Sherg’ozixon
Sherg’ozixon (?, Buxoro 1727 yil dekabr, Xiva) — Xiva xoni (1715-27). Jonto’raxonning o’g’li. Madrasada tahsil olgan. 1715 yil Yodgorxon vafotidan so’ng, Buxorodan keltirilib Xiva taxtiga o’tqazilgan. Sherg’ozixonga qarshi Orol bo’yida yashovchi qoraqalpoqlar Ishimxon boshchiligida isyon ko’tarishgan. Sherg’ozixon ular ustiga qo’shin tortib katta o’ljalar, ko’plab asirlar bilan qaytgan. 1715 yil Sherg’ozixon Xurosonga yurish qilib Mashhadni egallagan, Nishopurni qamal qilib egallay olmagan (1716). Sherg’ozixon davrida Pyotr I tomonidan yuborilgan Bekovich-Cherkasskiy josuslik ekspeditsiyasi qirib tashlangan (1717). Rossiya Xiva xonligini o’z ta’sir doirasiga kirita olmagach, har ikki davlat o’rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Vaziyatni yumshatish uchun 1720 yil Xiva elchilari Rossiyaga jo’natilgan, lekin elchilik a’zolari qamoqqa olingan, ulardan atigi bir kishigina Xivaga qaytishga muvaffaq bo’lgan. Rossiya hukumati Xiva xonligi orqali O’rta Osiyoga kirib kelish fikridan voz kechmagan, bu paytda Rossiyada Buxoro xonligining Qulibek boshchiligidagi elchilari bor edi. Rossiya hukumati F. Beneveniii ularga qo’shib Buxoroga jo’natgan va Buxoro xonligini Xivaga qarshi gijgijlagan. Qalmiqlar xoni Ayuqaning Sherg’ozixonga yuborgan ma’lumotiga ko’ra (1723 yil may), rus qo’shinlari Saratovda to’planib, 1724 yil bahorida Xivaga yurishga tayyorgarlik ko’rishgan. Sherg’ozixon Orol bo’yidagi isyonkor qabilalar ruslarni Xivaga boshlab kelishidan va o’rniga Buxorodan keltirilgan (1721) Temur Sulton (Shoh Temur)ni xon qilib ko’tarishlaridan xavotirda edi. Temur Sulton xonlikdagi vazir, Gurlan, Shohobod, Bag’lon, Uygur, Yangi Urganch, Xonqa va Xazoraspni olgan bo’lsada, butun xonlikni egallay olmagan. Xonlikdagi ichki urushlar Sherg’ozixon vafotiga qadar davom etgan. Sherg’ozixon Xivadagi madrasa (Sherg’ozixon madrasasi) qurilish chog’ida mashhadlik g’ulomlar tomonidan o’ldirilgan. Munianing yozishicha, Sherg’ozixon Odil, ma’rifatparvar hukmdor bo’lib, ko’p vaqtini ilm ahli bilan suhbatda o’tkazgan. Uning davrida ilm-fan va she’riyat rivojlangan. Sa’dulla Otamurodov.