«Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui

«Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui — Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Bo’zsuv kanali bo’yida (Amir Temur shohko’chasi bo’ylab joylashgan). Majmua barpo etilgan joy 20-asr 20-yillariga qadar Toshkent shahrining xilvat chekkasi bo’lgan, 40-yillarda xuddi shu joydagi 3 ta qatlgoxda sho’rolar tomonidan millatning ilg’or vakillari, begunoh vatandoshlar qatl qilingan. Qatag’on qurbonlari xotirasiga bag’ishlab sobiq qatlgoh o’rnida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan (2000). Maydoni 17 gektardan ortiq muntazam tartibli loyihalangan yam-yashil pastibaland hududni Bo’zsuv kanali ikkiga ajratgan, ikki qirg’oqni kanal ustiga qurilgan ko’prik (uzunligi 100 metr) birlashtiradi. Majmua markazida tik ustunlarga o’rnatilgan Feruza rang qovurg’ali gumbazli ayvon (Rotonda, balandligi 27 metr) metal qurilmalardan ishlanib gozg’on marmari bilan qoplangan, poygumbazi ganchkori muqarnaslar bilan ziynatlangan; gumbaz ichi ganch o’ymakorligida ishlangan. Gumbaz ostidagi handasiy shakllardan naqshlar hosil qilib bezatilgan Marmar polda nefritdan ishlangan ramziy sag’ana atrofga sukunat taratib turadi; sag’ana shahid ketgan vatandoshlarning ramziy qabridir. Shuningdek, 2002 yilda shu hududda qad ko’targan «Qatag’on qurbonlari xotirasi» muzeyi majmuaning tarkibiy qismiga kiradi.