Shiypon
Shiypon — 1) atrofi ochiq, poydevori nisbatan baland yozlik yengil qurilma. Katta hovli, bog’, chorbog’lar ichida quriladi; 2) dalada ishlayotganlarning dam olishi va ovqatlanishi uchun maxsus qurilgan yozlik bino; dala Shiyponi ekinzorlar (ayniqsa, qovun polizlari), uzumzorlarda bunyod etiladigan chayla, kapa va boshqalar o’rniga 20-asr o’rtalaridan qurila boshlandi. Shiypon atrofi ko’kalamzorlashtiriladi. Dala mehnatkashlarining dam olishlari, ularning orasida madaniy-ma’rifiy, ommaviy ishlar olib borishda qulayliklar tug’diradi. Dala Shiyponi aksari 1 xona va ayvondan iborat bo’lib, keyinchalik 2-3 xona va bir yoki bir necha ayvonli qilib qurila boshlandi. Xalq me’morligi an’analarida ganch, yog’och o’ymakorligi bilan bezatilgan Shiyponlar ham bunyod etildi.