Shomurotova Oyimxon
Shomurotova Oyimxon (1917.10.6, Qo’ng’irot tumani — 1999.29.5, Nukus) — qoraqalpoq aktrisasi, xonanda, qoraqalpoq vokal san’atining yirik namoyandalaridan (messosoprano). O’zbekiston (1944) va Qoraqalpog’iston (1944) xalq artisti. Moskva konservatoriyasida malaka oshirgan (1939). 2-jahon urushi yillari kontsert truppalari bilan frontlarda xizmat qilgan. Qoraqalpoq davlat musiqali drama va komediya teatrining etakchi aktrisasi (1934-39, 1949-51 va yana 1955 yildan), Berdaq nomidagi Qoraqalpoq filarmoniyasi va radiosida xonanda (1939-49, 1951-55). «Bo’z Atau», «dem-bermes», «Aruxan», «qiz minayim» kabi qoraqalpoq xalq qo’shiqlari bilan dastlabki muvaffaqiyatlarga erishgan. «Bog’dagul» spektaklidagi Bog’dagul, «Gulsara»dagi Oysara aktrisaning sahnadagi ilk obrazlaridir. Keyinchalik milliy va tarjima asarlar asosida sahnalashtirilgan drama, musiqali drama va komediyalarda salmoqli, aktrisa ijodi va milliy teatr tarixini bezaydigan badiiy barkamol obrazlar yaratdi: Halima (G’. Zafariy, «Halima»), Arzixon, Oypara (M.Dariboev, «yangi odamlar», «Ko’klen Botir»), Raushan (J. Oymurzaev, «Raushan»), Shohsanam (T.Ollanazarov, «G’arib Oshiq»), Anna Ivanovna (A.Ostrovskiy, «kambag’allik ayb emas»), sanam (T.Bayandiev, «Qoraqalpoq qizi»), Parshagul (S.Xo’janiyozov, «Suymaganga suykanma»), Gulchehra (U. Hojibekov, «Arshin mol olon»), Barchin («Alpomish») va boshqalar Ijodining so’nggi yillarida u ko’proq onalar timsolini yaratdi. «Qirq qiz» (A.Shomurotov, I.Yusupov) dagi Oqsuluv ona, «Taluas» (S.Xo’janiyozov)dagi Oybika, «Oygulobod» (J.Oymurzaev)dagi Damegul, «Momo yer» (Ch.Aytmatov) dagi To’lg’anoy va boshqalar shular jumlasidan. Shomurotova qahramonlari orqali qoraqalpoq ayollarining milliy xarakteri, taqdirini, ularning ma’naviy go’zalliklarini tarannum etdi. U jarangdor va yoqimli ovozi bilan xonanda sifatida ham tanildi. Shomurotova ijro qilgan qo’shiqlar Respublika radiosining oltin fondidan o’rin olgan. Vafotidan so’ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2004). Teshaboy Bayandiyev.