Samarqand – xalifalikka qarshi olib borilgan ozodlik urushining markazi

Umar II ning o’limini G’urrak arablarga qarshi urush boshlash uchun eng qulay payt deb hisoblaydi. Endi u islom dinini qabul qilmagan feodallar tomonidangina emas, balki musulmonlikka kirgan, lekin xiroj ozod bo’lishlari to’g’risidagi orzu-umidlari amalga oshmagan kishilar tomonidan ham qo’llab-quvvatlanishiga tayanishi mumkin edi.

G’urrak arablarning bir asrlik qudrati hijriy yuzinchi yilda (719 yil) tugaydi degan gapni tarqatadi va Xitoy imperatoriga murojaat etib, arablarga qarshi kurashda unga yordam ko’rsatishni iltimos qiladi. Buxor xudot Taxshada, Shosh va Farg’ona hokimlari ham G’urakni qo’llab-quvvatladilar. G’urakning so’g’d aholisidan juzya va xiroj to’lashni talab qilgan arab hokimlariga qarshi kurashi arab xalifaligi zulmi ostida azob chekayotgan keng xalq ommasining manfaatlariga mos kelar edi. Panjikentda mustahkam o’rnashib olgan ikkinchi bir hokim – Divashti Said Huzayna G’urak qo’zg’olonini bostira olmasligiga ishonch hosil qilib, arablar va ularga xizmat qilayotgan mahalliy dehqonlarga qarshi kurashga qo’shildi. U Farg’ona shohining va G’urakka yordam tariqasida shahzoda Qursul boshchiligida ko’chmanchilarni yuborgan turk xoqonining ko’magiga amin edi. Mahalliy dehqonlar G’urak bilan birga Samarqand yaqinida joylashgan Baxiliya qal’asini qursab oldilar. Qamalda qolgan arablar 40000 dinor to’lashga va’da berishdi, lekin ular bu miqdordagi dinorni to’play olmasdan vaqtincha urushni to’xtatishni taklif qildilar va garov tariqasida 14 kishini berdilar. Ayni vaqtda ular yashirin tarzda Samarqanddagi arab qo’shinlari boshida turgan Usmon ibn Abdulladan yordam so’radi. U Musayyob ibn Zuxayrga musulmonlarni kofirlarga qarshi urushga chaqirish, G’urakka va uning ittifoqchilariga qarshi yurish va qurshovda qolgan musulmonlarni ozod qilish vazifasini topshirdi. Musayyob Fiy (hozirgi Narpay) nomli joyga yaqinlashdi. Shu viloyat maligi Turk – xoqon bu yerda turklarga bo’ysunmagan bitta ham zodagon dehqon qolmagani haqida Musayyobga ma’lum qilib, o’zining 300 jangchisini unga taklif etdi. Bundan ko’rinib turibdiki, birinchidan, ba’zi turklar hali arablar tomonida edi, ikkinchidan, Baxiliya qal’asi yaqin atrofda (Narpay) yaqinida joylashgan edi. Arablar qal’aga kirib, qamalda qolganlarni ozod qildi va Samarqandga qaytib keldi. Musayyob bu kurashni tezroq tamomlashga harakat qilib, hatto, o’zining yarador askarlariga yordam ko’rsatmaslik to’g’risida buyruq berdi.

Usmon ibn Abdulla arab garnizoni G’urak va ko’chmanchi turklarning xoqoni boshchiligidagi arablarga qarshi ittifoqning birlashgan kuchlariga bardosh bera olmasligini yaxshi tushunar edi. Shu sababli u Xuroson noibi amir Said Huzaynga yordam so’rab bir necha bor murojaat qildi.

720 yilda Said ibn Abdulaziz qo’zg’olon ko’targan So’g’dga qarshi birinchi marta yurish boshladi. U daryodan kechib o’tib, Samarqanddagi garnizonga yordam ko’rsatishga shoshildi. U shaharga yetib kelganida unga turklar va so’g’dlar otryadi hujum qildi. Turklar va so’g’dlar arablarni mamlakat ichkarisiga aldab olib kirish uchun orqaga qocha boshladilar. So’ngra turklar pistirmadan chiqib, arab qo’shinining oldingi qismini tor-mor keltirdi. Xuroson noibi Said Huzayna so’g’dlar va turklarning hujumini qaytargan bo’lsa ham, lekin ularni ta’qib qilmaslikni afzal ko’rib, Samarqandga bordi va u yerdagi mahalliy garnizonga qo’shildi. So’g’dda arablarga qarshi harakat kengayib ketdi. O’sha yillarda Panjikent maligi Divashti ham qo’zg’olonchilarga qo’shilgan bo’lishi ehtimol. 721 yilning boshida amir Said Huzayna bo’ysunmagan So’g’dga qarshi yangi yurish boshladi. Qamal qilingan arab garnizoni bilan qo’shilish uchun bir necha marta jang qilishga majbur bo’ldi. Samarqand darvozasi yaqinida bo’lib o’tgan ana shunday janglardan birida so’g’dlar arablarni aldashga intilib chekinishdi. Bundan foydalangan Said garnizon bilan birlashdi. Shahar va uning atrofidagi joylarning bir qism aholisi hali so’g’dlar tomonida edi. Tabariyning so’zlariga qaraganda, Said kechasi kichik bir otryadni Zarafshon yuqorisiga yuborib, shu yerdagi Varagsar to’g’onini egallab, Samarqandni va uning atrofidagi joylarni suvdan mahrum qilishi lozim bo’lgan. Bu esa so’g’dlarni taslim bo’lishga majbur etishi mumkin edi. Biroq so’g’dlar to’g’onni qattiq turib himoya qiladi va Said jangchilari bu yurishdan bir oz o’lja bilangina qaytib keladi.

721 yilda xalifa Yazib ibn Abdumalikning maslahati bilan Said ibn al-Xarashiy Xuroson noibi qilib tayinlanadi. Unga G’rak bilan Divashtini tinchlantirish va so’g’d xalqlarining qo’zg’olonini bostirish vazifasi topshiriladi.

Said al-Xarashiy Movarounnahrga qarshi yurishga tayyorgarlik ko’rib, o’z elchilarini maktub bilan So’g’dga yubordi va so’g’dlarni itoatgo’y bo’lishga va islom diga qaytishga da’vat etdi. Biroq so’g’dlarning bir qismi arablarga bo’ysunishni istamadi. Said al-Xarashiy o’z elchilaridan so’g’dlarning arablarga qarshilik ko’rsatish niyati borligini bilib, yurishga yana ham puxtaroq tayyorlana boshladi. U juda bo’lmaganda so’g’diylar jamiyatining yuqori tabaqalarini o’z tomoniga qaratib olib umididan voz kechmadi. Said al-Xarashiy ketma-ket elchilar yuborib, Samarqand shohi G’urakni o’z tomoniga o’tishga ko’ndirdi. So’g’d shohi G’urak va mahalliy feodallar bir guruhining Said al-Xarashiy tomoniga o’tishi qo’zg’olonchilar orasida nizo tug’dirdi. G’urak boshchiligidagi Samarqand feodallaridan bir guruhi arablarga xiroj to’lashgina emas, ularning ittifoqchilari sifatida qo’zg’olonchilarga qarshi kurashda qatnashish majburiyatini ham oldi. Balazuriy ma’lumotiga ko’ra, ularning soni o’n ming kishidan iborat edi.

Oralarida savdogarlar va juda boy dehqonlar bo’lgan so’g’dlarning Karzananj boshchiligidagi boshqa bir guruhi o’z yerlariga ekin ekmay va xiroj to’lamay qo’ydi va So’g’dni tashlab Farg’ona shohligi territoriyasiga ko’chib ketishga qaror qildi.

Panjikent hokimi Divashti boshchiligidagi dehqonlarning uchinchi guruhi Mo’g’ tog’idagi qal’ada mustahkam joylashib olishdi.

G’urak Karzananj boshchiligidagi guruhga arablar tomoniga o’tishni taklif qildi. U so’g’dlarga murojaat qilib bunday dedi: “So’g’ddan ketmangiz, o’tgan yilgi o’z xirojingizni to’langiz va o’z yerlaringizni ishlashga so’z beringiz. Agar Said al-Xarashiy “g’azavotda” qatnashishni talab qilsa, rozilik bildiringiz, o’z gunohlaringizni kechirishini iltimos qilingiz va unga garov uchun kishilar beringiz”.

G’urak arablar tomoniga o’tganidan keyin Divashti o’zini So’g’d shohi deb e’lon qildi. Shunday qilib (721-722 yillarda) So’g’dni bir-biriga bog’liq bo’lmagan ikki shoh – G’urak va Divashti boshqardi. So’g’d ikki qismga: arablar So’g’di va mustaqil So’g’dga bo’lindi.

Said al-Xarashiy Samarqandda ikki farsax masofadagi Rux qal’asida to’xtadi. U birinchi zarbani Samarqanddan ketib, Farg’ona shohi al-Tar (Olatar) qo’l ostiga o’tmoqchi bo’lgan Karzananj gruppasiga berishga qaror qildi. Karzananj o’z vatandoshlari bo’lgan so’g’dlarga najot topishning uch yo’lini taklif etdi: birinchi yo’l – Said al-Xarashiy tomonidan Abdurahmon boshchiligida so’g’dlarga qarshi yuborilgan arab qo’shinlarining oldingi qismiga hujum qilib, uni qirib tashlash. Bunda Karzananj shunday qilinsa Said al-Xarashiy So’g’dga qarshi yurishdan bosh tortadi, chunki u bu mamlakatni bilmaydi, Abdurahmon esa uning yo’l ko’rsatuvchisi deb hisoblaydi. Ikkinchi yo’l – Said al-Xarashiyga qimmatli sovg’alar yuborib, u taklif qiladigan hamma shartlarni qabul etish; uchinchi yo’l – Shosh (Sir) daryosidan kechib, g’arbiy turklarning poytaxti So’yobga ketish.

Tabariyning yozishiga ko’ra, so’g’dlar Karzananj taklif qilgan planning birontasini ham ma’qullamagan. Biroq Balamiy ma’lumotlari Tabariy ma’lumotlari bilan taqqoslansa, shu narsa ma’lum bo’ladiki Farg’ona shohi al-Tar Karzananj planining birinchi yo’liga qo’shilganini sir saqlagan va shu yo’l bilan Abdurahmon ibn Nuaym va uning o’g’li Ziyodni aldamoqchi bo’ladi. Tabariyning yozishicha, al-Tar va uning jiyani Nilan (Bilaz) Abdurahmon va Ziyod boshchiligidagi Said al-Xarashiy qo’shinlari avangardini aldashga erishadi. Tabariyning yozishicha, al-Tar so’g’dlarga tog’dagi Shu’bai Asom qal’asiga ko’chib borganlaridan keyin 20 kun o’tgach, ularni o’z himoyasi ostiga olishni va’da qilgan. U ayni bir vaqtda taxt vorisi, Shu’bai Asom qal’asi joylashgan Isfara viloyati hokimi, o’zining amakivachchasi Nilanni Said al-Xarashiy huzuriga yuborib, u orqali so’g’dlarning qal’a tomon ketayotganliklari haqida xabar qilgan. U al-Tarning so’g’dlar bilan tuzilgan shartnomasi hali kuchga kirmagan, hali ular tog’dagi qal’ada mustahkamlanib olmagan ekan, ularni qurshab olib tor-mor keltirishni Said al-Xarashiyga maslahat beradi. Said al-Xarashiy Nilan bilan birga o’z yo’lboshchisi va qo’shinlar boshlig’i Abdurahmon hamda Ziyodni katta otryad bilan yuboradi. Ammo arab josuslari chakki ishlamadi. Aftidan, Said al-Xarashiy Usrushon hokimining huzurida bo’lganida razvedka ma’lumotini olgan bo’lsa kerak, dushman niyatini tushunib, u uch kundan keyin o’z otryadiga yetib keladi. U shoshmashosharlik qilmay, hal qiluvchi janglarga tayyorlana boshlaydi.

Tabariyning ta’kidlashicha, Said al-Xarashiyning maslahatchilari va yo’l ko’rsatuvchilar so’g’dlar tog’dagi qal’aga hali yetib bormaslaridan ularga hujum qilish zarurligini qayd etdilar. Lekin Said al-Xarashiy shoshmasdan, Tabariyning aytishicha, Iroqda o’zining qat’iyatligi va farosatligi bilan ajralib turgan Said al-Xarashiy Xurosonda “yalqov va be’mani” bo’lib qolgan edi. So’g’dlar arablar bilan bo’lgan kichik jangda mag’lubiyatga uchrab, Xo’jand devorlari orqasiga ketib yashirindi. Karzananj plani fosh bo’ldi, arablarga qarshi kurash olib borishda madad ko’rsatishga va’da bergan al-Tar shartnoma hali kuchga kirmaganligini pesh qilib, yordamdan bosh tortdi. Farg’ona shohining yordamidan mahrum bo’lgan so’g’dlar sulh tuzishni so’radi: Ular Said al-Xarashiy taklif etgan shartlaning hammasini: (Tabariyning xabar berishicha) barcha arab asirlari (ayollar va bolalar) ni qaytarib berishga, xirojni to’la to’lashga, Xo’jandda biron kimsani qoldirmay, kelgan kishilarning hammasini yana Samarqandga qaytarishga majbur bo’ldi.

Tabariyning yozishicha, so’g’dlardan biri Sobit Ishtaxoniy arab ayolini o’ldirganini Said al-Xarashiyga ma’lum qiladi. Bu ayb Sobit Ishtaxoniyni jazolash uchun vaj bo’ladi. Karzananj va uning chaqirlari aybni noto’g’ri deb hisoblab qo’qqisdan arablarga zarba berib, ularning qurollarini tortib olishga qaror qiladi. Biroq bu urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Said al-Xashariy buni bilib qolib, bo’ysunmagan samarqandliklarning hammasini qirib tashlashni buyuradi. Tabariyning so’zlariga qaraganda, samarqandliklar so’nggi daqiqalargacha taslim bo’lmaganlar. Faqat o’zlarini arablardan sotib olgan 400 so’g’d savdogarlarigina tirik qolgan.

Said al-Xarashiy so’g’dlarni qattib jazolab, Xo’jand dehqonlari (xarrasin)ning bo’yinlariga qo’rg’oshin tamg’a taqib yurishlarini buyuradi. Tabariy ta’kidlaganidek, bu dehqonlar o’z egalari (sohiblar) bilan qanday voqea ro’y berganliklarini hatto bilmagan ham edilar.

“Arablar u devordan bu devorga o’tib dehqonlarni kaltaklar edi. Dehqonlarning bo’yinlarida esa muhr osilib turar edi”. Arablar dehqonlarni ushlab olib o’ldirardi. Tabariy ma’lumotlariga qaraganda, 300 kishi, boshqa ma’lumotlarga ko’ra, 700 kishi o’ldirilgan. Arablar so’g’dlarni shafqatsiz jazolagandan keyin qo’lga tushirgan o’ljaning bir qismini xalifaga ajratgan, So’g’d dehqonlarining mol-mulklarini o’zaro taqsimlab, Keshga jo’nab ketishgan. Said al-Xarashiy Farg’ona shohi al-Tardan 100 ming dinor pul to’lashni, 50 g’ulom va 50 qul (kanizak) yuborishni talab qilgan. U Farg’ona shohidan soliq olib, Samarqandga qarab jo’naydi. Farg’ona shohi va 50 ming Karluk kechasi qo’qqisdan arablarning o’ljalar ortilgan karvonlariga hujum qilib, uni talagan. Farg’onaliklar va karluklar uxlab yotgan ko’pgina musulmonlarni va arab soqchilarini o’ldirib, ko’pgina o’lja olib, o’z istehkomlariga qaytib kelgan.

Arablar Karzananj boshchiligidagi samarqandliklarni jazolab, Divashti gruppasiga qarshi kurashish uchun birlashdi.

Humayk (Jamuk) Shavkar, Xorazm shohi hamda Axarun va Shuman hokimlarini o’z qo’mondonligi ostiga birlashtirgan Sulaymon ibn Abus Sariya Divashti qo’zg’olonini bostirishda katta rol o’ynadi. U Divashtiga qarshi kurashga arab Musayyob qo’mondonligida qo’shin yubordi. Divashti mag’lubiyatga uchrab, Mug’ tog’idagi o’z qal’asi (Zarafshon daryosi chap sohilida, Panjikentdan 120 km sharqda) ga yashirindi.

Mug’ tog’idagi Divashti qal’asi uch tomondan Qum va Zarafshon daryolarining tik qirg’oqlari bilan o’ralgandi. Dushman katta qo’shin bilan qal’aga hujum qila olmaydi. Faqat uzoq vaqt qamal qilish natijasidagina qal’ada yashiringan kishilarni taslim etish mumkin edi.

Said al-Xarashiyning topshirig’iga ko’ra, Sulaymon Divashtiga erkinlik va’da qildi. Al-Xarashiyga ishongan Divashti taslim bo’ldi. Sulaymon uni Musayyob bilan birga Said al-Xarashiy huzuriga jo’natdi. Shartnomaga muvofiq, 100 oila erkinlik oldi, qolganlarining hayoti saqlab qolindi. Mug’ tog’idagi chiqish qiyin bo’lgan qal’a shu tariqa yengildi.

1933 yilda Zarafshon yuqorisida, Mug’ tog’idagi qal’ada so’g’d tilida teri va tayoqlarga yozilgan qimmatli hujjatlar, Xitoy tilida matoga yozilgan hujjatlar, bitta arab tilidagi hujjat topildi. Arab tilida teriga yozilgan hujjat V.A. va I.Yu.Krachkovskiylar tomonidan o’qilgan. Tadqiqotchilar hujjatni o’rganib chiqib, Tabariy tarixiy shaxslarning nomlanigina emas, balki joylarning nomlarini ham aniq ko’rsatgan, shuningdek, uzoq o’tmishdagi Movarounnahrda, jumladan, Samarqandda ro’y bergan voqealar xususida to’g’ri hikoya qilgan degan fikrga keldilar.

Said al-Xarashiy Movarounnahr shahar va qishloqlariga o’ch olish uchun yurishlarini davom ettirdi. Biroq Divashtining fojiali mag’lubiyatidan so’ng boshqa viloyatlarning hokimlari arablarga, hatto qarshilik ko’rsatishga ham urinib ko’rmadi. Said G’urakning o’sha vaqtda qarorgohi joylashgan Rabinjonga yo’l oldi. Aftidan, Said al-Xarashiy G’urak boshchiligida arablarning homiyligini qabul qilgan zodagon dehqonlar guruhi qo’liga topshirish uchun Divashtini bu yerga olib kelgan bo’lsa kerak. Bu zodagon dehqonlar Divashtini so’g’dlarni faqat arablarga qarshi emas, balki musulmonlar tomoniga o’tgan o’zlarining qonuniy shohi bo’lgan G’urakka qarshi ham kurashga otlangan qallob shoh deb hisoblar edilar. Said al-Xarashiy so’g’dlik ana shu dehqonlarga suyanib, o’z boshlig’i Iroq noibi Umar ibn Xubayraning Divashti gunohini kechish va uning hayotini saqlab qolish to’g’risidagi buyrug’ini buzgan bo’lsa kerak. Rabinjondagi maqbara devoriga Divashtining oyoq-qo’llari mixlab qo’yildi. Said Marvga boorish vaqtida yo’lda yana bir necha mahalliy hokimlarni o’ziga bo’ysundirdi.

723 yilning kuzida Movarounnahrning hamma joyida arablar hokimiyati tiklandi. G’urak va boshqa mahalliy shohliklar xalifalik hokimiyatini yana tan olishdi. So’g’dliklarning qo’zg’oloni yengilgach, ular so’g’d zodagon dehqonlari tomonidangina emas, balki arab feodallari tomonidan ham ekspluatatsiya qilindi. Aftidan, jangda halok bo’lgan samarqandlik yirik dehqonlarning yerlari arablar tomonidan bosib olinib, xalifaning mulkiga aylantirilgan va arab lashkarboshilariga bo’lib berilgan. Ular mahalliy dehqonlar va hunarmandlarni bevosita ekspluatatsiya qila boshlagan.

723 yildan boshlab arab hukmronligiga qarshi kurashda Farg’ona shohi al-Tar asosiy rol o’ynadi. Umar ibn-Xubayra arablarning karvonlarga bir vaqtlar homiylik qilishni va’da etgan Farg’ona shohiga qarshi yurish uyushtirishni Muslim ibn-Saidga topshirdi. Muslim esa tor-mor qilindi va Farg’onadan uloqtirib tashlandi.

Asad (724-727 yillar) Samarqand So’g’diga qarshi uch marta yurih qildi, lekin bu yurishlar muvafaqqiyatsiz chiqdi. U Movarounnahrdan qaytgach, xurosonlik oqsuyaklar, Abdurahmon ibn-Nuaym, Nasr ibn Sayyor, Surra ibn Hurra va Husayn ibn Ibrohimni din uchun urush olib borishni istamayotganlikda aybladi va ularga jismoniy jazo berishni buyurdi.

Arablar ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchragandan keyin Samarqandning bo’ysunmagan aholisiga qarshisiga qarshi yurish uyushtirish mushkullashdi. Ashras xurosonlik amaldorlarning maslahati bilan Samarqand garnizonini musulmonlikni yangi qabul qilgan mavlo deb atalgan kishilar hisobiga ko’paytirish va so’g’dlarni tinchlantirish maqsadida islom dinini qabul etganlar huquqini arablar bilan tenglashtirishga, ulardan xiroj ham, juzya ham olmaslikka qaror qildi. Abu Saida nomi bilan mashhur bo’lgan Solih ibn Ta’rif Samarqandga kelib, Samarqand shohidan musulmonlikni qabul etganlarni xiroj va juzya to’lashga majbur etmaslikni talab qildi. Tarixchilardan Tabariy va Balazuriy bir-biridan mustaqil tarzda yozgan asrlarida ana shu tadbirdan keyin Samarqandning emas, balki butun Movarounnahr aholisi ham islom dinini bajonu dil qabul qilgan deb ta’kidlaydilar. Samarqand va Buxoroda machitlar qurila boshlagan.

So’g’d shohi G’urak Ashrasga “xiroj tugatilganini” ma’lum qiladi, ya’ni So’g’d xiroj to’lashdan bosh tortadi, binobarin, shartnoma (vazoif) bo’yicha o’z zimmasiga olgan majburiyat bundan buyon bajarilmayajagini aytadi.

Samarqand hokimi xiroj yig’ishga kirishganida Abu Said ava uning safdoshlari unga qarshilik ko’rsatdi. Samarqandning musulmonlikni qabul qilgan 7 ming aholisi, shu jumladan, o’zlari va ixtiyoridagilar uchun juzya va xiroj to’lash majburiyatini olgan dehqonlar ham bu soliqlarni berishdan bosh tortdi. Ular shaharni tashlab chiqib, Samarqanddan 7 farsax narida bo’lgan joyda mustahkamlanib olishdi. So’g’dlar bilan birga, Samarqand garnizoni tarkibida arablarga xizmat qilgan yerli musulmonlar ta’siri ostida bo’lsa kerak, Abu Saida va uning arab garnizonidagi do’stlari Sobit ibn Umran Tamimiy, Qosim Shayboniy, Abu Fotima Azdiy, Bashir ibn Jurmuz, Hamida ibn Abdulla Naxviy, Bashir ibn Zanbur Azdiy, Xo’jandiy va boshqa yuqori martabali harbiy boshliqlar ham shaharni tashlab ketdilar. Ular Ashrasning soliq yig’uvchilariga qarshilik ko’rsatish uchun o’sha joyda mustahkamlanib oldilar.

Abu Saida va uning tarafdorlari bo’lajak to’qnashuvga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Ashras Mujjashir ibn Muzaximni Samarqandga valiy qilib tayinlandi. U Abu Saida va uning yaqinlarini muzokaralar olib boorish uchun o’z huzuriga taklif qildi. Abu Saida arab shoiri Sobit Qutna bilan birga uning huzuriga borganda, Mujjashir ularni ushlab qolib, soqchilar nazorati ostida Marvga noib Ashras huzuriga jo’natdi. Ashras esa ularni turmaga tashladi. Arablarga qarshi jangga tayyorgarlik ko’rishga kirishgan qo’z’gólonchilarga Abu fotima al-Azdiy boshchilik qildi.

Arablarning asosiy tayanchi bo’lgan Samarqand garnizonining ko’pchilik jangchilari qo’zg’olon ko’targan kishilarning talablari haq deb hisoblab, ularga xayrixohlik bildirdilar. Bu hol Ashrasin yon berishga majbur etdi.

Ashras qo’zg’olonchilarning birligiga putur yetkazish maqsadida Samarqand hokimiga oqsuyaklarnigina xirojdan ozod qilish va ularga bir oz yengilliklar berish to’g’risida buyruq yubordi. Ashras siyosati ba’zilarga o’z natijasini ko’rsatdi. Abu Fotima garnizon jangchilari bilan Samarqandga qaytib kelgach, qo’z’g’olonchilar rahbarsiz qoldi. Ashras arab bo’lmagan amaldor (ajam) larga ham hech qanday yengillik bermay, barcha fuqarolardan xiroj yig’ishni buyurdi.

Ana shu kurashning borishini o’rganish shu ko’rsatadiki, Samarqand qal’asi va Dabusiyadan tashqari butun Movarounnahr qo’zg’olonchilar qo’zg’olonchilar qo’liga o’tgan, ularga ko’chmanchi turklar xoqoni Abu Muzahhim yordam ko’rsatdi.

Ashras uch oy davomida bo’lajak yurishga tayyorgarlik ko’rdi. Xuroson oqsuyaklari og’ir suvoriylarsiz xoqon Abu Muzahhimga qarshi kurashish behuda ekanligiga uni ishontirdi. Shu munosabat bilan Ashras birinchi marta “robita” deb atalgan og’ir suvoriylar guruhini tuzdi.

Buxoro ostonalarida hal qiluvchi jang bo’ldi. Unda G’urak yana qo’z’g’olon ko’targan vatandoshlari tomoniga o’tdi. Ashras qaqshatg’ich zarbaga uchragach, Buxorodan Samarqandga qochdi, lekin xoqon unga shaharga yetib borishga yo’l qo’ymadi. Arablar Kemarja qal’asini egallashga muvaffaq bo’ldilar. Issiqdan va ochlikdan tinkasi qurigan Ashras qo’shinlari Kemarja qal’asini tashlab, so’g’d va turklarning nazorati ostida Dabusiyaga qarab yo’l oldi va 730 yilning kuzida Junayd ibn Abdurahmon (730-737) tomonidan qutqazilgunga qadar shu yerda qamalda qoldi.

730 yilning yozida Junayd Movarounnahrga yurishga tayyorgarlik ko’rdi. Bu xabar xoqonga borib yetdi. U 17 ming kishilik qo’shin bilan Amudaryo sohiliga kelib, dushman yo’lini to’sdi. Junayd Amulda to’xtashga majbur bo’ldi. U Zammaga o’tib, xoqon Samarqandgacha yetib borish emas, hatto Amudaryoning o’ng qirg’og’iga kechib o’tishga ham yo’l qo’ymasligiga ishondi. U yuz bergan ahvolni xalifa Hishamga (724-743) ma’lum qildi. Xalifa Ashrasga xoqonga qarshi qo’shinlar yuborish va uning e’tiborini jalb qilishni buyurdi. Ashras o’z garnizonidan 7 ming kishi ajratib, Amir ibn Malik al-Hammadiy rahbarligida Dabusiyadan jo’natdi va u Junayd tomon yo’l oldi. Biroq u ham qal’alardan birida to’xtashga majbur bo’ldi.

Hisham Junayddan yana maktub olgach, Iroq noibi Xolid ibn Abdullaga Nasr ibn Sayyor, Abdurahmon ibn Nuaym, Surra ibn Hurra va Husayn ibn Ibrohimlarni Junaydga yordam yuborishni buyurdi. Ashras Samarqanddan xoqonga qarshi Qays Vasl ibn Amirning mahalliy musulmonlari – Osim ibn Umayr Samarqandiyni chaqirlari bilan birga yubordi. Xoqon Junaydga qarshi muvaffaqiyatli urush olib borayotgan ayni vaqtda ular mustahkam qal’alarning biriga joylashib, xoqonning aryergardiga hujum qildi. Xoqon ikki frontda: Vasl ibn Amir va Junayd qo’shinlariga qarshi jang olib borishga majbur bo’ldi. U 10 mingdan ziyod jangchisi va ko’pgina lashkarboshlarini yo’qotib, orqaga chekindi. Poykanddan ikki farsax narida Junayd bilan xoqon qo’shinlari o’rtasida yana jang bo’ldi. Kutilmaganda Qatan ibn Qutayba Buxorodan chiqib, Junaydga yordam berdi va jangda g’olib chiqdi.

Xoqon 730 yilning kuzida Samarqanddan yeti farsax narida Zarman qishlog’i yonida Junaydning yo’lini to’sib, o’z ittifoqchilari bilan birga unga hujum qildi. Junayd bu jangda xoqon ustidan g’alaba qozondi. Xoqon Abu Muzahhim 731 yilning bahorida Samarqand garnizoniga qarshi 15 ming kishilik qo’shin yuborib, Surra ibn Hurra bu haqda Marvda turgan Junaydga ma’lum qilib, undan yordam so’radi. Junayd 731 yilning yozida Amudaryodan kechib o’tib, Samarqandda qamalda qolgan arab garnizoniga yordamga yo’l oldi. Xoqon o’z ittifoqchilari bilan birga dushmanga qarshi jang qilmay; uni mamlakat ichkarisiga kiritish uchun yo’l berib, orqaga chekindi.

Junayd qo’shinlari to’g’dagi davonga qadar borishga muvaffaq bo’ldi. Biroq bu yerda uning qo’shinlarining oldingi qismi ittifoqchilar hujumiga bardosh berolmay, qocha boshladi.

Tabariyning ma’lumotiga ko’ra, Junayd armiyasining asosiy va eng kuchli qismini og’ir va yengil suvoriylar tashkil etgan. Junayd armiyasida 27 ming jangchi bo’lgan.

Arablar mag’lubiyatga uchragach, hujum taktikasidan voz kechishdi. Junayd o’z qo’shinlarining ahvoli nochor ekanligini tushundi. .Harbiy maslahatchilar unga shoshilinch ravishda chora ko’rishni va yoki Xuroson qo’shinlarining halokatiga rozilik bildirishni, yoxud xoqon va so’g’dlar shohi G’urak qo’shinlarining diqqatini va kuchlarini chalg’itish uchun Surra ibn Xurraga qal’adan chiqib, dushman ustiga hujum qilishni buyurib, Samarqand garnizonini qurbon berishni taklif etdi. Junayd ikkinchi maslahatga qo’shilib, Surra ibn Hurrag Samarqanddan chiqib, uning qo’shinlariga yordamga kelishni buyurdi.

Surra ibn Hurra 12 ming kishilik qo’shinga bosh bo’lib Samarqanddan yo’lga chiqdi. Qo’shin turgan joyga uch farsax qolganida xoqon o’z jangchilariga Junayd qo’shinlari bilan urushni to’xtatib, Surra qo’shinlariga qarshi kurash boshlashni buyurdi. Surra jangchilari bilan o’tadigan qamishzorlar G’urakning buyrug’i bilan yondirib yuborildi. Surra ibn Xurra tutunni ko’rgach, xoqon Samarqand garnizonining yaqinlashib kelishidan qo’rqib, mol-mulklar musulmonlar qo’liga tushib qolmasligi uchun ularni yondirmoqda deb o’yladi. Uning o’tadigan yo’lida yonib turgan qamishzorlarni ko’rgach esa u dushman fikrini angladi. Surra jangchilari orasida sarosimalik boshlandi: ba’zi boshliqlar Samarqandga qaytib ketish uchun hali ham kech emas deb o’yladilar. Shu paytda G’urak boshchiligidagi so’g’dlar va Ashkent rahbarligidagi Nasaf jangchilari Surra armiyasiga hujum qildi. Jang Surraning to’la mag’lubiyati bilan yakunlandi; ko’pgina jangchilar halok bo’ldi, qolganlari esa qochib ketdi, 2599 jangchi Samarqandga qaytib borishga urinib ko’rdi. Turklar va so’g’dlar ularni Samarqandgacha quvib borib, shahar qalásini qurshab oldilar. Katta qiyinchiliklarni o’z boshidan kechirayotgan musulmonlar, qal’ani endi so’g’dlarga va xoqonga topshirmoqchi bo’lib turganlarida, Junayd tomonidan qamalda qolganlarga yordam uchun yuborilgan Xoris ibn Surayj boshchiligidagi otryad xoqonni chekinishga majbur etdi. Bunda xoqon 10 mingga yaqin jangchi yo’qotdi.

Junayd armiyasi Xuroson va Toharistondan kelgan 13 ming jangchi bilan to’ldirilib, u bu armiya bilan Samarqandga tomon harakat qildi va shahar yaqinida xoqon bilan Junayd o’rtasida jang bo’ldi. Arablar tomonidan asir tushgan so’g’dlar va turklar jang qilishdi, Junayd buning evaziga ularni ozod etishga va’da berdi. Turklarning orqaga chekinib, arablarni mamlakat ichkarisiga olib kirib, ularni tor-mor etish uchun qilgan urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi. Shunda xoqon Junaydin Buxoro garnizoniga yordam berish uchun Samarqanddan chiqib, bu yerga kelishga majbur etish maqsadida Buxoroni qurshab olishni buyurdi. Shunga qaramay, Junayd Samarqandni egalladi, ammo shaharda hokimiyatni saqlab turish qiyin edi, chunki bundan avval Surra ibn Hurra boshliq butun Samarqand garnizoni halok bo’lgandi.

Junayd Samarqandda 12 ming kishilik garnizon o’rniga Usmon ibn Abdulla boshchiligida 800 askar (400 otliq va 400 piyoda) qoldirib, o’zi esa Samarqanddan chiqdi va Karmana shahriga kelib to’xtadi. O’shanda xoqon Buxoro qamalidagi askarlarini olib, Junaydga qarshi chiqdi va qishni o’tkazish uchun Marvga qaytayotgan Junayd qo’shinining oldingi qismiga hujum qildi. Shunday qilib, Junaydning Movarounnahrdagi nomusulmon qo’zg’olonchi (mushriq)larga qarshi muqaddas “g’azavot” yurishi g’alaba bilan tugadi. Biroq bu g’alaba juda katta talafotlar evaziga qo’lga kiritildi. Endi arablar Samarqandda hokimiyatni o’z qo’llarida saqlab tura olmasdi.

Arab lashkarboshisi Xoris ibn Surayj Junayd bilan janjallashib, Samarqandni egallab olgan xoqon Abu Muzahhimdan himoya so’radi. Xoris ibn Surayj Movarounnahrda ancha mashhur kishi edi. U Samarqand va Dabusiyada Abu Saida safdoshlarini birlashtirdi. Abu Saidadan keyin Movarounnahr xorijiylarning boshlig’i Abu Fotima al-Azdiy Xorisning yordamchisi va harbiy maslahatchisi bo’ldi. 728 yilda Dabusiyada bo’lgan qo’zg’olon qatnashchisi Bashir ibn Jurmuz Dabiy Xoris ibn Surayj qo’shinlarining avangard qismiga qo’mondonlik qilardi. Xoris Umaviylarni tanqid qilib, Qur’on oyatlariga rioya qilmayotganliklari va payg’ambar sunnati bo’yicha ish tutmayotganliklari uchun ularni qoraladi. U zimmiylar bilan tuzilgan shartnomaga rioya qilishni, musulmonlardan (shu jumladan, musulmonlikni qabul qilganlardan) xiroj olmaslikni va’da qildi.

Xoris Movarounnahrda joylashgan musulmon garnizonlarini o’z tarafiga og’dirib, Junayd hayotlik vaqtidayoq Amudaryodan kechib o’tib, Yuqori Toharistonda o’rnashib olgan edi. Jipslashgan qo’shinga ega bo’lmagan Junayd Xorisning g’olibona yurishini bartaraf eta olmasdi.

Samarqand shohi G’urak, dehqonlar va xoqon Abu Muzahhim Xoris ibn Surayjni Xurosonga yubordilar. Bu yerdau 734-735 yillarda xorijiylar qo’zg’olonni uyushtirib, unga boshchilik qildi. Biroq Xurosonda u tor-mor qilindi. Xurosonning qaytadan tayinlangan noibi Asad ibn Abdulla (735-738) tomonidan qo’zg’olon bostirildi. Xoris ibn Surayj Samarqandga qaytib keldi.

736 yilning bahorida Xuroson noibi Asad qo’shin to’plab, Samarqandga jo’nadi, lekin shaharni qo’lga kirita olmay, aholini suvsiz qoldirish maqsadida Varagsar to’g’onini yopib qo’yishga qaror qildi. Biroq u Samarqandni egallay olmadi va Marvga qaytdi.

737 yilning qishida xoqon Samarqand shohi va Movarounnahr dehqonlari bilan birga Asadni osonlik bilan tor-mor keltirish umidida Xurosonga hujum qildi, chunki Asadning jangchilari mahalliy aholining uylariga joylashtirilgan edi. Bu yurishda Samarqand shohi G’urak halok etilgan bo’lsa kerak, turk xotoni esa tor-mor keltirilgan.

Nasr Xuroson noibi bo’lib tayinlanadi. U 739 yilda Samarqandda turgan xorijiy Xoris ibn Surayjga qarshi Balxdan Movarounnahrga yurish qildi. Xorijiylar: “arablardangina emas, balki musulmonlikni qabul qilganlardan ham hiroj olmaslik” haqidagi iqtisodiy talabni olg’a surdilar. Nasrning yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Nasr yurishdan qaytib kelganidan so’ng soliq sistemasini o’zgartirishga qaror qildi. U yuqori tabaqa vakillarini aldab, o’z tomoniga og’dirib olgan taqdirdagina samarqandliklarni yengish mumkin deb o’yladi. Buning uchun Islomni qabul etgan mahalliy musulmonlarni arablar bilan tenglashtirdi.

U musulmonlikni qabul qilgan kishilarni juzyadan ozod etib, ularga barcha musulmonlar qatori huquq berdi. Biroq yer egasi bo’lgan barcha kishilar uchun xiroj to’lash majburiy edi, ya’ni Nasr xiroj olishni qonunlashtirdi.

Nasr ibn Sayyor 739 yilda islohot o’tkazganidan keyin Movarounnahrdagi musulmonlikni qabul qilgan kishilarning qo’llab-quvvatlashiga umid bog’lab, Samarqandga qarshi yana yurish boshladi. Xoris ibn Surayj o’z xorijiylari bilan birga shu yerda joylashgan edi.

Nasr xuddi Asad ibn Abdulla singari Samarqand aholisini suvdan mahrum qilib, uni taslim qilishga urinib ko’rdi. U islohotga muvofiq, vazoifi xiroj va juzyani yengillashtirishga va’da berdi va bu bilan zodagon dehqonlarning bir qismini o’z tomoniga og’dirib, ularni Xorisga Samarqandni bo’shatib chiqib ketishni taklif qilishga majbur etdi. Xorijiylar Xoris ibn Surayj boshchiligida Shoshga ketishga majbur bo’ldi. 729 yildan 739 yilgacha Umaviy hukmronlarni va arab qo’shinlarini o’z shahriga qo’ymagan samarqandliklar yana Xuroson noibining hokimiyatini tan oldi. Nasr Mansur ibn Umar Abdulharkani Samarqand hokimi qilib tayinladi. U Xoris haydab yuborilganidan keyin Samarqandning birinchi hokimi bo’ldi.

Nasr xoqon hukmronlik qilgan davrda So’g’ddan ketib qolgan so’g’dlarning Samarqandga qaytib kelishga intilayotganliklarini bilib, ularga sulh shartnomasi tuzishni taklif etdi. Samarqandliklar Nasrning taklifini qabul qildilar va o’zlarining: islom dinidan voz kechib, avvalgi dinga qaytgan kishilarni jazolamaslik; adolatsiz suratda ular zimmasiga yuklangan qarzlarni undirmaslik; asir tushgan musulmon qullarga ega bo’lish va qonuniy huquqqa ega bo’lgan guvohlarga asoslangan sudning qarori bilangina bu qullarni qaytarish huquqini e’tirof etish haqidagi talablari hisobga olingan taqdirdagina shartnomani imzolashlarini aytdi.

Ko’pgina arab feodallarining bu shartning ular uchun nomaqbul deb hisoblashlariga qaramay, Nasr Yarash sulhini tuzdi, chunki u samarqandliklarning turklar bilan ittifoq bo’lib Movarounnahrga to’satdan hujum qilishidan qo’rqar edi.

So’g’d shohi Tarxun taxtdan ag’darilgach, xalifalik asoratiga qarshi 710 yilda boshlangan kurash turli-tuman bahonalar ostida qisqa muddatli tanaffuslar bilan VIII asrning 40yillarigacha davom etdi. Ana shu kurasshlar noib sifatida Nasrni ham, shuningdek, xalifa Xishamni ham so’g’diylarning talab-istaklarini hisobga olgan holda musulmonlar uchun noqulay bo’lgan shartnoma tuzishga majbur qildi. Shartnomaga muvofiq 741 yili samarqandliklar vatanlariga qaytib kelishdi. Nasr Movarounnahrdagi mahalliy aslzoda yer egalari bilan ittifoqni ko’zda tutgan yangi siyosiy yo’l yuritishga majbur bo’ldi.

Mahalliy oqsuyaklarning nufuzli arab oilalari bilan yaqinlashuvi ularga hukmron arab sinflari o’rtasida o’zaro nizolar va dushmanlikdan foydalanish imkoniyatini berdi. Nasr ibn Sayyor to’rt yil mobaynida faqat o’z qabilasi bo’lgan mudra vakillarini turli lavozimlarga tayinladi. Bu esa mahalliy Xuroson aslzodalari va azd qabilasi yo’lboshchisi Juday al-Karmoniyning g’azabini tug’dirdi. U Nasrga qarshi urush boshladi va bu kurash bir necha yil davom etdi. Janglarning birida al-Karmoniy asirga tushdi va Nasr tomonidan qatl qilindi. Ana shu voqea Xurosonda qabilalararo kurashning yanada keng avj olishiga olib keldi. Bunday siyosiy ahvol mahalliy oqsuyaklar tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan Alilar va Abbosiylarning taxt uchun olib borayotgan kurashini yengillashtirdi. Hijriy I asrning oxirida Alilarning ikki mazhabi Kaysaniy va Abbosiylar bir-biri bilan qo’shildi. Alining evarasi Abu Hoshim Abdulla o’z o’limidan oldin Abbosning nevarasi Muhammad ibn Aliga go’yo uning mazhabi (kaysaniylar) a’zolarida saqlanayotgan sariq rangdagi o’ralgan qog’ozni olishni vasiyat qilgan emish. Xatda Xurosondagi qora bayroq, ya’ni Abbosiylar shiasi xususida ma’lumot berilib, unda go’yo Ummaviylarga qarshi kurashga chaqirilganmish. Abu Hoshim Abdulla sanatul ximor yilidan, ya’ni hijriy yuz yildan keyin bu kurashni boshlashni vasiyat qilib, Yaqubiyning so’zicha, Qur’onning 2-surasidagi 261 (269) oyatga ishorat qiladi. Unda vayron bo’lgan qishloqni ko’rgan odam uni endi obod bo’lmaydi deb ko’nglidan o’tkazilgani va ko’zi uyquga ketgani, uyg’onganda yuz yil o’tgani, eshagining (eshak arabcha ximor) suyagini ko’rgani, uni ollo o’z qudratini ko’rsatib tiriltirgani haqida so’z boradi. Abbosiylar guruhining asosiy rahbarlari Qur’ondagi bu oyatni erkin talqin etib, Muhammad payg’ambar ham yuqoridagi kishi kabi yuz yilcha uxlagan bo’lsa kerak (u 11 hijriy yili vafot etgan) va hijriy 111 yilda uyg’unadi deb e’tiqod qilgan hamda xalifalikda hukmronlikni o’z qo’liga oladi deb ishongan. Qur’onni ana shunday erkin talqin etish tufayli Islom dini hurramiya mazhabi kelib chiqdi.

Muhammad ibn Ali 729 yil (hijriy 111 yil) da Xuroson va Movarounnahrning yirik shaharlariga o’z da’vat etuvchilarini jo’natdi. Abu Xanifa ad-Dinovariyning ma’lumotiga ko’ra, Junayd (727-729 yil) hukmronligi davrida Samarqand, Buxoro, Kesh (hozirgi Qarshi), Nasaf (Shahrisabz) shaharlariga uning tomonidan maxfiy kishilar yuborilgan bo’lib, ular xalqni Umaviylarga qarshi kurashga va Hoshimiylar xonadonining muruvvatli vakiliga qasamyod qilishga chaqirishgan edi. Tabariyning qayd qilishicha, 746 yili Abu Muslim imom Ibrohim ibn Muhammad ibn Ali nomidan Marvga shu chaqiriq bilan kelib, Umaviylarni soxta sulola sifatida fosh etdi. Kishilar Abu Muslimning Hoshimiylar avlodi vakili ekanligini bilib, uning tomoniga o’tadi. Mujashiy ibn Xurays Movarounnahrga qora bayroqni jo’natib, belgilangan kunda kurash boshlashga buyruq berdi.

Abu Muslim Umaviylar sulolasiga qarshi Marvda qo’zg’olon tayyorladi. Tez orada Umaviy xalifaligining barcha qismida hokimiyat Abbosiylar qo’liga o’tdi va xalifalik taxtiga as-Saffoh (749-754 y.) o’tirdi.

751 yil yozida Ziyod Buxorodagi qo’zg’olonni bostirishga muvaffaq bo’ldi. Abbosiylar harakati yillarida movarounnahrlik shohlar qo’shni hokimlarning madadiga umid bog’lab, arablar hukmronligidan xalos bo’lishga yana bir bor urinib ko’rdilar. Samarqandliklar va Kesh hukmdorlari ham mustaqillikka intildilar. Abu Muslim 752 yilda Samarqandga jo’nay turib, Abu Dovud Hamid ibn Ibrohimni Keshga yubordi va uning o’rniga o’ldirilgan shohning ukasini tayinladi. Abu Muslim Abu Dovudning hokim qilib tayinladi va unga Samarqand hamda uning tevarak-atrofidagi devorlarning buzilgan joylarini tiklashni buyurdi. Arablar 751 yilda Talas vodiysida bo’lgan jangdan keyin qo’shni turklarga qarshi chegarani qaytadan mustahkam zarurligini tushunib oldilar. Chunki ular arablarga qarshi kurashda samarqandliklarni bir necha bor qo’llab-quvvatlagan edilar.

Shunday qilib, Movarounnahrning barcha viloyatlarida Abbosiylar bilan Umaviylar o’rtasidagi o’zaro urushlar vaqtida Movarounnahrning mahalliy shohlari va dehqonlar o’z qo’shinlarining yordami bilan arab xalifaligi hukmronligidan ozod bo’lishga harakat qildi. Buning ustiga ular Samaqandning o’zida arab feodallari o’rtasidagi nizolarni qo’llab-quvvatladi.

Abu Muslim tomonidan Movarounnahrga noib qilib tayinlangan Ziyod Ibn Solih 753 yilda xalifa as-Saffohning maxfiy buyrugí bilan unga qarshi chiqdi. Shu yilning o’zida Abu Muslim Ziyod qo’zg’olonini bostirish uchun yana Samarqandga qarab yo’l oldi. Afsuski, Samarqandda yoki Movarounnahrning boshqa joylarida Abu Muslim qo’shinlari bilan Ziyod qo’shinlari o’rtasida jang bo’lganligi to’g’risida hech qanday ma’lumot yo’q.

Aftidan, Ziyod isyonining asosiy sababi ma’lum bo’lib qolganidan so’ng Sabo ibn No’mon Movarounnahrgagina emas, balki Abu Muslim idora qilayotgan Xurosonga ham noib bo’lish haqida xalifa nomidan Ziyodga yorqin berganligini e’tirof etgan; mahalliy zodagonlar esa Ziyodni qo’llab-quvvatlamagan.

Samarqandliklar xalifa as-Saffohning istagiga zid tarzda Ziyodga qarshi chiqib, Abu Muslimni qo’llab-quvvatladi. O’sha vaqtda Ziyod Samarqand yaqinida Barkaslik bir zodagon dehqonning uyida yashirinib yotgan. Tabariyning yozishicha, Dixkan Ziyodni o’ldirib, uning boshini Abu Muslim huzuriga olib kelgan. Abu Muslimni xalq faqat qahramongigina emas, balki avliyo deb ham tushunar edi. Abu Muslim shaxsini ilohiylashtirish tendentsiyasi u hayotlik paytidayoq boshlangan edi.

Ziyod qo’zg’olonini bostirish vaqtida movarounnahrlik zodagon dehqonlar xalifa as-Saffohdan qo’rqmay, Abu Muslim tomoniga o’tdi va xalifalik uchun dahshatli xavfga aylandi.

Abu Muslim uzoq vaqt Samarqandda qolib ketdi. U qal’ani mustahkamlash hamda shaharning ichki va tashqi devorlarini tiklashni buyurdi. Uning buyrug’i ustida 7.5 farsax uzunlikda kunguralar qurildi, devor esa 360 uchastkaga bo’lindi. Har 200 gaz masofada devorga soqchilik burjlari qurildi.

Abu Muslim samarqandliklardan ajralgisi kelmas edi, bu yerda uning chinakam do’stlari va himoyachilari bor edi. Biroq, Nasafiyning aytishicha, xalifa va Abu Ja’far Abu Muslimni shaharni tark etib ketishga majbur qilib, uni Makkaga hajga borishga ko’ndirdi. Abu Muslim 755 yilda hajdan qaytayotganida Abdulla g’alayonini bostirish to’g’risida xalifalikdan buyruq oldi. Abu Muslim ana shu vazifani bajargach, Bag’dodga xalifa saroyiga qaytib keldi va bu yerda o’ldirildi.

Abu Xafs Nasafiyning aytishicha, Abu Muslimning Bodiyeldon Samarqandiy (samarqandlik tez yurar, mohir razvedkachi) laqabi bilan don chiqargan xizmatkori bo’lib, u dushmanlarga qarshi kurashda unga yordam bergan. Abu Muslim o’ldirilgandan keyin Bodiyeldo uning jasadini Bag’doddan Samarqandga olib kelishga muvaffaq bo’lgan. Bu yerda Abu Muslim jasadi Xo’ja Ta’mim Ansoriy mozori yaqiniga izzat-ikrom bilan ko’milgan.

Aftidan, Nasafiy rivoyatlarga asoslangan bo’lsa kerak, garchi Samarqandda va uning tevarak-atrofidagi Abu Muslimga hurmat bilan qarab, uning shaxsini ilohiylashtirishga intilish katta bo’lgan bo’lsa ham qadimiy manbalarda bunday ma’lumotlar uchramaydi. Shu munosabat bilan Samarqandda va uning tevarak-atrofida har xil diniy mazhablar paydo bo’ldi. Zabt etilgan mamlakatning mahalliy xalqlari orasidan chiqqan Abu Muslim izdoshlari, bir tomondan, Abu Muslim qatl etilganini tan olib, xalqni uning qonu uchun o’ch olishga da’vat etsalar, ikkinchi tomondan, uning shaxsini ilohiylashtirib, uni payg’ambar deb hisoblab, ko’klarga ko’tardilar; uning ruhini abadiy barhayot deb, yana qaytib kelishini kutdilar. Masalan, Sumbod degan kishi o’zini Abu Muslimning vakili deb e’lon qilib, Abu Muslim tirik, Abu Ja’far Abu Muslimni o’ldirmoqchi bo’lganida, u xudo taoloning nomini tilga olib, oq kabutarga aylanib uchib ketdi, deb odamlarni ishontirishga urindi. Bunday diniy qarashlar Samarqanddagi “Shohizinda” (“TIrik shoh”) mozorining nomlanishini fahmlab olish uchun yordam beradi.

Abu Muslimni ilohiylashtirib, bid’atchi mazhablarning rahnamosi qilib ko’rsatgan Muqanna qo’zg’oloni bostirilgach, sunniy ruhoniylarning ta’siri kuchaya borishi bilan Abu Muslimning nomi ham unutilib ketgan bo’lishi mumkin, lekin mozorning nomi saqlanib qolgan.

Keng xalq ommasi o’z orzu-umidlarini og’ir soliqlar, diniy va milliy zulm hamda kamsitishlardan xalos etishni va’da qilgan Abu Muslimning muvaffaqiyatlari bilan bog’lari edi. Shuning uchun ham Abu Muslim o’ldirilganidan keyin Abbosiylarga qarshi qo’zg’olon boshlandi. 755 yilda Xurosonning Ray shahrida Sumbod qo’zg’olon ko’tardi va Xuroson noibiga qarshi 70 kun davomida shiddatli kurash olib bordi.

Aftidan, arab xalifasi Abu Ja’farning maxfiy niyatlari fosh etilgan xuddi ana shu Movarounnahrda Abu Muslim o’z dushmani-Abbosiylar xalifasi Abu Ja’farga qarshi madad topdi va Samarqandda o’zini xavf-xatardan xoli his qildi.

Shunday qilib, VIII asrning 50-yillarida Samarqandda xalifalik hukmronligidan qutulishga intilish juda katta edi. Abu Muslim Samarqanddan ketib qolganidan keyin bu shahar to’g’risida, ayniqsa, Abu Dovud hukmronlik qilgan davr (755-757) haqida arab tilidagi manbalarda ma’lumotlar juda kam. Gardiziyning yozishicha, Abu Dovud Samarqandda “oq kiyimlilar” bilan bo’lgan urushda o’ldirilgan.

757 yilda Marvda boshlangan qo’zg’olonga Baroz boshchilik qildi. Gardiziyning ma’lumotlariga ko’ra, u Abbosiylarning qora bayrog’iga qarshi oq bayroq ko’tardi. Mahalliy zodagonlarning ta’siri ostida bo’lgan xurosonlik noib Abduljabbor Barozga kelib qo’shildi. Bu zodagonlar boshida Abduljabborning vaziri, al-Muqanna deb nomlangan Hoshim ibn Hakim (Ibn Xaliqanga ko’ra, Hoshim ibn Ata) turar edi. Xalifa qo’zg’olonni bostirish uchun o’z o’g’li-toju taxt valiahdi Mahdiyni yubordi. Abduljabbor va uning tarafdorlari 753 yilda qo’lga tushirilib, Bag’dodga olib ketildi va u yerda qatl etildi. Ammo uning vaziri Muqanna esa Bag’dod turmasida 769 yilgacha saqlandi.

Aftidan, Muqanna zindiylar yordamida zindondan qochgan va Bag’doddan eson-omon Marvga yetib borib, arab Abdulla ibn Amirning uyida yashagan Abdulla ibn Amir Qashqadaryo vodiysida qo’zg’olon tayyorlashda faol qatnashgan. Xuroson noibi Humayd ibn Kaxtoba (769-776) Muqannaning daryodan kechib o’tib, Movarounnahrga borish niyatini bilib, kechuvga qo’shinlarni yubordi va Muqannani qo’lga tushirishni buyurgan. Biroq Muqanna sezdirmay Qashqadaryo vodiysiga kelib, u yerda katta shaharlar-Kesh, Naqshob, Samarqand, Buxoro va boshqa joylardagi mustahkamlash ko’handizlarida turgan arab garnizonlariga qarshi kurash boshlagan. Muqanna zindiylarning ta’limoti va mahalliy dindonlar ta’siri ostida quyidagilarni targ’ib etdi: “Men butun dunyoning egasiman… Men o’zimni xohlagan nom bilan atay olaman. Men xalq orasiga Odamato, keyinchalik Ibrohim, so’ngra esa Muso, shundan keyin Iso va yana Muhammad payg’ambar sifatida… keyinchalik esa Abu Muslim bo’lib xalqqa ko’ringanman. Mana endi meni ko’rib turganingizdek qiyofada keldim”.

Mehnatkash xalq Muqanna tomonida bo’lishiga qaramay, katta shaharlarda hokimiyatni mustahkam ko’handizlarda joylashib olgan arab garnizonlari saqlab turardi. Muqand va Buxorodagi arab garnizonlariga qarshi kurash boshlashni va Kesh viloyatidan Siyam (Sanam) qal’asini mustahkamlashni buyurdi.

So’g’dda qo’zg’olon ko’targan safidjomagonlar (oq kiyimlilar) Samarqand garnizoniga qarshi kurashda Muqannaga yordam berishda, musulmonlarning uylarini talashdi. Asosiy harakatlar Samarqand yaqinida bo’ldi, chunki bu yerda arablar harbiy kuchining asosiy qismi joylashgan edi. Qo’zg’olonchilar Keshni va Narshax qal’asini egallaydilar. Xuroson noibi Abu No’mon Humayd ibn Kaxtoba qo’zg’olonni bostirishga harakat qildi.

Humayd ibn Kaxtobadan keyin Xurosonni uning o’g’li Abdulla ibn Humayd ibn Kaxtoba idora qildi. U hukmronlik qilgan davrda Muqanna qo’zg’oloni yanada keng quloch yozdi.

Xalifa Mahdi 776 yili Abu Ayyub Abdulmalik ibn Yazidni Xurosonga noib qilib tayinladi va unga butun So’g’dda qo’zg’olonni tugatish uchun shoshilinch choralar ko’rishni buyurdi.

Abdumalikning buyrug’i bilan Jabroil Husayn ibn Ma’azga yordamga yetib keldi. Ular umumiy kuch bilan Narshaxni qurshab olishdi. Narshax qal’asi uzoq vaqt qarshilik ko’rsatgandan keyin taslim bo’ldi. Safidjomagonlarning kesilgan boshlari qo’zg’olonchilarni qo’rqitish uchun So’g’dga keltirildi. Safidjomagonlarga qarshi olib borilgan urush Samarqandning o’zida va tevarak-atrofdagi joylarda ham davom etdi.

Jabroil Husayn ibn Ma’az bilan birga buxorolik lashkarlarga bosh bo’lib Samarqandga kelishdi.

Bal’amiyning yozishicha, shahar aholisi ikki guruhga bo’lindi: bir xil kishilar. Samarqand garnizoni jangchilari bilan birga Jabroilning shaharga kirishiga yordam berishdi, boshqalari esa turklarning harbiy boshlig’i Fid bilan birgalikda ularga qarshilik ko’rsatishdi. Fil 300 kishini yo’qotib, chekinishga majbur bo’ldi. Jabroil ham katta talafot ko’rdi. U Samarqand garnizoni bilan qo’shila oldi, ammo endi u urushni muvaffaqiyatli davom ettirishga umid bog’lamas edi. Muqanna Garicha (Xorija) boshchiligida Jabroilga qarshi Samarqand ustiga o’n ming kishilik qo’shin yubordi. Jabroil yordam so’rab Xuroson noibi Abdulmalik huzuriga chopar yubordi. Abdulmalik Uqaba ibn Salim boshchiligida 10 ming musulmonni ajratib berdi. Biroq qo’zg’olon ko’targan Muqanna tarafdorlari Kesh yaqini ularga hujum qilib, katta talafot yetkazishdi. So’ngra qo’zg’olonchilar hiyla ishlatishdi. Ular mahalliy zodagon dehqonlardan birining nomiga xat yo’llab, unda Horija Jabroilni tor-mor qildi va Samarqnadnig taladi deb yozdilar. Qo’zg’olonchilar shunday qildilarki, bu qalbaki ma’lumot Uqabaning qo’liga tushdi. Xatdagi xabarga ishongan va Samarqandgacha yetib borishga ko’zi yetmagan Uqaba Jabroilga qo’shilish uchun Balxga qaytib keladi. U yerdan u Xuroson noibi Abdulmalikka xat yozib, qo’zg’olonchilar halqasini yorib o’ta olmaganligini va Jabroil bilan qo’shila olmaganligini ma’lum qildi. Qo’zg’olonchilar tomonidan tor-mor qilingan Uqaba ibn Salim joylashgan Balxda Abdulmalikning buyrug’i bilan 14 ming kishilik qo’shin to’plandi. Uqaba ibn Salim boshchiligidagi bu qo’shin Horijaga qarshi urushda Jabroil ibn Yahyoga yordam berish uchun yana Samarqandga qarab yo’l oldi. Bundan xabardor bo’lgan Muqanna o’z tarafdorlariga yordam berish uchun harbiy boshliqlar Sarixama (Sarjama) va Kiyaki GUzi boshchiligida ham ko’p qo’shin yubordi.

Jabroil musulmonlarni himoya qilish va noib yuborgan qo’shinlarni kutib o’tirmay, kurashni boshlash uchun qal’adan chiqishga majbur bo’ldi. Qattiq jangda ko’pgina musulmonlar halok bo’ldi, Jabroil esa qolgan qo’shinlari bilan Samarqandning mustahkam qal’asiga yashirindi. Sarixama Horijaga Samarqandni qamal qilishni davom ettirishni buyurdi, o’zi esa Jabroilga yordamga kelayotgan musulmon qo’shinlariga qarshi chiqish uchun qo’shin bilan Amudaryo qirg’oqlariga qarab yo’l oldi.

Qo’zg’olonchilar Termizni ishg’ol qilib, Xurosondan Movarounnahrga kechib o’tiladigan joyda musulmon qo’shinlariga qarshi qaqshatg’ich zarbaga tayyorlandi. Qonli jang bo’lib, unda yuzlarcha kishi o’ldirildi. Qo’zg’olonchilar g’alaba qozondi.

Muqanna arablarga ko’maklashgan zodagon: dehqonlarning mol-mulkini talash to’g’risida qo’zg’olonchilarga buyruq berdi. Jabroil bilan Fil o’rtasida jang borayotgan vaqtda Sag’oniyon hokimi arablar tomonida turganligi uchun bo’lsa kerak, Muqanna buyrug’i bilan Sarixama Sag’oniyonni bosib olib, bir oy davomida bir qancha qishloqning zodagon dehqonlarini taladi.

Jamhur boshchiligidagi qo’zg’olonchilar Naxshobni egalladilar. Bu shaharning aholisi, Ba’lamiyning yozishicha, urushsiz Jamhurga qo’shildi. Zodagon dehqonlar mol-mulklarini to’plab, shahardan qochib ketishga urinib ko’rdi, ammo qo’zg’olonchilar ularning yo’lini to’sdi. Shahar devorlaridan tashqarida shiddatli jangler boshlandi. Ba’lamiy ana shu jang haqida bunday deb yozadi: Ahmad Mudiy degan badavlat dehqon katta qo’shin bilan Nahshobga hujum qildi va qo’zg’olonchilardan qattiq o’ch oldi. Jamhur va qo’zg’olonning boshqa rahbarlari dorga osildi, bu esa qo’zg’olonchilarning istilochi arablargagina emas, balki mahalliy feodallarga nisbatan ham qahr-g’azabini qo’zg’atdi.

Muqanna Samarqandni arab qo’shinlaridan ozod qilish uchun yana bir bor urinib hiyla ishlatdi. Uning talabiga asosan, Jamhurning akasi badavlat dehqon Jahdon (Hijduvon) Jabroilga xat yozib, uni o’z himoyasiga olishini iltimos qildi. Jahdonning Muqanna tomoniga o’tib ketganligini bilmagan Jabroil unga yordam tariqasida Yazid ibn Yahyo va Nasr ibn Lays boshchiligida otliq otryadlar yubordi. Turk qo’shinlari Muqanna qo’shinlari bilan birga pistirmadan turib ularga hujum qilishdi. Bu jangda Yazid ibn Yahyo o’ldirildi. Uning qo’shinlari Nasr ibn Lays bilan birga qurshovda qoldi. Ularni qutqazish uchun Jabroil garnizon bilan birga Samarqanddan chiqdi va Samarqand garnizonining katta qismini qurbon qilib, qal’aga qaytib keldi.

Mahdiy 778 yil yanvarda Ma’az ibn Muslimni Xurosonga noib qilib tayinladi va unga Jabroil ibn Yahyodan boshqa hamma hokimlarni ishdan bo’shatishni buyurdi. Ma’az ibn Muslim Muqannaga qarshi yurish tashkil etish uchun bahor fasliga Movarounnahrga qarab yo’l olgan bo’lsa kerak. Uning buyrug’i bilan Buxoroda 570 ming dehqon, bolta, panshaxa va tabarlar ko’targan 3 ming hunarmand to’plandi, tosh otadigan, devor teshadigan asboblar manjaniqlar tayyorlandi. U yaxshi qurollangan qo’shin bilan So’g’dga qarab jo’nadi.

Said al-Xarashiy Ma’az ibn Muslimga yordam berish uchun Hirotdan So’g’d tomon yo’l oldi. Jabroil ibn Yahyo ana shu vaqtda 15 ming kishilik armiyaga boshchilik qilayotgan Xorija bilan urushayotgan edi. Xorijaga Samarqand garnizoniga uzluksiz hujum qilish topshirilgan bo’lsa kerak. Arablarning jazo qo’shini yaqinlashib kelayotganligini eshitgan Muqanna zarbani qaytarish uchun o’zining eng yaxshi qo’shinlarini Samarqandga yubordi. Balaámiyning yozishicha, Xalq Xoqon va uning inisi Filning 40 ming kishilik qo’shini, Kiyaki Guzining 10 ming kishilik qo’shini va Nayzaning 14 ming kishilik qo’shini Samarqand ostonalarida to’plandi.

Jang yakkama-yakka olishuv bilan boshlandi. Qo’zg’olonchilar tomonidan Fil, arablar tomonidan esa Mahdiyning musulmon qilgan odami Nasr ibn Lays maydonga chiqishdi. Fil o’ldirildi. So’ngra Nayza bellashdi va u ham o’ldirildi. Arablarning diqqt e’tibori yakkama-yakka olishuvga qaratilgan bir paytda, qo’zg’olonchilarning ayrim otryadlari shahar devorlarini buzib, shaharga bostirib kirdilar. Ular arablarnigina emas, balki mahalliy musulmon zodagon dehqonlarini ham taladilar. Turklar va Muqannaning hujumini zo’rg’a qaytargan Ma’az 778 yil qish kirishi bilan Marvga qaytib keldi. Xalifa Mahdiy 779 yili Xuroson noibi Ma’azga yana qo’shin tortib Movarounnahr ustiga borishni buyurdi, xalifaning o’zi esa Nishopurga yetib keldi. Qo’zg’olon vaqtida moddiy zarar ko’rgan ko’pgina yirik mahalliy yer egalari yosh xalifaga va Marvga yetib kelgan Ma’az ibn Muslimga yordam berishga shoshildi. Xalifa Hirot hokimi Said al-Xarashiyga Muqannaga qarshi muqaddas yurishda ishtirok etishni buyurdi. Ma’az katta qo’shin to’plab, Buxoroga qarab yo’l oldi. Buxoro zodagon dehqonlari shahar aholisidan qurol-yarog’ishlatishga yaroqli kishilarni tanlab, unga yordam berdi. Agar Buxoro rayonida Muqannaga qarshi kurashgan qo’shinlarning asosiy qismini arablar tashkil qilgan bo’lsa, So’g’dda esa manzara tamomila boshqacha edi. “Oq kiyimlilar” mudofaaga yaxshi tayyorgarlik ko’rishdi. Samaqand yaqinida turk harbiy boshlig’i  Kiyaki Guzi bilan Ma’az qo’shinlari o’rtasida to’qnashuv bo’lib o’tdi. Kiyaki Guzi 300 ga yaqin kishidan ajralib chiqishga majbur berdi. Keyinchalik Ma’az bilan Said al-Xarashiyning birlashgan qo’shinlari ham qo’shinlari ham qo’zg’olonchilardan yengildi. Qish kirishi bilan Said al-Xarashiy qamalni tashlamadi, Ma’az esa qishlovga ketdi.

Xalifa 780 yil boshlarida Musayyob ibn Zuhayrni Xuroson noibi qilib tayinlandi. U bahor faslida Movarounnahrga yangi yurishga otlandi. Bu vaqtda Movarounnahrda “oq kiyimlilar” harakati kuchaygan edi. Yaxshi qurollangan otliqlar otryadiga ega bo’lgan turk sarkardasi Kular Tegin ularga, ayniqsa, astoydil yordam berdi. Musayyob ibn Zuhayr Buxoroda u bilan bir necha bor jang qildi. Musayyob urushayotgan vaqtda Said Siyom qal’asini qamal qilishni davom ettirdi. Jabroil ibn Yahyo Samarqandda hokim bo’lib qoldi. Musayyob ibn Zuhayr Buxorodan Keshga keldi. Qashqadaryo vodiysida qo’zg’olonchilarga qarshi kurash boshlandi. Arablar va mahalliy feodallar Muqanna joylashib olgan Siyam (Sanam) tog’idagi qal’ani uzoq vaqt qamal qildilar. Said al-Xarashiy qish faslida ham qamalni davom ettirishni taklif qildi. Buning uchun u xalifaning roziligini oldi. Uzoq davom etgan qamal Muqanna qo’shinlariga yomon ta’sir etdi. Ayni vaqtda Xurosondan yetib kelgan Dovud qo’shinlari hisobiga arablarning kuchi ko’paydi. Qal’aning mudofaa xandaklarini qo’riqlab turgan Muqannaning ukasi Qabzam “oq kiyimlilar”ni qirib tashlab, uch ming kishilik qo’shini bilan al-Xarashiyga taslim bo’ldi va islom dinini qabul qildi. Said Muqanna oldiga elchilar yuborib, unga taslim bo’lishni taklif qildi. Ammo Muqanna taslim bo’lishdan bosh tortdi va qal’aga qo’mondonlik qilishni Sarixamaga topshirdi. Biroq Sarixama 3300 jangchi bilan arablar tomoniga o’tib ketdi. Tashqi qal’a arablar qo’liga o’tdi, qo’zg’olonchilarning ahcoli umidsiz bo’lib qoldi.

Ahvolning juda og’irligiga ishonch hosil qilgan Muqanna 782-783 yillarda o’z yaqinlarini, erkak va ayollarni zahar ichishga majbur qildi, o’zini esa yonib turgan o’choqqa otdi. Beruniyning so’zlariga qaraganda, bu voqea 785 yilda bo’lgan. Muqanna o’z tanasining sirli g’oyib bo’lishi izdoshlarini uning yana qaytib kelishiga ishontiradi deb o’zini kuydirishga jazm qildi. Ammo u o’choqning ichidan topib olindi, uning kesilgan boshi esa xalifa Mahdiyning oldiga olib kelindi.

Bar Yevrey go’yo Muqannaning basharti men halok bo’lsam ko’k otga mingan keksa kishiga aylanib, o’z izdoshlarim yoniga qaytib boraman va yerni egallayman, deb aytgan so’zlarini keltiradi.

Muqanna qarorgohining olinishi va uning o’limi bilan bu harakat uzil-kesil bositirilmadi. Muqanna izdoshlaridan ba’zi birlari yo’lboshchining qaytib kelishi kutar edi. Ular Kesh (Shahrisabz) va Naxshob (Qarshi) viloyatlarining qishloqlarida uzoq vaqt, hatto XII asrgacha shu haqda tashviqot olib bordi.

Muqanna qo’zg’olon garchi mag’lubiyat bilan tugagan bo’lsa-da, u Abbosiylarga xalqning qudratini, uning istilochilarga nisbatan nafratini ko’rsatdi.

“Oq kiyimlilar” va Muqanna harakati bostirilgandan keyin Movarounnahrdagi mehnatkashlar ommasining va boshqa tabaqalarning xalifalikka bo’lgan nafrati yanada kuchaydi, ular yana bosh ko’tarishga tayyor turdi. Ayrim guruhlar islom ta’limoti va xalifalikka qarshi kurashni uzluksiz davom ettirdi.

Xalifa Xorun ar-Rashid xurosonlik zodagonlarning kuchayib ketgan ta’siriga qarshi kurash olib borib, xalifalikning markazi va sharqiy viloyatlarida hokimiyatni o’z qo’lida ushlab turgan Barmaqiylar oilasining qirib tashlaganidan keyin ziddiyatlar ayniqsa kuchayib ketdi. U xurosonlik dehqonlarni hokimiyatdan chetlashtirdi va Xuroson noibi qilib arab zodagonlarining vakilini tayinladi. Arab noiblari Musayyob ibn Zuhayr (780-783) va Gitrif ibn Ato (792-793) tarkibida kumush oz bo’lgan dirhamlar-musaybi va gitrifi zarb qildi. Bu dirhamlarning oltidan bir qismigina kumushdan iborat edi. Ana shunday dirhamning oltitasi bir kumush dirhamga to’g’ri kelar edi. Hukumat hirojni ana shunday dirhamlar bilan to’lashni talab qilganligi sababli Buxoro hiroji olti baravar ko’paydi. Norozi bo’lgan mahalliy zodagonlar qishloq jamoasi sharoitida yashayotgan O’rta Osiyo mehnatkash dehqonlaridan madad qidira boshladi.

Davlat bu mehnatkash dehqonlardan yetishtirayotgan qishloq xo’jalik mahsulotlarining beshdan ikki qismidan tortib, to uchdan bir qismigacha bo’lgan ulushini olar edi. Noib Ali ibn Iso Xurosonga kelgach, odamlarni siqishtira boshladi, zo’rlik ishlatdi, ularning mol-mulkini taladi. U talab olgan boyliklarning bir qismini (otlar, qullar, kiyim-kechak, mushk-anbar va pullarni) sovg’a tariqasida Xorunga jo’natdi.

806 yili Samarqandda Rafi ibn Lays boshchiligida mehnatkash dehqonlar qo’zg’oloni boshlandi. Bu qo’zg’olon ham Muqanna qo’zg’oloni ilgari surgan shiorlarni ko’tarib chiqdi va o’sha talablarni qo’ydi, chunki qo’zg’olonni keltirib chiqargan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sabablar bartaraf etilmagan edi. Bu g’alayon Zarafshon va Qashqadaryo vodiylariga yoyildi. Shosh aholisi va qo’shni qarluqlar qo’zg’olonchilarga qo’shildilar. Isyonchilar islom dinini, istilochilar dinini rad etib, xalqni “sulton va musulmonlarga” qarshi kurashga da’vat etdilar. Shahar kambag’allari ham dehqonlarga qo’shildi.

Dehqonlarning bir qismi ham qo’zg’olonchilarga kelib qo’shilishdi. Dehqonlar hokimiyat uchun va ilgarigi iqtisodiy ahvolni, ya’ni o’zlarining sinfiy manfaatlarini ko’zlagan ahvolini tiklash uchun xalq qo’zg’olonidan foydalanishga harakat qildilar. Qo’zg’olon boshlig’i, arab harbiy sarkardasi Rafi ibn Lays Samarqandni bosib olib, urush harakatlariga shu yerdan turib rahbarlik qildi. U Umaviylardan bo’lgan noib Nasr ibn Sayyor mudaribning nabirasi edi. Nasr ibn Sayyor qudratli va urushqoq kishi bo’lib, VIII asrning 40-yillaridayoq buxor xudot Taxshadning qiziga uylanib, qarindoshlik ittifoqini mustahkamlab olgandi. Ammo bu davrga kelib uning avlodi Xuroson va Movarounnahrning hayotida Umaviylar xalifaligi davridagi singari katta rol o’ynamasdi.

Qo’zg’olon boshlanishdan oldin Rafi ibn Lays sulton qo’shinlarining boshliq (mehtar)laridan biri edi. Rivoyatlarga qaraganda, u shaxsiy g’araz tufayli Ali ibn Isoga qarshi chiqqan. U bir arab xotinni sevib qolib, unga uylangan, lekin ayol shariat qonuni bo’yicha eri bilan ajrashmagan ekan. Rafn ayolga musulmon dinidan voz kechishni va Rafi ibn Lays bilan birga yashash uchun vaqtincha dahriy bo’lishni, ya’ni murtad bo’lishni taklif qilgan. Ayol Rafi tavsiya etganidek ish tutgan. Ayolning eri Ashraf degan kimsa xalifa ar-Rashidning qarindoshlaridan biri bo’lib, unga shikoyat qilgan va shariatni buzganligi ham or-nomusini haqorat qilganligi uchun Rafini jazolashni talab qilgan. Samarqand hokimi xalifaning buyrug’ini olgandan keyin mahalliy an’analarni buzganligi uchun jazolash maqsadida Rafi ibn Laysni qo’lga tushirgan va eshakka teskari mindirib shahar aylantirgan. Bu voqea samarqandliklarning izzat-nafsiga tekkan va ular noibning siyosatidan norozi bo’lgan, xalqqa boshchilik qilgan Rafi ibn Laysni ozod etishgan.

VII asrning birinchi yarmida Xurosonda katta lavozimni egallab turgan arab Nasr ibn Sayyorning avlodi-Rafi ibn Laysning arablarga qarshi chiqishi uning Xuroson va Movarounnahr xalqlari o’rtasida keng shuhrat qozonishiga olib keldi.

Bu qo’zg’olonchilarning talablarini bilvosita manbalardan bilamiz. Ma’lumotlarga qaraganda, arablar xiroj miqdorini kamaytirishga majbur bo’lgan. Aftidan Movarounnahrdagi qo’zg’olon xiroj miqdorining ko’payib ketganligi sababli ro’y berib, xalq demokratik harakati tusini olgan.

Qo’zg’olonchilar Shosh, Farg’ona, Xo’jand, Usrushon, Sag’aniyon, Buxoro, Xuttalon, Balx va Tohariston aholisiga murojaat qilib, ulardan “sulton va musulmonlarga qarshi” kurashda yordam so’ragan.

Narshaxiyning so’zlariga ko’ra, islom dinini majburan qabul qilgan va Muqannaning qaytib kelishini kutgan Nasaf, Kesh, Buxoro qishloqlarining aholisi Muqanna ta’limotini oshkora targ’ib qilgan va xalqni arab bosqinchilariga qarshi kurashga da’vat etgan.

Qashqadaryo va Zarafshon vodiylari qo’zg’olon o’chog’iga aylandi. Qishloq ketidan qishloq xalifa hukmdorlariga bo’ysunishdan bosh tortdi va qo’zg’olonchilara kelib qo’hildi. Afsuski, manbalarda qo’zg’olon izchillik bilan bayon qilinmagan. Qo’zg’olonning bostirilishi munosabati bilan Movarounnahrning turli rayonlarida yuz bergan voqealar to’g’risida uzuq-yuluq ma’lumotlargina keltirilgan, xolos.

Buxorodagi qo’zg’olonga Bashir boshchilik qildi. U Xuroson noibi (739-749) Nasr ibn Saryyorning nabirasi Rafining ukasi bo’lib, ona avlodi jihatidan buxor xudotlar naslidan bo’lgan va mahalliy zodagonlar orasida tarbiya topgan edi. Samarqand viloyati (Rustaki)ga qarashli Ishtixonda arab sarkardalaridan Axvas ibn Muhojir bilan Ujayfa ibn Anbas Rafi ibn Laysning ta’siri ostida qo’zg’olonchilar tomoniga o’tdi.

Ibn al-Asirning yozishicha, Nasaf aholisi Iso boshchiligidagi Xuroson qo’shinlarining yaqinlashib kelayotganini bilib, yordam so’rab Rafi ibn Laysga murojaat qilishgan. Rafi ibn Lays Isoga qarshi Shosh hokimi boshliq katta otryad yuborgan. Qo’zg’olonchilar 807 yilning sentyabrida Iso otryadini qurshab olib, tor-mor qilishgan, Isoning o’zini esa o’ldirishgan. Isoning otasi, Xuroson noibi Ali ibn Iso xalifa tomonidan o’z amalidan olib tashlangan. Xalifa Harsama ibn Ayyonga Xurosonga hukmronlik qilish yorlig’ini topshirgan, lekin uni sir tutishni iltimos qilgan.

Xalifa 897 yilda go’yo Ali ibn Isoga yordam berish uchun deb Harsama ibn Ayyoning uch ming kishilik qo’shin bilan Xurosonga yubordi. Harsama ibn Ayyon Marvga kelgach, Ali ibn Isoni qamoqqa oldi va uning mol-mulkini musodara qildi. Ayni vaqtda Movarounnahrda samarqandliklarning qo’zg’oloni yanada keng qulovhc yozdi. Harsama Amudaryoni kechib o’tdi va ana shu viloat aholisini o’zi bo’ysundirishga harakat qildi ammo bu harakat muvaffaqiyatsiz tugadi. Harsamaning xalifaga yozgan xatidan ma’lum bo’lishicha, qo’zg’olon samarqandliklarga Movarounnahr, Tohariston va Balx atrofidagi barcha qishloqlarning aholisi kelib qo’shilgan. Muqanna qo’zg’oloni vaqtida bo’lganidek, bus afar ham qishloq va viloyatlarning aholisi o’z hokimlari boshchiligida qo’zg’olonchilarga kelib qo’shildi. Masalan, Shosh hokimi Qashqadaryo vodiysida arab qo’shinlariga qarshi kurashda ishtirok etdi.

Qo’zg’olonni o’z kuchi bilan bostira olmagan Harsama qo’zg’olon kengayib, dahshatli tus olayotganini xalifaga ma’lium qildi. Urush harakatlariga boshchilik qilish uchun xalifa o’zi Tus shahriga keldi, chunki u Rafi ibn Laysning qo’zg’oloni butun Xurosonga yoyilib ketishidan qo’rqar edi. O’z o’g’li Ma’munni Xuroson noibi qilib tayinlab, katta qo’shin bilan uni Marvga yubordi. Rafi ko’p qo’shin to’plashga qaror qilib, Shosh, Farg’ona, Xo’jand, Usrushon, Sag’aniyona, Buxoro, Xorazm, Xuttalon, Balx va Tohariston aholisini, shuningdek, turklar, qarluqlar, to’quzogurlar, Tibet va boshqa viloyatlarning hokimlarini xalifa va musulmonlarga qarshi kurash olib borishga da’vat etdi. Samarqand rustakidagi qo’zg’olon boshliqlari Ujayfa ibn Anbas bilan Axvas ibn Muhojir 808 yilning oxirida Harsamaga taslim bo’lishdi. Harsama Marvdan Amul (Chorjo’y) orqali Buxoroga qarab yo’l oldi, yo’l-yo’lakay qo’zg’olonni ayovsiz bostirdi. Buxoroda qo’zg’olonchilarga g’ayratli sarkarda Bashir ibn Lays boshchilik qilar edi.

Qo’zg’olonchilar shaharni qattiq himoya qilishdi, lekin Harsama 809 yili Buxoroni qo’lga olishga muvaffaq bo’ldi. Asir qilingan Bashir ibn Laysni Xorun ar-Rashid huzuriga yubordi. Xalifaning buyrug’i bilan Bashir ibn Lays vahshiyona o’ldirildi. Harsama Samarqandga yaqinlashib kelib, uni qurshab oldi. Yoqubiynnig so’zlariga qaraganda, Jabg’u boshchiligidagi qarluqlar Rafi ibn Laysga yordamga kelishdi. Harsama Jabg’uni qo’zg’olonchilarga qarshi kurashish uchun o’ziga yordamga kelgan deb o’ylar edi, ammo uning umid puchga chiqdi, qarluqlar unga qo’shilish uyoqda tursin, hatto uni qurshab olib, unga qarshi jang qila boshladilar.

Harsamaning ahvolidan xabardor bo’lgan Ma’mun qo’zg’olonning yagona o’chog’i hisoblangan Samarqandga Tohir ibn Husayn boshchiligida qo’shin yubordi. Tohirning kelishi shaharning tashqi qismini egallab turgan Harsamaning ahvolini yengillashtirdi. Tohir ibn Husayn Samarqandga yaqinlashib qolganida, Harsama bilan Tohir qo’shinlari o’rtasida qolib ketishdan qo’rqqan qarluqlar shaharni tashlab ketishdi. Samarqand qal’asida qamal qilingan Rafi ibn Lays boshchiligidagi qo’zg’olonchilar og’ir ahvolda qolishdi. Narshaxiyning so’zlariga ko’ra, Tohir qo’l ostida xizmat qilgan Asad ibn Somon xudotnig o’g’illari Rafi ibn Lays va uning tarafdorlarini taslim bo’lishga ko’ndirdilar. Ular adolatsiz hokimlarga qarshi kurashayotgan qo’zg’olon rahbarlarini xirojni kamaytirgan Ma’munning “adolatparvarligi”ga ishontira oldilar. Samarqand Tohirga taslim bo’ldi, qo’zg’olon boshlig’i esa 809 yilning oktyabrida Ma’mun huzuriga jo’natildi.

Xalq ommasining qo’zg’oloni 810 yilda uzil-kesil bostirildi. Omon qoldirish haqidagi va’dalarga qaramay, Rafi ibn Lays va qo’zg’olonning boshqa faol qatnashchilari o’sha yili qatl etildi. IX asrda Movarounnahrda yashagan xalqning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotini o’rganish shuni ko’rsatadiki, Rafi ibn Laysning qo’zg’oloni yer solig’i miqdorining ko’paytirilganligi sababli boshlangan edi. Qo’zg’olon natijasida feudal hukmronlar xirojni 25 protsentga kamaytirishga majbur bo’lishdi. Bu, garchi vaqtincha bo’lsa-da, qo’zg’olonchilarning katta g’alabasi edi.

Muqanna qo’zg’oloni kabi Rafi ibn Lays qo’zg’oloni ham ajnabiylarning zulmiga qarshi qaratilgan edi. Shuning uchun Ma’munning vaziri xurosonlik Fadl ibn Saxl arablar hokimiyatidan norozi bo’lgan mahalliy yer egalarining ko’pchiligini ota taxtidan mahrum bo’lgan va o’z akasi-xalifa Aminga qarshi kurashishga qaror qilgan yosh shahzoda Ma’mun tomoniga og’dira oldi. Buning ustiga ma’lum darajada shialar-imomiylarning hurmatini ham qozonish maqsadida Madinadan Ali ibn Muso ar-Rizoni chaqirtirdi, uni o’zidan keyin toj-taxt valiahdi qilishga va’da berdi. Ma’mun shialarning manfaatini ko’zlab, Abbosiylarning rasmiy qora rangini (boyroqlar va mansabdor shaxslar kiyim-boshlarining rangi) shialarning sevgan rangi bo’lgan yashil rang bilan almashtirishni, Ali ar-Rizoning nomini (o’z nomidan keyin) tangalarga zarb qilishni buyurdi.

O’zining qaynatasi va vaziri Fadlibi Saxlning yordami bilan Xurosonning barcha dehqonlari madadiga umid bog’lagan Ma’mun xalifa Aminga qarshi urushga zo’r berib tayyorgarlik ko’ra boshladi.

Tohir ibn al-Husayn boshchiligidagi xurosonlik yirik mahalliy feodallar, Ma’munni sidqidildan qo’llab-quvvatlabgina qolmay, Bag’dod taxtiga o’z odamini o’tqazish maqsadida ana shu urushning tashkilotchilari ham bo’ldilar.

Tohir ibn Husayn xalifa Aminga qarshi olib boriladigan urushga rahbarlik qilishni o’z qo’liga oldi. O’zini qahramon Rustamning avlodi deb ko’rsatib, bunday dedi: “Xurosonda birorta ham amaldor yoki badavlat oila yo’qki, u menga qarindosh yoki do’stim bo’lmasin”.

Darhaqiqat, Tohir ibn Husaynning Samarqandda Rafi ibn Lays ustidan g’alabani ta’minlaganligi, Xuroson zodagonlari o’rtasida obro’yi oshganligi uning 811 yilda Ali ibn Iso ibn Mahon ustidan g’alaba qozonishga olib keldi.

813 yilda Tohir qo’shinlari Bag’dodni bosib oldi. Asir qilingan xalifa Amir Tohir tomonidan o’ldirildi. Ma’mun xalifa bo’lib qoldi. Al-Ma’mun o’z raqibi ustidan g’alaba qozonganidan keyin markaziy idoraning asosiy tarmoqlarini egallab turgan va Barmaqiylar singari katta xo’jayin bo’lib olib, istagan vaqtda mustaqil ish tutishi va xalifaga bo’ysunishdan bosh tortishi mumkin bo’lgan Tohir ibn Husaynning yordamiga ortiqcha muhtoj emasdi.

Xalifa Ma’mun 821 yili Tohir ibn Husaynni Xuroson noibi qilib tayinladi. Tohir vataniga jo’nab keta turib, o’z o’rniga katta o’g’li Abdulla ibn Tohirni qoldirdi, mohir musulmon hokimi o’ziga ishonib topshirilgan mamlakatni hukmron sinf nuqtai nazaridan qanday idora qilish kerakligi haqida unga maxsus qo’llanmalar tuzib berdi. Abu Tohir Tayfurning yozishicha, Tohir ibn Husaynning bu qo’llanmasi kotiblar tomonidan ko’chirib yozib olinib, so’ngra amal qilish uchun xalifalikdagi viloyatlarning hokimlariga yuborilgan.

822 yilning noyabrida xutba o’qitilayotgan vaqtda Tohir xutbadan Ma’munning nomini tushirib qoldirdi, ertasi kuni esa u zaharlab o’ldirildi. Ma’mun uning o’g’li Abdulla ibn Tohirni Xurosonga noib qilib tayinlandi, uning nomidan Talxa ibn Tohir mamlakatni idora qila boshladi. Xuroson noibligi Tohirning o’g’li qo’liga topshirilganligi bilan xalifalikning sharqiy viloyatlarida Tohiriylar xonadoni hukmronligi boshlandi.

Tohiriylar vassal, ammo qudratli davlatni vujudga keltira oldilar, bu davlat Xuroson, Movarounnahr, keyinchalik esa Tabariston va Eronning boshqa viloyatlari territoriyasida mustaqil siyosiy hayotni olib bordi.

Tohiriylar davrida Samarqandni va Movarounnahrning ko’pgina qismini Somonilar sulolasi idora qildi. Somon xudot xonadonining hokimiyat tepasiga kelishi ham Rafi ibn Lays qo’zg’olonining bostirilishi bilan bog’liq edi. Somoniylar Movarounnahrda hokimiyatni Tohiriylardan birmuncha ilgari o’z qo’liga oldi.

817 yili No’h ibn Asad Samarqandni, Ahmad ibn Asad Farg’onani, Yahyo ibn Asad Shohni, Ilyos ibn Asad Hirotni bo’lib olishdi. Ilyos ibn Asad bevosita Tohiriylarga bo’ysunar va xizmat qilar edi. Qolgan aka-ukalar Samarqand hokimi bo’lgan katta No’hga itoat qilardilar. Tohiriylar singari Somoniylar ham o’zlariga ishonib topshirilgan viloyatni mustaqil idora qilishga intilardilar.

Istaxriyning yozishicha, xalifa Mo’tasim (833-842) Xuroson noibi Abdulla ibn Tohirga (830-844) xat yozib, bu xatda uning Bag’doddan mustaqil siyosat yurgizgani uchun unga tahdid qilgan edi. Abdulla xatni Samarqanddagi o’z vassal No’h ibn Asadga yubordi va tez orada javob oldi. Javob xatida shu narsa ko’rsatilgan ediki, Movarounnahr tarkibiga 300 ming qishloq (qariyat) kiradi va har bir qishloq bittadan otliq va bittadan piyoda jangchi berishi mumkin. “Boshqacha qilib aytganda, Samarqand hokimi No’h ibn Asad xalifadan qo’rqish kerak emas, chunki Movarounnahrning o’zigina 600000 kishilik qo’shin berishi mumkin. Shulardan 300000 kishi piyoda va o’shancha otliq askar bo’lib, ular o’z dushmanlariga qarshi kurash olib borishlari mumkin deb javob qaytardi”. Somoniylar Tohiriylarga bo’ysungan bo’lib, lekin ular joylarda aslida mustaqil ish ko’rardilar. Jumladan, ular o’z nomlaridan chaqalar (falsalar) zarb qilar, Lashkar to’plar va chekka viloyatga yurishlar uyushtirar edilar. Istaxriyning so’zlariga qaraganda, Xorazmdan tortib, Isfijob atroflari va Farg’onaning ayrim joylarigacha Movarounnahrning butun chegarasi turklar (qarluqlar)ga qarshi olib borilayotgan urush maydoni edi. Shuning uchun ham Somoniylar Movarounnahr chegaralarini mustahkamlash, bog’ va ekinzorlarni saqlab qolishga intilib, ko’pgina rabotlar tashkil qilib, ularning sonini 10 mingtadan oshirdi.

Somoniylar xalifa xazinasiga Tohiriylar orqali muntazam ravishda xiroj to’lab turardilar. Aka-ukalarning hammasi to’plagan xirojni katta akalari No’h ibn Asadga-Somoniylar davlatining umumiy poytaxti Samarqandga yuborib turardilar.

Afsuski, Movarounnahrga soliq to’lab turadigan okruglarning ro’yxati saqlanmagan va Ibn Xo’rdodbexning ana shu okruglardan tushgan soliqlar to’g’risidagi ma’lumotlari esa chalkashdir. Ibn Xo’rdodbexning yozishicha, “No’h ibn Asad qo’l ostida bo’lgan So’g’d okruglari 326400 dirham soliq to’lardi. Ana shu mablag’ning 2000000 muhammadiy dirhamini Farg’ona, 46400 musayyob dirhamini turk shaharlari to’lardi. Bundan tashqari, ular kundajiy dag’al gazlamadan 1187 ta kiyimlik va 1380 bo’lak temir to’lardi”.

Ibn Xo’rdodbex butun mablag’larni qo’shgan vaqtida Xorazm, musayyob va muhammadiy dirhamlarining kursidagi tafovutini hisobga olmagan, ya’ni ular past darajali ekanini qayd qilmagan edi. U mazkur viloyatlarni No’h ibn Asadga qarashli deb hisoblagan bo’lsa-da, biroq ular Ahmad ibn Asadning bevosita qo’l ostida edi. Darhaqiqat, Ibn Xo’rdodbeh boshqa joyda bunday deb yozadi: “So’g’d o’ziga qarashli bo’lgan barcha rayonlar, shuningdek, Buttama konlari, Kesh tuz konlari, Kesh, Nasaf va Buttama bilan birga har yili 108900 muhammadiy dirhami to’lar edi”. So’g’dning bu qismi bevosita No’h ibn Asad qo’l ostida bo’lgan bo’lsa kerak.

Ko’rinib turibdiki, Somoniylar va so’g’d isxshidlari davrida 712 yilgi sulh shartnomasiga muvofiq So’g’dni idora qilib turgan Samarqand tarkibiga Kesh va Nasaf kabi asosiy shaharlari bilan birga Qashqadaryo vodiysi ham kirgan. Ibn Xo’rdodbexning yozishicha, No’hning ukasi Yahyo ibn Asad 826-827 yillar uchun Talxa ibn Tohirga quyidagi miqdorda mablag’ to’lagan: Usrushon 50000 dirham (40000 muhammadiy va 200 musayyob dirhami), Xo’jand 100 000 va Shoh kumush konlari bilan birga 607 100 musayyob dirhami to’lagan.

Bu davrda o’z tarkibida Xo’jand ham bo’lan Usrushon, shuningdek, Shoh ham viloyat bilan birga Yahyo ibn Asad hukmronligi ostida edi. Usrushonlik shohlarning xonadoni – Afshinalar ham 816-827 yillarda o’zining iqtisodiy va siyosiy mavqeini saqlab qoldi. Shuning uchun Yahyo ibn Asadning hokimiyati Samarqandning qo’llab-quvvatlashi tufayligina saqlanib turdi.

Ibn Xo’rdodbexning Tohiriylar davrida (826-827 yillarda Talxa ibn Tohir hukmronligi vaqtida) soliqlardan kelgan tushum haqidagi ma’lumoti Somoniylarning dastlabki davrda hukmronlik qilgan territoriyasini aniqlab olishga imkon beradi. No’h ibn Asad 826-827 yillarda Somoniylarning o’ziga qarashli bo’lgan Movarounnahr viloyatlaridan olingan soliqlarni to’plab, Tohiriylarga 2172500 dirham (aftidan, past darajali dirham bo’lsa kerak), shuningde 1187 o’ram kundajiy dag’al mato (ya’ni ip gazlama) va 1300 bo’lak temir (har bir bo’lakda 650 dona temir chiviq va o’shancha belkurak bor) to’lagan, bu narsalar Toshkentdan quyiroqda joylashgan Sirdaryo bo’yidagi turk shaharlaridan keltirilgan edi. Bu metal chegarani ko’chmanchilarning hujumlaridan qo’riqlash topshirig’ini nima uchundir o’tamagan va harbiy xizmatga yaroqli bo’lgan yosh turklardan soliq sifatida olingan edi.

Somoniylar va Tohiriylar davrida bevosita yerni ishlovchilardan olinadigan yer solig’ining hajmi kamaymadi. Ular ba’zan bunday og’ir soliqlarni to’lay olmas edilar, soliq tushimlari haqidagi ma’lumotlarda keltirilgan boqimondalar ana shundan dalolat beradi.

Somoniylar davrida hukmron bo’lgan harbiy feodal va amaldorlar apparati asosan mahalliy zodagonlar va davlat xizmatidagi kishilardan iborat edi va ular to’plagan mol-mulk Movarounnahr doirasidan chetga chiqarilmas edi. Vaholanki, arab noiblari davrida, masalan, Ali ibn Iso ibn Maxon davrida to’plangan mol-mulk mamlakat doirasidan tashqariga tashib ketilar va shu bilan takror ishlab chiqarish doirasi torayar, jamiyat rivojlanishi sekinlashar edi. Movarounnahr viloyatlaridan kelgan soliq tushimlari So’g’d iqtisodiy resurslarining boyligidan dalolat berardi. Ana shu boylik harbiy-siyosiy potentsialni ta’minlab, bu potentsial Somoniylarga keyinchalik Xurosonni va boshqa viloyatlarni ham Movarounnahrga birlashtirib, Movarounnahrda markazlashgan qudratli davlatni vujudga keltirishga imkon yaratdi.

Добавить комментарий