Shampan vinosi

Shampan vinosi — karbon kislotaga to’yintirilgan ko’piklanuvchi uzum vinosi; maxsus tayyorlangan va qayta ishlangan vino mahsulotni Germetik berkitiladigan shisha yoki maxsus idishlarda takroriy bijg’itish yo’li bilan olinadi. Shampan vinosida karbon kislotaning yuqori miqdori shisha idish ochilgan paytda vinoning ko’piklanishi va mavjlanishini ta’minlaydi. Tarkibidagi qand miqdoriga qarab: Shampan vinosi bryut (0,3% gacha), shirasiz (0,8%), kam shirali (3%), nim shirin (5%), shirin (8%) va juda shirin (10%) turlarga bo’linadi. Shampan vinosi 17-asr o’rtalarida Frantsiyaning Shampan viloyatida birinchi marta tayyorlangan (shampan nomi shundan). Yangi uzilgan uzum 4 soatdan kechiktirilmay ezilib, meva bandlaridan tozalangach, presslanib sharbati olinadi. Sharbat past (10-12°) temperaturada 14-16 soat yoki 25-30° da 18-24 soat tindiriladi, rangi tiniq bo’lishi uchun Qar 1 dal sharbatga 2-3 g bentonit qo’shiladi. Tindirilgan sharbatga achitqi va sut kislotasi bakteriyalari qo’shiladi va bijg’itish idishlariga o’tkaziladi, bijg’ish 14— 18° temperaturada 10 sutkaga yaqin davom etadi. Bijg’itish tugashi bilan (qandi 0,2%) sharbat boshqa idishlarga quyiladi. Tayyor vino 10-15 ming dal dan qilib shampan zavodiga yuboriladi. Shampan zavodlarida vinoni takroriy bijg’itish yo’li bilan karbon kislotaga to’yintirish jarayoni shampanlash deb ataladi. Shampanlash 2 usulda o’tkaziladi. Butilka usuli: vino mahsulotlariga shakar va bijg’itish uchun achitqi qo’shib, maxsus shisha idishlarga quyiladi va saqlash uchun olib qo’yiladi. 3-4 haftadan keyin vinoga qo’shilgan shakar bijg’ishidan hosil bo’lgan karbon kislota tufayli butilkada 5 ATM gacha bosim vujudga keladi. Shampanlangan vinoning saklanish muddati 3 yil davom etadi. Bu davr mobaynida murakkab fizik-kimyoviy va biokimyoviy jarayonlar natijasida Shampan vinosining o’ziga xos ta’mi, hidi hamda mavjlanish va ko’piklanish xususiyatlari paydo bo’ladi. Rezervuar usuli davriy va uzluksiz yo’nalishda o’tkaziladi. Vinoni davriy shampanlash katta rezervuarlarda (5-10 M1) 1 oy mobaynida o’tkaziladi. Keyin vino sovitiladi, tindiriladi va butilkalarga kuyiladi. O’zbekistonda Shampan vinosi ishlab chiqarish 1942 yildan boshlab yo’lga qo’yildi va «O’zbekiston shampani» kompaniyasida «O’zbekiston shampani», «Durdona», «Navro’z», «Gulshan» va boshqa Shampan vinosi ishlab chiqariladi. Shampan vinosi eng yaxshi uzum navlaridan, O’zbekistonda, asosan, bayan Shirey, Rkasitelli, Kabarne, Risling, oq Pino, K,ora Pino, Aligote kabi maxsus navlardan tayyorlanadi.