SATYAGRAXA
SATYAGRAXA (sanskritcha — haqiqat qatiylikda) — hind xalqining ingliz mustamlakasi davridagi kurash shakllaridan biri. M.Gandi tomonidan XX asr boshida ishlab chiqilgan. Bunda kurashning turli xil usullari, mutlaqo tinchlik vositalari — mitinglar o’tkazish, hukumatga arznomalar bilan murojaat qilish, ish tashlashlar uyushtirish, hukumat farmoyishlarini bajarmaslik, soliqlarni to’lamaslik, hokimiyat bilan hamkorlik qilmaslik, unga itoat etmaslik va umuman kuch ishlatmasdan kurashishni bildiradi. Satyagraxa dastlab M.Gandi tomonidan XX asr boshida Janubiy Afrikadagi hindlarni tahqirlash siyosatiga qarshi o’tkazildi. Gandi 1915-yilda Ahmadobod shahrida Satyagraxa g’oyalarini targ’ib etuvchi markaz ―Satyagraxa ashramni tuzdi. 1918-1922-yillarda mamlakatda ko’tarilgan xalq ozodlik harakati davridan boshlab Satyagraxa o’tkazish keng tus oldi. Satyagraxa tufayli Gandi Hindistonning siyosiy hayotida katta shuhrat qozondi. Mamlakatda xalq milliy ozodlik harakatining g’alaba qilishida Gandining Satyagraxa usuli muhim rol o’ynadi.