Shakarqamish
Shakarqamish (Saccharum), nayshakar — qo’ng’irboshlar oilasiga mansub ko’p yillik, qand (shakar) moddali utsimon usimliklar turkumi. 5 ta madaniy turi bor. Vatani — Janubiy Sharqiy Osiyo. Sharqiy Xitoy, Indoneziya, Eron va boshqa turli mintaqalarda, Hindistonda miloddan avvalgi 3-ming yillikda o’stirilgan. 16-asrda Kubaga va Amerikaga keltirilgan. Kuba (1100 ming gektar), Nikaragua (627 ming gektar) Braziliya (4860 ming gektar), Xitoy (1048 ming gektar), Hindiston (4150 ming gektar), Pokiston (1056 ming gektar) va boshqa mamlakatlarda ekiladi (1999). Yevropada faqat Ispaniyada o’stiriladi (arablar tomonidan 8-asrda keltirilgan). O’zbekiston hududida 1936 yildan Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ekila boshlagan. Jahon bo’yicha ekin maydonlari 19405 ming gektar, xosildorligi 656,9 ts/ga, yalpi hosili 1274697 ming tonna. Ildizi yaxshi rivojlangan, 1,5 metr chuqurlikka kirib boradi, poyasi tik, baland (6 metrgacha), rangi sariq, pushti, qizil, qora, barglari keng, uzun (kengligi 10 santimetrgacha, uzunligi 2 metrgacha), makkajo’xoriga o’xshash ro’vagi yirik, boshog’i uzun, tuklar bilan qoplangan, guli ikki jinsli. Ekilgandan so’ng birinchi ikkita bargning paydo bo’lishi uchun 30-32° harorat va 12-13 kun kerak bo’ladi. Tropiklarda rivojlanish tsikli — qalamchalarni ekishdan boshlab poyaning to’liq pishishi va uni yig’ishtirish 12-24 oy davom etadi. Bir dalada 2-4 tsikl o’stiriladi (O’rta Osiyoda vegetatsiya davri 7 oy atrofida bo’lgani sababli bir yillik o’simlik tarzida yetishtiriladi). Texnik pishish davri ro’vaklanish davriga to’g’ri keladi. Shakarqamish issiqsevar, yorug’sevar va namtalab, qisqa kun o’simligi (-3° da barglari nobud bo’ladi). Shakarqamish poyasi shakar ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi. Poya tarkibida qand mikdori o’rtacha 16-18%, ba’zilarida 20-21% gacha (poya og’irligiga nisbatan o’rtacha 11 — 12% shakar chiqadi). Shakarqamish poyasi o’rilganidan keyin, shakar zavodlarida poyasidan siqib sharbat, sharbatdan shakar olinadi (yangi sharbatini bevosita iste’mol qilish mumkin), sharbat quyqasidan spirt va rom ishlab chiqariladi. Sharbati siqib olingan poyasi hamda barglari yemxashak, yoqilg’i sifatida ishlatiladi. Sugoriladigan yerlarda yetishtiriladi, qalamchasidan ko’paytiriladi. 25-35 santimetrli qalamchalar chuqurligi 20-25 santimetr, eni 25 santimetr bo’lgan uyalarga 2-3 tadan ekiladi, ko’chatlari tutib ketganidan keyin mavsumda 12-15 marta sug’oriladi. Shakarqamish ro’vaklanish davrida poyaning 4-5 santimetr yuqorisidan o’riladi. O’rilgan poyadan 4-6 haftadan keyin yangi novdalar o’sib chiqadi va ular keyingi yili o’riladi. Halima Otaboyeva.