Shaxsiy — nomulkiy huquqlar

Shaxsiy — nomulkiy huquqlar — shaxsdan ajratib, begonalashtirib bo’lmaydigan, mulkiy xarakterda bo’lmagan huquqlar. Odatda, Shaxsiy — nomulkiy huquqlarni fuqarolik huquqining boshqa ob’yektlari singari tovarlarning umumiy ekvivalenti hisoblangan pulga (muayyan summadagi pulga) almashtirib, tenglashtirib bo’lmaydi. Shaxsiy — nomulkiy huquqlarga shaxsning hayoti va sog’lig’i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga, tasvirga bo’lgan huquqi, mualliflik huquqi kabilar kiradi. O’zbekiston Respublikasining FKga ko’ra, Shaxsiy — nomulkiy huquqlar yoki qonunga muvofiq fuqaroga tegishli bo’lgan boshqa nomoddiy ne’matlar tortib olinmaydi va o’zga usul bilan boshqa shaxsga berilmaydi. Vafot etgan kishiga tegishli bo’lgan Shaxsiy — nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda boshqa shaxslar, shu jumladan, huquq egasining vorislari tomonidan amalga oshirilishi va himoya etilishi mumkin (98-modda). Amaldagi qonunchilikka ko’ra, fuqaro yoki tashkilot sha’niga dog’ tushiradigan va qadr-qimmatini, ishchanlik obro’sini pastga uradigan ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to’g’ri kelishini isbot qila olmasa, sud orqali raddiya talab qilishga haqlidir. Qonun shaxsiy huquqlarni himoya qilishda shaxsning jamiyatda o’z mehnati bilan tutgan o’rni, topgan obro’sini nazarda tutadi. Fuqarolik qonunchiligida bunday qoidalarning bo’lishi shaxslarning huquqlari yana ham kengroq himoya qilinishiga alohida e’tibor berilganligini bildiradi. Fuqaroning sha’ni, qadrqimmati yoki ishchanlik obro’siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar qaysi ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo’lsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi. Basharti, sudning hal qiluv qarori bajarilmasa, sud qoidabuzarga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan jarima solishga haqlidir. O’zining sha’ni, qadrqimmati yoki ishchanlik obro’siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va ma’naviy ziyonning o’rnini qoplashni talab qilishga haqlidir. Mirodil Baratov.