Sho’rxoklar

Sho’rxoklar — yuqori qatlamida 1% dan ko’proq suvda oson eriydigan tuzlar (xlorid, sulfat, karbonat va boshqalar) ko’p bo’lgan tuproq tiplari guruhi. Sho’rxoklar Markaziy Afrika, Osiyo, Avstraliya, Shim. Amerika, Kaspiybo’yi pasttekisliklari, shimoliy Qrim va O’rta Osiyo cho’l zonasida va och tusli bo’z tuproqlar mintaqasida tarqalgan. Dasht, cho’l, chala cho’llarning terlaydigan suv rejimi va quruq iqlim sharoitida minerallashgan grunt suvlarining bug’lanishi va tuproqlarning sho’rlanishi natijasida shakllanadi. Sho’rxoklarda tibiiy holda faqat galofitlar (sho’rsevar o’simliklar) o’sadi. Sho’rxoklar 2 tipga ajratiladi: avtomorf Sho’rxoklar — yuqori gorizontda tarkibida (0,5— 1%) engil eriydigan tuzlar (xloridlar, sulfatlar) bo’lgan sho’rlangan ona jinsning yuqoriga chiqishi va gidromorf Sho’rxoklar — tuproqgrunt suvlari tarkibidagi (6-8% va undan yuqori) tuzlarning suv bilan birga kapillyarlar orqali yuqoriga ko’tarilib, to’planishi. Oson eruvchi tuzlar tarkibiga ko’ra, Sho’rxoklarning xloridli, sulfatxloridli, xloridsulfatli, sulfatli, sodasulfatli, sulfatsodali va sodali, kationlar tarkibiga bog’liq holda natriyli, magniynatriyli, kaltsiynatriyli, magniyli va kaltsiyli xillari farqlanadi. Birlamchi va ikkilamchi sho’rlangan Sho’rxoklar farqlanadi. Birlamchi sho’rlangan Sho’rxoklar tabiiy bo’lib, dengiz, ko’l qirg’oqlari, Daryo vohalari va quyilish joylari, shuningdek, sho’rlangan jinslar chiqib qolgan yerlarda rivojlanadi, ikkilamchi sho’rlangan Sho’rxoklar esa noto’g’ri sug’orish natijasida paydo bo’ladi. Sho’rxoklarni o’zlashtirishda grunt suvlar sathi drenajlar yordamida pasaytiriladi va tuproqdagi tuzlar yuviladi. Sho’rxoklarni o’zlashtirishda dastlabki yillari sholi (tuproqning 1 — 1,5 metr chuqurlikdagi qavatini sho’rsizlantiradi), keyin sabzavot, donli ekinlar, g’o’za, emxashak ekinlari va boshqalar ekiladi, qo’y-echki va tuyalar boqish uchun yaylov sifatida foydalaniladi. Ad.: Rabochev I. S., Meliorasiya zasolennnx pochv srednego techeniya Amudari, Ashxabad, 1964; Pankov M.A., Meliorativnoe pochvovedeniya, T., 1974. Xushvaqt Namozov.