SIYOSIY ONG
SIYOSIY ONG — siyosiy borliqning sub‘yektiv in‘ikosidir. U jamiyatning alohida mustaqil — siyosiy sohasini aks ettiradi. Kishilar o’z faoliyatida mavjud siyosiy voqelikni shunchaki ko’rish bilan-qanoatlanib qolmaydilar. Kishilarning ana shu — siyosiy borliq, haqidagi bilimlari, qarashlari, tasavvurlari ularning siyosiy ongini tashkil etadi. Siyosiy ong — kishilarning siyosiy bilimlari, tasavvurlari, maslaklari, e‘tiqodlari, va o’zlari yashab turgan siyosiy tuzumni baholashlarining yig’indisidan iboratdir. Siyosiy ong tashqi ta‘sirga munosabatiga qarab ochiq va yopiq ong; ko’zlangan maqsadning ro’yobga chiqish ehtimollik darajasiga ko’ra real va hayoliy; mavjud siyosiy tartibotga bo’lgan munosabatiga qarab hukmron va muxolif ongga ajraladi. U ko’zlangan maqsadga erishish usuliga ko’ra islohotchi va inqilobiy; mazmuniga qarab faol va sust ong bo’lishi ham mumkin. Siyosiy ong quyidagi funksiyalarni bajaradi: 1. Bilish — axborot berish. Kishilar ertami yoki kechmi, xohlaydimi yoki yo’qmi, ammo qat‘iy ravishda siyosat dunyosiga duch keladi. Ular bu soha bilan shug’ullanishni xohlamasalar-da, siyosat ular bilan, baribir, ―shug’ullanadi. U kishilarning hayotiga va taqdiriga davlat, partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari orqali ta‘sir ko’rsatadi. Siyosat kishilarga siyosiy axborot ko’rinishida ―kirib boradi. 2. Baholash. Siyosiy ong ijtimoiy — siyosiy voqelikni nafaqat biladi, izohlaydi, balki uni baholaydi. Kishilar u yoki bu siyosiy hodisalar va voqealarni anglash jarayonida, ularga o’z munosabatlarini bildiradilar, o’zlari uchun muayyan xulosalarni chiqaradilar. Aynan siyosiy voqelikni baholash asosida kishilar o’zlarining siyosiy qarashlarini, e‘tiqodlarini, pozitsiyalarini, qiziqishlarini shakllantiradilar. 3. Yo’naltirish. Siyosiy ong o’zining yo’naltiruvchilik funksiyasi orqali kishilarning siyosiy xulq-atvorini belgilaydi, sotsial siyosiy manfaatlarni himoya qilishlari uchun ijtimoiy hayotda ishtirok etishlari, siyosiy partiyalarga, jamoat tashkilotlari va boshqa siyosiy uyushmalarga o‗zlarining ham fikrlari bilan birlashishlari zarurligini anglatadi. 4. Tartibga solish. Siyosiy ong voqelikni idrok etish asosida hamda uning tomonidan ishlab chiqilgan siyosiy g’oyalar, me‘yorlar, tasavvurlar va e‘tiqodlar negizida kishilarning ijtimoiy xulq- atvorlarini tartibga soladi.