Shortgorn qoramol zoti
Shortgorn qoramol zoti (inglizcha — kalta shoxli) — go’sht va sut-go’sht uchun boqiladigan zot. 18-asrda Buyuk Britaniyada chiqarilgan. Shortgorn qoramol zotining birinchi naslchilik kitobi 1822 yilda chop etilgan. Shortgorn qoramol zoti ko’pgina Yevropa mamlakatlarida, shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya, Yangi Zelandiyada tarqalgan. 19-asrda Rossiyaga keltirilgan. Go’shti uchun boqiladigan mollarning tana tuzilishi ixcham, gavdasi keng, baland, boshi kichikroq, oyoqlari kalta va baquvvat, bo’yni kalta. Shortgorn qoramol zotining tusi, asosan, qizil, oq, qizilola, chavkar va boshqalar tuslilari ham uchraydi. Go’sht yo’nalishidagi sigirlar vazni 600-650 kilogramm, buqalariniki 900-1000 kilogramm, ayrimlariniki 1300 kilogramm. So’yim chiqimi 65— 72%. Sigirlarning sutdorligi (buzoq emadigan sut miqdori) 1800-2000 kilogramm. Sut-go’sht yo’nalishidagi sigirlarning sut sog’imi 4000-4500 kilogramm, yog’liligi 3,7—3,9%. Shortgorn qoramol zoti O’zbekistonga sof holida keltirilmagan, lekin uni chatishtirish natijasida yaratilgan santagertruda qoramol zoti 1967 yilda olib kelinib, Jizzax viloyatining «Baxmal» xo’jaligida naslchilik fermasi tashkil etilgan.