Sandal daraxti, santal daraxti
Sandal daraxti, santal daraxti (Santalum album.) — marjono’tdoshlar oilasiga mansub doim yashil o’simlik. Bo’yi 10 metr, aylanasi 1-2 metr. So’ruvchi organi (gaustorlar) yordamida bambuk, shakarqamish, kokos palmasi kabi o’simliklar ildiziga birikib, yarim parazitlik qiladi (mustaqil o’sishi ham mumkin). Bargi cho’ziq, tuksiz, qaramaqarshi joylashgan. Gullari mayda, dastlab sariq, keyin to’q qizil tusda bo’ladi. To’pguli ro’vaksimon. Mevasi bir urug’li yong’oq. Malakka yarim oroli, Malayya arxipelagi va Hindixitoyda tarqalgan. Janubiy Hindistonning tropik qismida o’stiriladi. Poya va ildizida atirupa sanoatida ishlatiladigan 3-6% efir moylari bor. Yog’ochi har xil maqsadlarda ishlatiladi.