Shirinak
Shirinak — qovun-tarvuzning eng shirin namunalarini tanlash va baholash maqsadida o’tkaziladigan an’anaviy musobaqa, bahslashuv. Qadimdan kuz boshida, qovun-tarvuz g’arq pishgan davrda bozorlarda, qovun sayillarida o’tkazib kelingan. Shirinakda Mirishkor Qovunchi dehqonlar o’zlari yetishtirgan hosilning eng sarasini namoyish qilganlar. 20-asrning 70-80-yillarida O’zbekiston xalq xo’jaligi yutuqlari ko’rgazmasida (Toshkent shahrida) Shirinak polizchi dehqonlarning maxsus ko’riktanlovi — qovun sayli shaklida har yili 1 sentyabrda o’tkazilgan. Shirinakda musobaqalashuvchi tomonlarning o’zlari qovuntarvuzning eng sarasi va shirin deb bilgan namunaparini tanlaydilar. Tanlangan qovuntarvuzlar so’yilib, shirin va sara deb topilgan namunalar chashnachilar tomonidan e’lon qilinadi. Kimniki shirin chiqsa, shu tomon g’olib deb topiladi. Tanlovda hay’at tuzilib, u qovun-tarvuzning tashqi ko’rinishi, sifati, shirinligi, eti tarkibidagi qand moddasi miqdori, hosildorligi, tashishga, saqtashga chidami va boshqalarga baho beradi hamda g’oliblarni e’lon qiladi, sovrinlarni topshiradi. G’olib topilgan nav urug’lari ekish uchun tavsiya etiladi. Shirinak hozir ham shaharlar va tumanlarda qovun bozorlarida, qovun sayillari, hosil bayramlarida uyushtiriladi, qovun ishqibozlari, havaskor polizchi dehqonlar o’rtasida o’tkazib turiladi.