Samarqand shahri haqida eshitganmisiz?
Samarqand shahri haqida eshitganmisiz? – Samarqand oblastining ma’muriy markazi. Samarqand qadimiy ko’hna shahar. Bu shaharni tarixchilar Vaviloniya, Fiva, Afina va Rimning tengdoshi deb hisoblaydilar. Toponimning etimologiyasi haqida turli fikrlar bor. Deyarli barcha tadqiqotchilar nomning ikkinchi komponenti – qand “qishloq shahar” deb hisoblaydilar. Ammo toponimning birinchi komponenti turli manbalarda turlicha uchraydi. Shahar nomi grek avtorlarida Samotsyan, Sivagin, Samogiyan, Limogyan formalarida tilga olinadi. Nomning etimologiyasi haqida turli chalkash va qarama-qarshi fikrlar vujudga kelgan. Ba’zi manbalarda Samar kishi nomi – (Samar Abu Qarab) sarkarda nomi bilan bog’lansa, ba’zilarda Samara – “meva, hosil, ya’ni shirinlik shahri” deb izohlanadi. Beruniy: “Samarqand – turkiy tilda Samizkand, ma’rifat shaharlaridan biri” deb yozadi. “O’g’uzlar va ular bilan yaqin turuvchilar Samarqandni kattaligi uchun Samiqand – Semiz shahar deydilar” deb qayd qiladi M.Koshg’ariy. H.Hasanov toponimning shu etimologiyasini ma’qul ko’rgan holda boshqa bir izohni ham keltiradi, ya’ni nomning birinchi qismini forscha Xamara “yig’in, to’planish” so’zi bilan bog’lab, “to’planish joyi, maslahat qishlog’i”. T.Rahmatov, Samarqand toponimining birinchi komponenti Shamar forscha “ariq, kanal” so’zi bilan aloqdor hisoblab, nomni “ariq yonidagi qishloq” deb izohlaydi. Bizningcha, nomning juda qadimiyligini nazarda tutsak, uning fors tili asosidagi etimologiyasi haqiqatga ancha yaqin. Ma’lumki, turkiy xalqlarning tarix sahnasida paydo bo’lishi shahar mavjudligidan ancha keyindir.



