Sharqshunoslik instituti
Sharqshunoslik instituti, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti — O’rta Osiyo va xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, fani tarixi, Sharq mamlakatlari rivojining zamonaviy muammolari, mustaqil O’zbekiston bilan bu mamlakatlarning ko’p qirrali aloqalarini o’rganadigan yirik ilmiy tekshirish muassasasi. Toshkent shahrida joylashgan. 1943 yil O’zbekiston Davlat xalq kutubxonasining Sharq bo’limi asosida tashkil topgan va 1950 yilgacha Sharq qo’lyozmalarini o’rganish instituti deb atalgan. 1950 yilda esa institutda olib borilayotgan ilmiy sohalar qamrovini hisobgaolib, Sharqshunoslik instituti deb nomlangan. 1957 yil unga Abu Rayhon Beruniy nomi berilgan. Institutda urush davrida V.I. Belyaev, E.E. Bertels, N.V. Dyakonova, A.N. Kononov, N.D. Mikluxomaklay, I.P. Petrushevskiy, O.I. Smirnova, keyinchalik esa I.Abdullaev, S. Azimjonova, A.K. Arends, B. Axmedov P.G. Bulgakov, A. Irisov, U. I. Karimov, S. Mirzaev, A. Murodov, A. Nosirov, I. Odilov, M.G. Pikulin, A. Rasulov, M.A. Sale, A.A. Semyonov, M.M. Xayrullaev, A. O’rinboev kabi yirik sharqshunoslar ishladi. Sharqshunoslik institutida 80 mingga yaqin alohida asarlarni o’ziga jamlagan 25 mingdan ortiq qo’lyozma kitoblar (9-20-asr boshlariga oid) mavjud. Toshbosma va nashr etilgan kitoblarning umumiy soni 28 ming jildni tashkil etadi. Ular o’zbek, Arab, fors, tojik, urdu, pushtu, Ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uyg’ur va boshqalar Sharq xalqlari tillarida yozilgan bo’lib, o’rta asr va undan keyingi davrlar fanining turli tarmoqlariga, ya’ni tarix, adabiyot, falsafa, huquq, Islomiy ilmlar va tasavvuf, falakiyot, kimyo, tabobat, geografiya, dorishunoslik, til, musiqa, matematika, ma’danshunoslik va boshqalar sohalarga oid. Institut fondida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Bakr Roziy, Imom al-Buxoriy, Burhoniddin Marg’inoniy, Moturidiy, Firdavsiy, Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Bedil, Xoja Ahror asarlari bilan birga O’rta Osiyo xonliklari davriga tegishli bir necha ming hujjatlar, yorliqlar, vaqfnomalar to’plangan. Institutdagi ilmiy tekshirish ishlari qo’lyozmalarni kataloglashtirish, manbashunoslik, Sharq fani va madaniyati tarixiga oid yozma manbalarni tarjima va tadqiq etish, Islomshunoslik, Sharq mamlakatlarining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvoli, ularning O’zbekiston Respublikasi bilan mavjud aloqalarini o’rganishga qaratilgan. 1952-81 yillarda institut fondidagi qo’lyozmalarning 11 jildli «Sobranie vostochnix rukopisey Akademii nauk UzSSR» («O’zbekiston Fanlar akademiyasi Sharq qo’lyozmalari to’plami») katalogi, 1998-2000 yillarda qo’lyozmalarning «Istoriya» («Tarix»), «Estestvennne nauki» («tabiiy fanlar»), «medisina» («Tabobat»), «Kratkiy katalog sufiyskix proizvedeniy 18-20 vv.»(«18-20-asrlar tasavvufiga oid asarlarning qisqa katalogi») nomli mavzu kataloglari, Abu Ali ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Abu Nasr Forobiy, Amir Xusrav Dehlaviy asarlari qo’lyozmalarining kataloglari, «katalog Xivinskiy kaziyskix dokumentov 19 — nach. 20 vv.»(«19-20-asr boshlariga mansub Xiva qozilik hujjatlari katalogi», 2001 yil), 3 jildli «Oriental Miniatures» («Sharq miniatyuralari») katalogi (2003-2004 yil) nashr etildi. 1950-51 (1-nashr), 1979-82 (2-nashr) yillarda Abu Ali ibn Sinoning «al- Qonun Fit-tibb» («Tib qonunlari») asari (5 jild, 6 kitobdan iborat, o’zbek va rus tillarida), 1957-75 ylarda Abu Rayhon Beruniyning tanlangan asarlari silsilasi (o’zbek tilida 4 jildli, rus tilida 7 jildda) chop etildi. Al-Xorazmiy va al-Farg’oniyning matematika va astronomiyaga oid asarlari tarjimalari, Ulug’bekning «Ziji Ko’ragoniy» kitobining ruscha tarjimasi (1996), islom tarixi va tasavvufga oid Imom al-Buxoriy, al-Marg’inoniy, al-Moturidiy, Naqshbandiya va Yassaviya tariqati vakillarining asarlari, Amir Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati fani tarixini yorituvchi qator tadqiqot va tarjimalar; tarix, adabiyot, geografiyaga oid bir qancha qo’lyozmalarning tanqidiy matnlari va tarjimalari, xorijiy Sharq mamlakatlarining tarixi, adabiyoti, madaniyati tarixi, O’zbekistonning bu mamlakatlar bilan bo’lgan diplomatik va madaniy aloqalari bo’yicha monografiyalar, ilmiy maqolalar to’plamlari, ilmiy-ommabop risolalar bosib chiqariladi. Institutda 7 ta bo’lim, qo’lyozmalarni ta’mirlash ustaxonasi va fotolaboratoriya bo’lib, 63 ta ilmiy xodim ishlaydi. 1991 yildan institut «Sharqshunoslik» nomli ilmiy almanax nashr etadi. 1991 yildan institut Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Turkiya, AQSh, Eron, Kuvayt, Misr, BAA, Hindiston, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarning ilmiy markazlari bilan hamkorlik qiladi. 1981 yilda institut Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo’lgan. 2000 yilda institutning qo’lyozmalar fondi dunyodagi eng boy qo’lyozmalar majmuasi sifatida YUNESKO ro’yxatiga kiritilgan. Ad.: O’rinboev A., Ahmedov A., Man- nonov B., Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, T., 1993; Munirov Q., Bebaho xazina, T., 2002.