Shaxs daxlsizligi

Shaxs daxlsizligi (O’zbekiston Respublikasida) har bir kimsaning tug’ilganidan boshlab tan olinadigan uzviy huquqi. Shaxs daxlsizligi jismoniy, axloqiy va ma’naviy jihatlarga ega. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga va boshqalar bir qator xalqaro huquqiy hujjatlarga binoan, Shaxs daxlsizligi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-bo’limida batafsil ifodalangan va qonunlar bilan barchaga teng ravishda kafolatlangan. Shaxs daxlsizligini hamma shaxslarga, shu jumladan, ajnabiy mamlakatlardagi O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan ta’minlash davlat zimmasidadir. Biror huquq va erkinlikdan sud qarorisiz mahrum etishga yoxud ularni cheklashga hech kim haqli emas. Hech bir shaxs qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, qamoqda saqlanishi, ozodlikdan mahrum qilinishi, qiynoqqa solinishi, jismoniy yoki ruhiy zo’ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadrqimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Shaxsda uning roziligisiz tibbiy yoki boshqacha tajribalar o’tkazish qat’iyan taqiqlanadi. Shaxs daxlsizligiga tajovuz qilish — insonning ozodligi, sha’ni, qadrqimmati, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyat hisoblanadi (JK, 135-149-moddalar).