San-Marino
Rasmiy nomi — San-Marino Respublikasi. Poytaxti— San-Marino. Hududi — 61 km.kv. Aholisi — 29 mingdan ortiq kishi (2012). Davlat tili — italyan. Dini — katolik. Pul birligi — yevro. Geografik joylashuvi va tabiati. Janubiy Yevropadagi davlat. Italiya hududida, Apennin yarimorolining shimoliy qismida joylashgan (chegarasining uzunligi — 39 km). Mamlakat tik qoyali tog`arda joylashgan. Eng baland cho‘qqisi — Titanoning (738 m) yaqinida poytaxti San-Marino joylashgan. Iqlimi — subtropik. Mamlakat hududida bir nechta eman va kashtan daraxtzorlari saqlanib qolgan. Tog‘ etaklarida Makvis changalzorlari (drok, mirt, lavr, bodom) bor. Yoqimli hidli, efir moyli o‘simliklar ko’p. Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat 9 okrugdan iborat. Milliy bayrami — 3-sentabr — Respublikaga asos solingan kun. Ijroiya hokimiyati ikkita teng huquqli kapitan-regentlarga (davlat boshliqlari) va Davlat Kongressiga (Vazirlar Mahkamasi) tegishli. Oliy qonunchilik organi — Katta general kengash (bir palatali parlament). Eng e’tiborli siyosiy partiyalari: San-Marino progressiv-demokratik partiyasi (SMPDP), San-Marino sotsialistik partiyasi (SMSP), San-Marino xristian-demokratik partiyasi (SMXDP). Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Turizm iqtisodining eng muhim sohalaridan biri (San- Marinoga har yili 2 milliondan ziyodroq sayohatchilar tashrif buyuradi). Bu ichki milliy daromadning 60% ini tashkil qiladi. Daromadlarining yana bir muhim manbayi — chet ellik kolleksionerlarga markalar sotish. Aholining turmush darajasini G’arbiy Yevropa mamlakatlarining shu sohadagi ko‘rsatkichlariga qiyoslash mumkin. 2006-yil YIM miqdori 940 mln dollarni (aholi jon boshiga — 32417 doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkori — Italiya.Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 104 km. Tarixi. Afsonalarga ko‘ra San-Marinoga 301-yilda tarki dunyo qilgan avliyo Marinus asos solgan. IX asrda hozirgi San-Marino hududi avtonom davlat bo’ldi, XIII asrda esa mustaqil respublika deb e’lon qilindi. Uni Rim papasi Nikolay IV 1291-yili tan oldi. San-Marino Napoleon urushlari davrida ham o‘z mustaqilligini saqlab qoldi, uning mustaqilligi Vena Kongressi tomonidan 1815-yili ham tan olingan. 1862-yildan buyon mamlakat amalda Italiya protektorati ostida.