Shalyapin Fyodor Ivanovich

Shalyapin Fyodor Ivanovich [1873.1(13)2, Qozon — 1938.12.4, Parij; 1987 yilda Moskvada qayta dafn etilgan] — rus xonandasi (yuqori bas). 20-asr vokal san’atining yirik namoyandasi. Rossiya xalq artisti (1918). 1895 yildan Peterburg va Moskva opera teatrlarida yakkaxon xonanda. 1901 yildan chet el gastrollari («77A Skala», «metropolitan-opera» teatrlari va boshqalar)da bo’lib, butun Yevropa mamlakatlari va AQShda shuhrat qozongan. 1922 yildan chet elda yashagan. Chiroyli, keng, nihoyatda o’zgaruvchan va bo’yoqlarga boy ovoz sohibi bo’lgan Shalyapinning ijro uslubi ajoyib aktyorlik mahorati, har bir so’z ma’nosiga alohida ahamiyat berishi, eng nozik tuyg’ularni badiiy teranlik bilan ifodalash kabi xususiyatlar bilan ajralib turadi. Keng ko’lamli sahnaviy iste’dodga ega bo’lgan Shalyapin rus va G’arbiy Yevropa operalarida 70 ga yaqin asosiy partiyalarni haqqoniy, chuqur psixologik tarzda talqin etgan: Boris Godunov (Musorgskiy, «Boris Godunov»), Tegirmonchi (Dargomijskiy, «suv parisi»), Ivan Grozniy (Rimskiy-Korsakov, «Pskovlik qiz»), Galiskiy, Konchak (borodin, «Knyaz Igor»), Mefistofel (Guno, «Faust»; Boyto, «Mefistofel»), Don Bazilio (Rossini, «Sevilya sartaroshi») va boshqalar. Shalyapin talqinida kamer musiqa asarlari (Musorgskiy, Glinka, Dargomijskiy, Shuman, Shubert va boshqalar) hamda rus xalq qo’shiklari o’zining yetuk ifodasini topgan. Shalyapin opera rejissyori, iste’dodli rassom va haykaltarosh sifatida ham tanilgan.