Shtat

Shtat (inglizcha davlat) — 1) ayrim mamlakatlar (AQSh, Braziliya, Venesuela, Meksika, Nigeriya va boshqalar) da federatsiya sub’yektlarining nomi. Shtatning huquqiy holati, uning hokimiyat organlari vakolatlari doirasi, markaziy hukumat bilan o’zaro munosabatlari federal Konstitutsiya bilan belgilanadi. Ayrim mamlakatlar (AQSh, Meksika)da Shtatlarning o’z Konstitutsiyasi bor. Shtatga saylanadigan yoki tayinlanadigan gubernator rahbarlik qiladi, uning vakolatlari ba’zi jihatdan davlat boshlig’ining vakolatiga o’xshab ketadi. Shtatda qonun chiqaruvchi organ, odatda, ikki palatali bo’ladi. Shtat o’z sud tizimiga va qoidaga ko’ra, o’z jinoyat hamda fuqarolik qonunchiligiga ega bo’ladi. Shtat suveren davlat hisoblanmaydi; 2) muassasa, korxona ishchi-xizmatchilarining tarkibi.