Shamsiyev Porso

Shamsiyev Porso (1897.10.2, Buxoro — 1972.21.3, Toshkent) — navoiyshunos va matnshunos olim. Filologiya fanlari doktori (1970), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1972). Buxoro madrasalarida tahsil ko’rgan. 30-yillarga qadar madrasa, maktab va maorif yo’nalishidagi muassasalarda xizmat qilgan. O’zbekiston Davlat nashriyoti (1931 — 36) va O’quv-pedagogika nashriyoti (1936-40) da muharrir, o’z fan nashriyotida muharrir (1941-45), til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1945-72). «Adabiyotdan ish kitobi», «adabiyot darsligi», «O’zbek tili darsligi», «o’qish kitobi» (1 va 2-kitoblar) muallifi. Navoiyning «Muhokamat ullug’atayn», «Majolis unnafois», «Mahbub ulqulub» va boshqa asarlarining ilmiytanqidiy matnini nashrga tayyorlagan hamda shoir asarlarining 15 jildligini nashr etishda faol qatnashgan. «Xamsa»ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, mazkur matn yuzasidan amalga oshirilgan tekstologik tadqiqotlarini doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya etgan. Shamsiyev, bundan tashqari, Xondamirning «Makorim ulaxloq» asarini fors tilidan o’zbek tiliga tarjima qilgan, Boburning «Boburnoma» (S.Mirzayev bilan hamkorlikda) asarining ilmiy nashrini yaratgan, 5 kitobdan iborat «O’zbek adabiyoti» majmuasini tuzish, tahrir etish va izohlar yozishda ishtirok etgan. Shamsiyev Britaniya muzeyida saqlanayotgan va Abdujamilga nisbat berilgan «Tuhfat ulsalotin» asari mikrofilmini o’rganib, uning Navoiy g’azallaridan olingan va AbduJamil xattot tomonidan ko’chirilgan shohbaytlar ekanini va mavzu bo’yicha 45 faslga bo’linganini aniklagan. Shamsiyev G’afur G’ulomning 4 jildli «tanlangan asarlar»i va 2 jildli «adabiy-tanqidiy maqolalar» ini ham nashrga tayyorlagan. Shamsiyev shuningdek, S.Ibrohimov bilan hamkorlikda «O’zbek klassik adabiyoti lug’ati» (1953) va «Navoiy asarlarining lug’ati» (1972)ni tuzgan. Toshkent ko’chalaridan biriga Shamsiyev nomi berilgan. As: O’zbek matnshunosligiga oid tadqiqotlar, T., 1986.