SUD
SUD (slavyancha sud — ish) — odil sudlovni amalga oshiruvchi davlat organi; muayyan davlatning qonunlariga asosan protsessual tartibda jinoiy, fuqarolik, ma‘muriy va boshqa toifadagi ishlarni ko’rib chiqadi va hal qiladi. Ayrim shaxslar o’rtasida, ular bilan davlat idoralari, korxona, muassasa, tashkilot ma‘muriyati, jamoat birlashmalari o’rtasida mulkiy va nomulkiy nizolarni, qonunbuzarliklarga doir ishlarni ko’rib chiqib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, korxona, muassasalar, tashkilot huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qiladi. Sud boshqa davlat organlaridan, jamoat birlashmalari va har qanday shaxsdan mustaqil va xolisona faoliyat yuritishi, barcha ishlarni faqat qonunga bo’ysunib ko’rib chiqishi va hal etishi lozim. Mustaqilikka erishilgandan so’ng O’zbekistonda huquqiy davlat barpo etishning tarkibiy vazifasi sifatida sud-huquq islohoti o’tkazilmoqda. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil ish yuritishi va Sud faoliyatining boshqa asosiy prinsiplari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida e‘tirof etildi (106-116 moddalar) yangi sud tizimi barpo qilindi, ―Sudlar to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasining qonuni (1993-yil 2-sentabr, yangi tahriri 2000-yil 14-dekabr) va bir qator qonunlar amalga kiritildi.