Shaharcha
Shaharcha — ma’muriy-hududiy birlik, shahar aholi manzilgohlari tiplaridan biri. Shaharchalar dunyoning barcha mamlakatlarida ham mavjud emas. O’zbekistonda yaqin vaqglargacha mazkur aholi manzilgohlari shahar tipidagi posyolkalar deyilgan. Manzilgohlarga Shaharcha maqomi berilishi uchun sanoat korxonalari, temir yo’l stantsiyalari va boshqalar muhim iqtisodiy ob’yektlar yonida joylashgan hamda aholisi kamida 2000 kishi bo’lishi va ularning 2/3 qismini ishchi, xizmatchilar va ularning oila a’zolari tashkil etishi lozim. Shuningdek, aholisi 500 kishidan iborat bo’lgan, biroq istiqbolli yoki uzoq rayonlarda joylashgan muhim aholi manzilgohlari hamda aholi 2000 kishidan kam bo’lmagan dam olish va davolanish maskanlari bo’lgan (rekreasiya ahamiyatli) turar joylar ham Shaharchalarga kiritiladi. Ularning viloyatlar bo’yicha taqsimlanishi ham bir xil emas: Toshkent viloyatida — 18, Qoraqalpog’iston Respublikasida — 16, Samarqand viloyatida — 12, Namangan viloyatida -11, Farg’ona viloyatida — 10, Jizzax viloyatida — 8, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida — 7 tadan, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida — 5 tadan, Qashqadaryo viloyatida — 4, Buxoro viloyatida -2, shuningdek, Toshkent shahri Kengashiga qarashli 1 ta Shaharcha (Ulug’bek) bor. Shaharcha aholisi shahar aholisining 11,6% (1087 ming) ni tashkil etadi (2003). Shaharchalar aholisi soni bo’yicha ham o’zaro farq qiladi. Eng kichik Shaharcha — Qublaustyurt (Qo’ng’irot tumanida) aholisi 0,7 ming kishi bo’lsa, eng katta Xonqa Shaharchasi aholisi 35,9 ming kishi. Shaharchalar, asosan, qishloq tumanlari markazi vazifasini bajaradi. Shuningdek, konchilar (G’ozg’on, Qoratov, Polvontosh, Olamushuk, ingichka va boshqalar), sanoat korxonalari (Kimyogarlar, Iskandar, Oltiariq va boshqalar), temir yo’l stantsiyalari (Xovos, Oltinko’l, yangi Marg’ilon va boshqalar), ilmiy tadqiqot institutlari (Ulug’bek) Shaharchalari mavjud.