Shavkat Rahmon
Shavkat Rahmon (asl ism-sharifi Rahmonov Shavkat) (1950.12.9, Ush, Qirg’iziston — 1996.2.10, Toshkent) — shoir. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1996). Moskvadagi adabiyot intini tugatgan (1975). Qurilish, zavod va viloyat bosmaxonasida ishchi (1966-68), viloyat gazetasi tahririyatida Musahhih va adabiy xodim (1968-75). G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir va bo’lim mudiri (1975-82; 1985-90), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul xodim (198284). Dastlabki she’riy to’plami — «rangin lahzalar»(1978). «Yurak qirralari» (1981), «ochiq kunlar» (1983), «Gullayotgan tosh» (1984), «uyg’oq tog’lar» (1986), «Hulvo» (1988) singari she’riy kitoblari e’lon qilingan. Shavkat Rahmon so’zning badiiy imkoniyatlarini kengaytirish, fikr va tuyg’uning botiniy harakatini ifodalash usul va vositalarini topish maqsadida kutilmagan majoziy obrazlardan, qiyoslardan samarali foydalangan, barmoq vaznining an’anaviy o’lchovlarini buzib, ritm va ohangga erkin munosabatda bo’lgan, she’riyat bilan tasviriy san’at, she’riyat bilan falsafa o’rtasidagi aloqani yanada mustahkamlagan. O’zbek she’riyatini 20-asr ispan shoirlarining badiiy tajribasi bilan boyitgan. F.G.Lorka («Saylanma», 1979), X.R.Ximenas, R.Alberti she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Ad.: Saylanma, T., 1997.