Shaharning istilochilar tomonidan zabt etilishi
Arablar Eronda Sosoniylar hokimiyati qulagach, VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Marvni o’z qo’llariga oldi. Bu yerdan Amudaryoning narigi tomonida joylashgan viloyatlarga, ya’ni Movarounnahrga bosqinchilik qila boshladi.
Bir-biriga dushman bo’lgan aristocrat hukmdorlar o’zlarining zaifligini ko’rsatdi. Hukmron suloladan xafa bo’lgan ba’zi zodagon dehqonlar bosqinchilardan yordam va madad kutadi. Xalq va mamlakat manfaatlariga xiyonat qilgan bunday kishilar arablarga yordam ko’rsatdi. Zodagon dehqonlarning ikkinchi bir guruhi o’z hokimiyati va mamlakatini himoya qilib chiqdi, ularga esa xalq ommasi madad va yordam berdi.
Istilovchilar yirik badavlar dehqonlar o’rtasidagi dushmanlikni payqab, ularning bir qismini o’z tomoniga ag’darib oldilar va yaxshi qurollangan, jangovar chaqirlar ustidan g’olib chiqdilar.
Xurosonlik birinchi noib Ubaydulla ibn Ziyod (673-675) 673 yilda Zarafshon vodiysiga yurdi va boy o’lja bilan Marvga qaytib keldi. O’sha yiliyoq Said ibn Usmon Buxoro va Samarqand ustiga yurdi. Bu yurishda payg’ambar amakivachchasi Qo’sam ibn Abbos ibn Abdul Mutallib ishtirok etdi va janglardan birida o’ldirdildi. Afsonalarga ko’ra, Qo’sam ibn Abbos jasadi Samarqanddagi Shohizinda mozoriga ko’milgan emish.
Said Samarqandda katta o’lja 30000 asir va juda ko’p qimmatbaho buyumlarni qo’lga kiritdi. U shahardan jo’nay turib, shoh urug’laridan 50 zodagon dehqonni garov tariqasida o’zi bilan birga olib ketdi va Amudaryodan kechib o’tgandan keyin ularni qaytarib yuborishni va’da qildi. Biroq u o’z va’dasi ustidan chiqmadi. U Arabistonga kelganidan so’ng garov tariqasida olingan kishilarni qul qilish maqsadida ularning ustidagi qimmatbaho kiyimlar va oltin kamarlarni yechib olishni buyurdi. Biroq so’g’dlik zodagon dehqonlar Saiddan o’ch olish niyatida uning saroyiga bostirib kirib, uni o’ldirdilar hamda o’zlarini o’zlari ham halok qildilar.
Xuroson noibi Qutayba ibn Musib (705-715) Iroq noibi al-Xojjajning buyrug’i bilan Movarounnahrni uzil-kesil bosib olishga va uni “musulmonlar amrining (amir al-mo’minunna) bog’iga” aylantirishga intildi.
705 yili Qutayba Balxni bosib oldi, 706 yilda esa Poykandga hujum qilib, qattiq qarshilikka uchradi. Samarqand ixshidi – shohi Tarxun boshchiligidagi so’g’dlar poykandliklarga yordamga yetib kelib, arablarni qurshab oldilar. Natijada Iroq noibi al-Xojjaj qariyb ikki oy mobaynida Qutaybadan hech qanday darak ololmadi. Biroq so’g’dlar orasida yagona rahbarlikning yo’qligi va o’zaro kelishmovchiliklar sababli arablar qurshovdan chiqib olib, Poykandni ham bosib olishga va ktta o’ljani qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.
Arablar 707 va 708 yillarda Movarounnahrga Vardana xudotiga qarshi yurish qiladi. Lekin Qutayba So’g’ddan uloqtirib tashlanadi. 709 yilda u Vardanaga yana hujum qiladi. Samarqand shohi Tarxun, shuningdek, mahalliy shohlar va ko’chmanchi turklar unga qattiq qarshilik ko’rsatadi. 709 yilning kuzida So’g’d shohi Tarxun, Xunik xudot, Vardana xudotining birlashgan kuchlari hamda Qarmaganun boshchiligidagi turk xoqonining 40 ming, kishilik qo’shinlari Buxoro chegaralaridagi Tarob, Xunbun va Romitan qishloqlari o’rtasida Qutaybani qurshab oldilar. Qutayba hiyla ishlatadi va Tarxun huzuriga Xayon an-Nabotiyni yuborib, uning arablarni tor-mor keltirishga harakat qilmasligini, chunki arablarning qishga borib, albatta. Marvga qaytib ketishi, lekin turklarning shu yerda qolib taxtni egallashini aytishni unga topshiradi. Bu gaplar ittifoqchilar va so’g’dlar o’rtasida ixtilof tug’diradi. Xayon Qutayba nomidan Tarxunga uning uchun qulay shartlarda sulh tuzishni va’da beradi. Tarxun kechasi Qutayba qarorgohiga sovg’alar va ikki million dirham pul yuboradi va buning evaziga sulh shartnomasining tekstini oladi. Tarxun chekinishi va Samarqandga qaytib borishi, arablarga al-Xojjajdan madad kuchlari kelyapti degan mish-mishlarni tarqatishi kerak edi. Tarxun bu bilan o’z ittifoqchilari safida sarosima tug’diradi, natijada ular yurtlariga ketib qoladilar. Shunday qilib, Tarxun Samarqandda o’z hokimiyatini saqlab qolish niyatida arablarning qurshovdan chiqishiga emas, balki hatto Movarounnahrni bosib olishiga ham ko’maklashdi. Tarxunning siyosati samarqandliklar orasida norozilik tug’dirdi. Shartnomaga ko’ra, So’g’d aholisidan juzya solig’i olish maqsadida 710 yilda Qutayba ibn Muslimning ukasi Abdurahmon Samarqandga kelganida xalq qo’zg’olon ko’tardi. Tarxun taxtdan ag’darildi va Tarxunning ukasi G’urak (710-737) So’g’d shohi Samarqand afshini deb e’lon qilindi. Zindonga tashlangan Tarxun bu yerda o’zini o’zi o’ldirdi. Boshqa ma’lumotlarga qaraganda, u G’urak tomonidan o’ldirilgan.
Qutayba Samarqandga darhol hujum qilishga va erksevar so’g’dlarni jazolashga jur’at etmadi. Qutayba 712 yilda Xorazm shohi Choganga yordam berish bahonasi bilan Xorazmda mustahkamlanib olgan Xurzodga (Xorazm shohining ukasi) qarshi yurish boshladi. U orqasiga qaytayotganida Buxoroga kirib, bu yerdan esa kutilmaganda Samarqandga qarab harakat qildi va Xorazm hamda Buxorodan 20000 kishilik harbiy otryad olib keldi. G’urak arablar bilan Arbinjonda to’qnashib, Qutaybani uloqtirib tashlay olmadi va u “o’z dushmanining aka-ukalari va qarindosh-urug’lari” tufayligina g’alaba qozonmoqda deb ta’na qildi. G’urak chekinib Samarqand devorlari orasida mustahkamlanib oldi hamda Shoh shohi, Farg’ona ixshidi, turk xoqonlariga xat yuborib, arablarga qarshi kurash olib borishda ulardan yordam kuta boshladi.
Shosh shohi, Farg’ona ixshidi va turk xoqoni yuborgan otryadlar Samarqandga yetib kelolmadi. Qutayba ularning yaqinlashib kelayotganini payqab, katta otrya bilan kechasi hujum qilib, batamom qirib tashladi. Arablar shahar devoriga 300 manjaniqni yaqinlashtiradi, lekin samarqandliklar shaharni mudofaa qilishni davom ettiradi. Nihoyat, arablar shahar devorlarini yorib o’tishib, Samarqandning shahristoniga bostirib kirdi. Uzoq vaqt qamalda azob chekkan samarqandliklar sulh tuzishni iltimos qildi va o’zlari uchun qiyin shartlarga ham rozi bo’lishdi. Shartnomaga muvofiq Qutayba G’urakni o’sha vaqtda tarkibiga Kesh va Nasaf shaharlari bilan birga Qashqadaryo vodiysi ham kirgan So’g’d shohi sifatida e’tirof etdi va unga uch ming qul, ellik ming misqol oltin (ibodatxonalar xazinasi), ikki ming kishilik dibo deb atalgan gazlama va ikki yuz ming dirham pul yuborish majburiyatini yukladi. Buning ustiga G’urak arablarga har yili ikki yuz ming dirham miqdorida o’lpon to’lash, qul, gazlama va shu kabilaarni yuborib turishga va’da berdi. Qutaybaning G’urrakka qarshi olib borgan kurashida ko’pgina buxorolik va xorazmliklarning mahalliy otryadlari aktib qatnashdi.
Shartnoma shartlariga zid tarzda Qutayba o’z qo’shinlarining bir qismini Samarqand aholisi uylariga joylashtirdi. Uning bu tadbiri aholi o’rtasida norozilik tug’dirdi va yana qo’zg’olon ko’tarildi. So’g’d shohi G’urak Samarqand qal’asini arablar garnizoni ixtiyoriga berib, o’z qarorgohini Ishtixon shahriga ko’chirdi. Movarounnahrning boshqa shaharlaridagidek, samarqandliklar ham uy-joylarinigina emas, balki ekin maydonlarining ham bir qismini istilochilarga berishga majbur edi. Arablar samarqandliklarga qurol olib yurishni taqiqladilar va kechasi shahar darvozalarini yopib qo’yishga majbur etdilar.
Qutayba Samarqanddan Marvga qayta turib, bu yerda ukasi Abdurahmon ibn Muslimni yaxshi qurollangan katta garnizon bilan qoldirdi.
Samarqandliklar 713 yilning qishida qo’shni turklar yordamida arablarga qarshi chiqdilar. Garnizon qal’a devorlari orqasida yashirinib oldi va ro’y bergan ahvolni Qutaybaga ma’lum qildi. Qutayba esa o’sha yili bahorda so’g’dlarga qarshi yurish uyushtirdi hamda qo’zg’olonchilarni bostirish uchun Kesh, Nasaf va Buxoro hokimlariga yigirma ming jangchi to’plash to’g’risida buyruq berdi. Qo’zg’olonni bostirib Qutayba egallagan shaharlarning aholisini o’z uylarining yarmini arablarga berish, samarqandliklarni esa, ba’zi naqllarga ko’ra, shahristonni butunlay qoldirib chiqib ketishga majbur etdi.
715 yilda Qutayba vafotidan so’ng arablarning Movarounnahrdagi hokimiyati mavqei ancha bo’shashdi. Xuroson noibi Jarroh (717-719 yil) musulmonlikni qabul qilgan kishilarga nisbatan qattiqqo’l edi. Sulaymonning vafotidan keyin xalifa bo’lgan Umar ibn Abdulaziz (717-719 yillar) xalifalikning hamma viloyatlarida arablar hokimiyatning mavqeini ko’tarish maqsadida moliyaviy islohot o’tkazdi. Bu islohotga muvofiq musulmonlikka kirganlardan arab musulmonlari kabi juzya ham, xiroj olish ham bekor qilindi.
Umar II arablarga bo’ysungan Movarounnahr shohlariga maktub yuborib, ularga islom dinini qabul qilishni taklif etib, buning evaziga ularni xiroj to’lashdan ozod etishni va’da qildi. Umar II mahkamasida ba’zi feudal arablar turli yo’llar bilan xiroj yerlarini egallab, zo’ra berib boylik orttira boshladi, xalifa xazinasining daromadlari esa borgan sari kamaydi. Xiroj yerlarini davlat mulki sifatida saqlashga harakat qilgan Umar II arablarning o’z yer-mulklarini ko’paytirishini taqiqladi va hijriy yuzinchi (719 yil) yildan keyin sotib olingan xiroj yerlarining hammasini qaytarib berishni, aks holda ushr emas, balki xiroj to’lashni buyurdi. O’sha yilga qadar sotib olingan yerlarni xiroj solig’idan ozod qilish va bunday yerlarga ushr solig’i, ya’ni hosilning o’ndan bir ulushini to’lashni buyurdi. Umar II ning yer islohotini ma’qullagan Samarqandning mahalliy oqsuyaklari uning huzuriga vakillar yuborishdi. Ular Umar II dan Samarqand shahristonini qayib berish to’g’risida farmoyish chiqarishni iltimos qildi, chunki shahristonda ularning bir vaqtda ibn Muslim Qutayba tomonidan adolatsiz ravishda tortib olingan yerlari bor edi. Umar Sulaymon ibn Abu Sariyaga xat yozib, samarqandliklarning shikoyatini ko’rib chiqishni mahalliy qoziga topshirishni so’radi. Arablar esa o’zlari egallagan yerlarni ilgarigi egalariga qaytarib berishni istamas edilar. Bu voqea Qutayba tomonidan yuzinchi yilgacha o’tkazilgan tadbir bo’lganligi uchun qozi ishni ko’rib, Qutayba imzolagan sulh shartnomasini bekor qilish va arab qo’shinlarini Samarqanddan olib chiqib ketish to’g’risida qaror chiqardi. Bu esa urush boshlanib ketishiga olib kelar edi. Lekin samarqandliklar arab qo’shinlarining kuchini hisobga olib, o’z da’volaridan voz kechishga majbur bo’lishdi. Umar II ning maktubiga qaramay, Jarroh musulmonlikka kirganlardan, hatto arab qo’shinlari tarkibida musulmon davlatining chegaralarini ko’chmanchi turklardan himoya qilishda qatnashgan musulmonlardan ham xiroj va juzya olishni davom ettirdi. Buni 717 yilda xalifa saroyiga kelgan vakillar shikoyatidan ham ko’rish mumkin.
Xuroson noibi musulmonlar islom diniga sodiq ekanliklarini ko’rsatishlari uchun sunnat qilishi hamda Qur’on suralarini o’qishni o’rganib olishlarini talab qildi. Uning bu choralari islom dinini qabul qilishni istovchilarni cheklab qo’yar edi. Arab noibining siyosati zabt etilgan mamlakat xalqlarini musulmon bo’lmaganlar to’lashi lozim bo’lgan xiroj va juzyani to’lashga majbur qilishga qaratilgan edi. Bu cheklash asosan qishloq sinflari uchun joriy qilingan bo’lib, noib ilgari surgan shartlar ular uchun og’ir va kamsitadigan bir hol edi.