Shimoliy Alichur tizmasi
Shimoliy Alichur tizmasi, Bozordara tizmasi — Pomirdagi tog’ tizmasi. Tojikiston Respublikasi tog’li Badaxshon Muxtor viloyatida. G’arbiy Pomirdagi Rushon tizmasining Sharqiy davomi, asosan, kenglik bo’ylab cho’zilgan. Uzunligi 130 kilometrdan ziyod. Shimoldan Murg’ob daryosi oqadi. Yashil-ko’l ko’li bor. O’rtacha balandligi 4500-5000 metr. Eng baland joyi uning shimoliy g’arbiy qismida (Sarel cho’qqisi — 5981 metr), suvayirg’ich qismi qoyali, balandligi 5500 metrdan ziyod cho’qqnlar ko’tarilgan. Murg’ob va Alichur Daryo vodiylarini bog’lovchi bir qancha dovonlar: Marjonoy, Oqjilg’a, Sharqiy Bozordara, Oqarxar, Boztere va boshqalar mavjud. Yon bag’irlari tik, qoyali. Shimoliy yon bag’ri Murg’ob daryosining irmoqlari (Sho’rbuloqsoy, Qorasuv, Boztere, Oqarxar, Bozordara va boshqalar), Janubiy yon bag’ri esa Alichur daryosining o’ng irmoqlari (Quloqkesti, Chalakkesti, Baxmaljilg’a, Marjonoy va boshqalar) bilan chuqur kesilgan. Shimoliy Alichur tizmasi, asosan, granitoid, gilli slanes, qumtosh, ohaktoshlardan tashkil topgan. Shimoliy yon bag’rida muzlik ko’p, ularning umumiy maydoni 316 km2. Shimoliy Alichur tizmasida, asosan, qoyali va qurum toshli tog’ landshaftlari tarqalgan. Yon bag’irlarining quyi qismida siyrak baland tog’cho’l o’simliklari o’sadi.