SARDOBA TUMANI

SARDOBA TUMANI — Sirdaryo viloyatidagi tuman. 1964 yil 30 aprelda tashkil etilgan. 1992 yildan Sharof Rashidov tumani, 2004 yil 24 maydan Sardoba tumani deb ataldi. Tuman shimoldan Oqoltin, sharqdan Xovos tumanlari, g’arbdan Jizzax viloyatining Paxtakor, Jan.dan Zarbdor tumanlari bilan chegaradosh. Sardoba tumanida 1 shaharcha (Paxtaobod), 7 qishloq fuqarolari yig’ini (Gulzor, Guliston, Paxtaobod, Yangiobod, Yangi-qishloq, Cho’lquvar, Qo’rg’ontepa) bor. Maydoni 0,52 ming kilometr kvadrat. Aholisi 51,9 ming kishi (2004). Markazi — Paxtaobod shaharchasi. Tabiati. Tuman relefi pasttekislik. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -13°, iyulniki 30°. Yillik yog’in 297 millimetr (asosan, bahor va qish oylarida yog’adi). Vegetasiya davri 261 kun. Tuproqlari qumoq va o’rtacha qumoq bo’z tuproqlar. Sho’rni qochirish uchun 154,9 kilometr uzunlikda ochiq zovurlar, 457 kilometr uzunlikda ichki xo’jalik zovurlari va 3310 kilometr uzunlikda yopiq yer osti zovurlari qazilgan. Sardoba tumani yerlari Janubiy Mirzacho’l kanalidan sug’oriladi. Yovvoyi o’simliklardan qo’ng’irbosh, rang, Iloq, qiyoq, sho’ra, shuvoq, yantoq, qamish, paxta-tikan, burgan, ituzum, g’umay, ajriq, yulg’un, jiyda, tol, terak, qayrag’och o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’rsiq, chiyabo’ri, bo’ri, tipratikan, toshbaqa, kaltakesak, ilon, kalamush, yumronqoziq, sichqon; hasharotlardan chayon, qoraqurt, biy; qushlardan cho’l burguti, yovvoyi o’rdak, tustovuq, laylak bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qirg’iz, tojik, qozoq, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 99 kishi. Shahar aholisi 13,2 ming kishi, qishloq aholisi 38,7 kishi (2004). Xo’jaligi asosan, paxtachilik va g’allachilikka ixtisoslashgan. Chorvachilik, pillachilik, sabzavotchilik ham rivojlangan. Meva, poliz ekinlari, kartoshka yetishtiriladi. Qoramol, qo’y va echki, parranda boqiladi. Tumanda jami yer maydoni 51,8 ming gektar bo’lib, shundan 35,5 ming gektar ekinzor. 16,5 ming gektar yerga paxta, 11,3 ming gektar yerga g’alla ekiladi. 660 ga yaqin dehqon fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Paxta tozalash, g’isht zavodlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, kichik, o’rta biznes va yirik korxonalar ishlab turipti. Dehqon bozori, 53 savdo, 22 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi bor. Tumanda 21 umumiy ta’lim maktabi (11,3 ming o’quvchi), 3 kasb-hunar kolleji ishlab turibdi. Tuman Markaziy kutubxonasi va uning shoxobchalari, madaniyat muassasalari faoliyat ko’rsatadi. Stadion, sportzallar, voleybol, basketbol, qo’l to’pi maydonchalari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, feldsherakusherlik punktlari, ambulatoriyalar aholiga xizmat ko’rsatadi. 1959 yil 5 maydan «sharafli yo’l» gazetasi chop etiladi. Qosim Yoqubov.