Shemaxa

Shemaxa (ozarbayjoncha Shamaxi, Arabcha Ash-Shamahiya) — Ozarbayjon Respublikasidagi shahar. Katta Kavkazning Janubiy Sharqiy etagida, Bokudan 122 kilometr g’arbda, Kyurdamir temir yo’l stantsiyasidan 72 kilometr shimoli Sharqda joylashgan. Respublikaning vinochilik va gilamchilik markazi. Aholisi 24 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Shemaxa — Ozarbayjonning eng qadimiy shaharlaridan. Arxeologik qazishmalar natijasida shaharning shim.g’arbiy qismida miloddan avvalgi 5-4-asrlarga oid manzilgoh topildi. Ptolemey ( 2-asr) Shemaxani Shemaxiya deb tilga olgan. 9— 16-asrlarda shahar Shirvon mulkining poytaxti va Shirvonshohlar qarorgohi. Shemaxa shirvonapsheron me’morligi, shuningdek, amaliy san’at (gilam to’qish, o’ymakorlik, misgarlik va boshqalar) va miniatyura markazlaridan bo’lgan. Shahar karvon yo’llarining chorrahasida joylashgan, shu bois yaqin Sharqda yirik savdo-hunarmandchilik markaziga aylangan, xalqaro ipak savdosida muhim o’rin tutgan. Shemaxada Ozarbayjon, Eron, Arab, o’rtaosiyolik, rus, hind va g’arbiy yevropalik savdogarlar savdo-sotiq qilganlar. Shaharda ularning faktoriyalari bo’lgan. Ko’plab ipak va ip gazlama ishlab chiqarish va gilam to’qish ustaxonalari ishlab turgan. 1222 yilda Shemaxani mo’g’ullar uzoq vaqt qamal qilib egallagach, vayron qilgan. Shemaxada A.Jenkinson (1562, 1565) bo’lgan. 18-asr o’rtasidan Shemaxa Shemaxa xonligi poytaxti. 1805 yil Rossiya qo’shinlari egallagan. 1991 yildan mustaqil Ozarbayjon tarkibida. Shemaxada Ozarbayjon madaniyatining mashhur arboblari (olimlar, shoirlar, me’morlar)dan Xoqoniy Shirvoniy (12- asr), Zayniddin Shirvoniy (13-asr), Imodiddin Nasimiy (14-asr oxiri — 15-asr boshi), nishot Shirvoniy (18- asr), Hoji Zaynalobiddin Shirvoniy (18-asr), Said Azim Shirvoniy (19-asr), M.A.Sobir (19-asr oxiri — 20-asr boshi) va boshqalar yashab ijod qilganlar. Me’moriy yodgorliklardan Jome’ masjid (10-asr), Shirvonshohlar saroyi (12-asr), karvonsaroylar (17-asr) ning ayrim qismlarigina, «yetti gumbaz» maqbarasi xarobalari saqlanib qolgan. Shemaxa 1820 yilda qayta tiklangan. Shemaxadan 22 kilometr shimoli g’arbda 1435 metr balandlikda astrofizika rasadxonasi joylashgan. Shemaxa yaqinida mashhur o’rta asr qal’alari Guliston va Qal’aibugurd bor. Ad.: Azerbaydjan (Istoricheskie i dostoprimechatelnie mesta), Baku, 1960.