Shaxsning huquqiy holati

Shaxsning huquqiy holati (O’zbekiston Respublikasida) — shaxsning jamiyat, davlat va boshqalar shaxslar bilan bo’ladigan o’zaro munosabatlardagi real ahvolini ko’rsatuvchi holati. U shaxsning yuridik jihatdan mustahkamlab qo’yilgan va jamiyatda tutgan o’rnini belgilaydigan huquqlari, erkinliklari, majburiyatlari yig’indisidir. Shaxsning huquqiy holati Konstitutsiya va unga muvofiq chiqarilgan boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-bo’limi inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag’ishlangan. O’zbekistonda Shaxsning huquqiy holati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasiga to’la mos keladi. Shaxsning huquqiy holatini o’rnatuvchi huquqiy normalar: huquqiy layoqat, asosiy huquq va majburiyatlar; qonuniy manfaatlar; fuqarolik; yuridik javobgarlik; huquqiy tamoyillar; umumiy xarakterdagi huquqiy munosabatlarni o’z ichiga oladi. Shaxsning huquqiy holati asosini Konstitutsiyaviy huquq va majburiyatlar tashkil etadi. Shaxsning huquqiy holati quyidagi turlarga ajratiladi: fuqaroning umumiy yoki konstitutsiyaviy huquqiy holati; shaxsning maxsus huquqiy holati, fuqarolarning alohida kategoriyalari huquqiy holati; jismoniy va yuridik shaxslar huquqiy holati; chet el fuqarolari, fuqaroligi bo’lmagan shaxslar yoki ikki fuqarolikka ega shaxslar hamda qochqinlarning huquqiy holati; xorijiy mamlakatlarda yashayotgan O’zbekiston fuqarolari huquqiy holati; tarmoqqa oid, ya’ni fuqarolik-huquqiy, ma’muriy-huquqiy Shaxsning huquqiy holati; kasbi va mansabiga bog’liq holda (vazir, deputat va shahrik.larning) shaxslarning huquqiy holati; alohida sharoitlarda, alohida hududlarda (Orol bo’yi, baland tog’sharoitida, zararli ob’yektlarda) ishlayotgan shaxslarning huquqiy holati. Shaxsning umumiy huquqiy holati — bu insonning muayyan davlat fuqarosi va jamiyatning a’zosi sifatidagi huquqiy holatidir. Umumiy huquqiy holat konstitutsiya bilan belgilanadi va barcha uchun bir xil va yagona hisoblanib, u nisbatan barqaror va umumiy shaklda amal qiladi. Shaxsning umumiy huquqiy holatining mazmuni asosini Konstitutsiyada hammaga va har bir kishiga berilgan va kafolatlangan huquq va majburiyatlar tashkil etadi. Shaxsning umumiy huquqiy holati huquqiy holatning boshqa turlari uchun asos va poydevor bo’lib xizmat qiladi. Shaxsning maxsus huquqiy holati — fuqarolarning alohida kategoriyalari (qatlamlari) huquqiy holati xususiyat- larini o’zida ifodalaydi (talabalar, harbiylar, nafaqaxo’rlar, o’qituvchilar, nogironlar, urush qatnashchilari va shahrik.). Maxsus huquqiy holat egalari umumiy konstitutsiyaviy huquqiy holatga asoslangan holda, qo’shimcha huquq va majburiyatlarga, imtiyoz va xususiyatlarga ega bo’ladi. Shaxsning individual huquqiy holati — alohida bir shaxsning mavjud jihatlari (yoshi, jinsi, oilaviy ahvoli, xizmat vazifasi va shahrik.)ni belgilaydi va u har bir shaxsga tegishli bo’lgan aniq huquq va majburiyatlardan iboratdir. Individual huquqiy holat inson hayotida ro’y beradigan o’zgarishlarga bog’liq holda o’zgarib turadi. Umumiy, maxsus va individual huquqiy holatlar o’zaro bog’liq. Umumiy huquqiy holat hammada bir xil; maxsus huquqiy holatlar bir qancha bo’ladi, shuningdek, fuqaro qancha bo’lsa shuncha individual huquqiy holat mavjuddir. Shaxsning huquqiy holatining barcha turlari umumiy huquqiy holatga zid kelmasligi kerak. Mavluda Ahmadshoyeva.