Shoh Valiulloh Ahmad Abdurahim
Shoh Valiulloh Ahmad Abdurahim (1703-62) — Islom ilohiyotining yirik namoyandasi, 18-asrda Hindiston musulmonlari o’rtasida boshlangan diniy islohotchilik harakatining asoschisi. Ruhoniyning o’g’li. Diniy maktabni tamomlab, otasi asos solgan «Madrasai Rahimiya»da falsafa, ilohiyot va mantiqdan dars bergan. Hindistonda Boburiylar saltanati inqirozga uchragan davrda uning ta’limoti saltanat shuhratini tiklashga qaratildi. Shoh Valiulloh zodagonlar va ulamolar doirasidan tashqari, keng musulmonlar o’rtasida ham ilm va ma’rifatni, axloqiy tarbiyani kuchaytirish, ilmsizlik va jaholatga qarshi kurash tarafdori bo’lib maydonga chiqqan. Shoh Valiullohning falsafa va ilohiyotga doir 50 dan ortiq asari bor.