shunga o’xshash va miloddan avvalgi 9-8-asrlarga oid ashyolar topildi. Afrosiyobdan topilgan ushbu namunalar Frantsiyada radiokarbon tadqiqot usulida o’rganilib, ular miloddan avvalgi 8-asrga, aniqrog’i 2750 yoshga taalluqliligi isbotlandi. Samarqand bunyod bo’lganidan buyon u O’rta Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida katta mavqega ega bo’lib keldi. Shaharning Buyuk ipak yo’li chorrahasida joylashganligi, bu yerda qadimdan hunarmandchilikning shoyi to’qish, mashhur Samarqand qog’ozi ishlab chiqarish, kulolchilik, temirchilik, novvoylik, qandolatchilik, badiiy kashtachilik va boshqa turlari hamda savdo-sotiq ishlarining rivojiga turtki bo’ldi. Samarqandda qadimdan ravnaq topgan hunarmandchilik turlari mahallaguzarlarning nomlarida saqlanib qolgan, masalan, «So’zangaron» (igna tayyorlovchilar), «Kamongaron» (o’qyoy yasovchilar) va boshqa nomlar hozirgi kungacha yetib kelgan. 1841-42 yillarda Buxoroga Rossiya elchisi qilib yuborilgan sharqshunos N.V.Xanikovning yozishicha, o’sha vaqtda Samarqand baland devor bilan o’ralgan bo’lib, uning 6 ta darvozasi: Buxoro, Paykobod, Shohizinda, Qalandarxona, So’zangaron, Xoja Ahror bo’lgan. Kechalari shaharga kiribchiqish taqiqlangan. Shahar devorining aylanasi 13,9 kilometr, uning umumiy maydoni esa 10,4 kilometr kvadratni tashkil qilgan. Shaharda juda ko’p bog’, ariqzovur va hovuzlar, ikkita g’ishtin karvonsaroy va uchta hammom (2 tasi Xoja Axror xammomlari, bittasi miri hammomi) faoliyat ko’rsatgan. Ko’chalar shaharning 6 ta darvozasini Registon maydoni bilan bog’lagan. Bibixonim masjidi bilan Chorsu o’rtasidagi ko’cha ancha serqatnov bo’lgan. Qo’rg’on shaharning g’arbiy qismida bo’lib, uning uzunligi 3,2 kilometrli tashqi devori va ikkita darvozasi bo’lgan. Qo’rg’onda hokim saroyi, sipohilar yashaydigan uylar joylashgan. Shahar aholisining soni 25-30 mingga yetgan. Samarqandning yevropacha tipdagi qismini qurish ishlari 1871 yilda boshlandi. O’sha vaqtda okrug gubernatori general Abramovning buyrug’iga muvofiq, mahalliy aholining yer uchastkalari musodara qilinib va sotib olinib, ofitserlar xamda amaldorlarga, kichik harbiy lavozimdagi oilali kishilarga, va, mustasno tariqasida, rus savdogarlari hamda meshchanlarga bo’lib berilgan. Kichik lavozimdagi harbiylarga «Soldatskaya slobodka» deb ataluvchi shimoliy g’arbiy buluk ajratilgan. O’sha davrda eski va Yangi shahar o’rtasida xiyobon va bog’ barpo etildi, xarbiy gubernator uyi, kazarmalar, ofitserlar Majlis o’tkazadigan bino qurildi. Podsho Rossiyasi mustamlakachiligi davrida Sda bir nechta qayta ishlovchi mayda korxonalar vujudga keldi. Shaharda 34 paxta tozalash, 20 vino, bir necha spirt, pivo zavodlari, tegirmonlar ishlagan. Metallni qayta ishlash zavodida bir qancha presslash, 2 ta yo’nuvchi, 2 ta vint kesish stanogi bo’lib, cho’yan buyumlar, zanjir, o’roq, panshaxa, ketmon, bolta kabi buyumlar ishlab chiqarilgan. Samarqand — aholisining soni va sanoatining ko’lami bo’yicha O’zbekistonda etakchi o’rinlardan birida. 1930 yillarda pillakashlik va shoyi to’qish fabrikalari, meva konserva zavodi, choy qadoqlash fabrikasi qurildi. 1940-70 yillarda Samarqandda «Krasniy dvigatel», «Kinap», tamaki fermentasiya zavodlari, yigiruv fabrikasi, Superfosfat zavodi, poyabzal va tikuvchilik fabrikalari, uysozlik kombinati, chinni zavodi va boshqa korxonalar qurib ishga tushirildi. Sho’ro davrida shaharning yevropaliklar yashaydigan qismi obod qilindi, aholisi ham ko’chib keluvchilar hisobiga ortib bordi. Eski shahar qismi esa o’z holicha tashlab qo’yildi, ko’p me’moriy yodgorliklar qarovsiz qolib, xaroba holiga kelib qoldi. Mustaqillik yillarida Samarqandda sanoat korxonalari qayta jihozlandi. Ularda bozor talabiga mos mahsulotlar ishlab chiqarish amalga oshirildi. Sanoatning asosiy qismi xususiylashtirildi. Aksariyat yirik, o’rta korxonalar negizida aktsi- yadorlik jamiyatlari tuzildi. Ko’plab qo’shma korxonalar tashkil qilindi. Samarqand viloyatidagi mulkchilikning barcha turiga oid 135 yirik sanoat korxonalarining asosiy qismi Samarqandda joylashgan. Bular «SamKochavto» (avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqariladi), «Alpomish» (traktorlar, gilzaporshenlar), «Tajribamexanika» (parmalash uskunalari), «Kinap» (kinoapparatura), avtomobillar uchun elektrotexnika asbob-uskunalari zavodlari, uyro’zg’or Sovitkichlari korxonasi, superfosfat, ammofos o’g’itlari, sulfat kislotasi ishlab chiqaradigan superfosfat zavodi, liftsozlik, marmar taxtalar, g’isht, asfaltbeton zavodlaridir. Shahardagi yengil sanoat korxonalaridan pillakashlik, shoyi to’qish, trikotaj, tikuvchilik, mebel, poyabzal fabrikalari, chinni zavodi faoliyat ko’rsatadi. Oziqovqat sanoatida: un-tegirmon, Makaron, choy qadoqdash, sutmoy, mevakonserva, vino, pivo, spirtaraq va alkogolem ichimliklar, qandolat shirinliklari ishlab chiqaradigan korxonalar mavjud. Samarqand viloyatida mustaqillik yillarida qurilgan qo’shma korxonalarning asosiy qismi Samarqandda joylashgan. Bular: O’zbekiston—Turkiya «Samkochavto», O’zbekistan—Amerika—Angliya «UzBAT», O’zbekiston—Chexiya «Praga» (mineral suv qadoqlash), O’zbekiston— Latviya «Bravosut» qo’shma korxonalari va boshqalar. Shahar korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning askari qismi chet ellarga eksport qilinmoqda. Shaharda minglab kichik va o’rta biznes sub’yektlari, xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchilar bor. Samarqandda 25 dan ortiq yo’nalishda avtobuslar qatnaydi. Trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgan. Shahar Toshkent xalqaro aeroporti avialiniyalari orqali Respublika viloyatlari va xorijiy davlatlar bilan bog’langan. 2003 yil 30 dekabrdan yo’lovchilar tashuvchi Toshkent — Samarqand elektr poyezdi ishga tushirildi. Samarqand qadimiy tarixi va me’moriy yodgorliklari tufayli butun dunyo tan olgan haqiqiy muzey shaxriga aylandi. Shu bois respublika hukumati qarori bilan 1982 yilda Samarqandning Afrosiyob shahristoni, o’rta asrlarda bunyod etilgan me’moriy yodgorliklar va 19-20-asrlarda qurilgan «Yangi shahar»dagi binolar, tarix va o’lkashunoslik muzeylari asosida «Samarqand davlat Birlashgan tarixiy- me’moriy muzey qo’riqxonasi» tuzildi. O’sha yilda shaharning tarixiy qismini muhofazalash chegaralari belgilandi. Samarqandning me’moriy-tarixiy yodgorliklari 2001 yilda YUNESKOning Finlyandiyada o’tkazilgan 25-sessiyasida Jahon merosi ro’yxatiga kiritildi. Samarqandda 73 ta yirik tarixiy me’moriy yodgorlik: Registon ansambli, shohi zinda ansambli, Amir Temur maqbarasi, Ulug’bek rasadxonasi, Bibixonim jome masjidi, Ruhobod maqbarasi, Abdidarun majmuasi, Xoja Ahror masjidi, Hazrati Xizr masjidi va boshqa saqlangan. O’zbekiston Respublikasi prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan Samarqandda Abu Mansur alMoturidiy asSamarqandiy dafn etilgan Chokardiza qabristoni hududida Moturidiy yodgorlik majmui mozoriga maqbara qurildi, qabriston obod etildi, Burhoniddin Marg’inoniy vafotining 800 yilligi (1997), tavalludining 910 yilligi (hijriy sana bo’yicha) (2000) keng nishonlandi (Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan). Samarqandning markaziy maydoniga Amir Temur haykali o’rnatildi. Shahardagi tarixiy obidalar Xitoy, Hindiston, Yunoniston (Afina), Italiya (Rim) yodgorliklari kabi o’zining go’zalligi bilan e’tiborni o’ziga tortadi. Samarqandga har yili dunyoning turli mamlakatlaridan minglab sayyohlar kelib ketadilar. Mehmon va sayyohlarga xizmat ko’rsatuvchi: «Afrosiyob», «Samarqand», «Zarafshon», «Bogishamol», «Markaziy», «Prezident otel» kabi mehmonxonalar qurilgan. Sayyohlarga «O’zbekturizm» milliy kompaniyasining Samarqand bo’limi xodimlari xizmat ko’rsatadilar. Samarqanddagi oliy o’quv yurtlari (universitet, tibbiyot, qishloq xo’jalik, iqtisodiyot va servis, me’morlikqurilish va chet tillar institutlari)da 19,1 ming talaba o’qiydi. 2002/ 2003 o’quv yilida shahardagi 36 ta o’rta maxsus bilim yurti, kollej, akademik litsey va internat maktablarida 25,7 ming, 67 umumiy ta’lim maktabida 76,7 mingga yaqin o’quvchi ta’lim oldi. Shahar respublikaning yirik fan markazlaridan biri. Samarqandda pedagogika akademiyasi asosida tashkil topgan Samdu katta mavqega ega. Qorako’lchilik, Isayev nomidagi parazitologiya va gelmintologiya (1925), Shreder nomidagi bog’dorchilik, tokchilik va vinochilik, arxeologiya ilmiy tadqiqot intlari, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Samarqand bo’limi turli yo’nalishdagi ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Samarqandda 4 ommaviy kutubxona, Samarqand badiiy muzey-qo’riqxonasi, 3 teatr (Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyati o’zbek davlat musiqali drama teatri, A.P.Chexov nomidagi rus drama teatri, qo’g’irchoq teatri), shahar telestudiyasi faoliyat ko’rsatadi. «Samarqand» gazeta chiqadi. Shaharda 1566 o’rinli 11 kasalxona, 348 statsionarda 1561 malakali vrachlar xizmat ko’rsatadilar. Cho’ponota tepaligi yonida dam olish uyi, Markaziy, So’g’diyona madaniyat va istirohat bog’lari, bolalar «Afsona» akvaparki, ko’plab stadion, tennis kortlari, «Delfin» suzish majmui bor. Samarqand zaminida mashhur donishmandlar, allomalar voyaga yetgan, jumladan, Ulug’bek Samarqandda munajjimlar maktabiga asos soldi, madrasa va rasadxonalar qurdi. Uning atrofida butun bir ilmiy maskan — Ulug’bek akademiyasi tarkib topdi. Bu akademiyada G’iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi mashhur olimlar yetishib chiqdi. Ulug’bek akademiyasida amalga oshirilgan ishlar jahon fan olamida tan olindi. 16-17-asrlarda Samarqandda Miram chalabiy, Mullo Abdulali Nazmuddin ibn Muhammad ibn Husayn Birichandiy, Amir Akbar Samarqandiy, Do’stiy Samarqandiy, Koshifiy Samarqandiy, Mir Jaloliddin Xorazmiy, Mavlono Abdulxayr Samarqandiy va sh.k. ko’plab fan va madaniyatning mashhur namoyandalari ijod etganlar. Samarqand shahrida hozirgi kunda xalqaro miqyosdagi turli anjumanlar o’tkazilmoqda. Ayniqsa, «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining Samarqandda o’tkazilishi muhim ahamiyatga egadir. Vatanimiz tarixida tutgan beqiyos o’rni, samarqandliklarning asrlar davomida milliy fan va madaniyatimizni rivojlantirishga qo’shgan buyuk hissasining e’tirofi sifatida Samarqand «Amir Temur» ordeni bilan mukofotlandi (1996 yil 28 avgust). Ordenni 1996 yil 18 oktabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov topshirdi. Manbalar va ad.: Samarqand tarixi, T., 1-2 j., 1971; Samarqand (profssor Z.M.Akramov tahriri ostida), T., 1961; Samarqand shahri to’g’risida statistik ma’lumotlar, S, 2002; Umnyakov I.I., Aleskerov Yu.N., Samarqand (spravochnik yo’l ko’rsatkich), T., 1968; Pugachenkova G.A., Ochiq osmon ostidagi muzey, T., 1981; Zohidov P., Samarqand me’morlik maktabi (19— 20 asr boshlari), T., 1965; Bartold V.V., Istoriya Samarqanda pri Timuridax. Soch., tom 6, M, 1966; Pugachenkova g.A., Rempel L.I., Vidayutshiesya pamyatniki arxitekturi O’zbekistana, T., 1959; Yaku- bovskiy A.Yu., Iz istorii arxeologiche- skogo izucheniya Samarqanda, Samarqand, 1927; Shishkin V.A. Kalai Afrasiyab, SB. «Afrasiyab», VIP. №1, T., 1969; Shishkin V.A., Afrasiyab — sokrovitshnisa drev- ney kulturi, T., 1966. Ahmadali Asqarov, Toshpo’lat Juma- Boev, Orzimurod Rahmatullaev.